Ha, ko‘pchiligimiz, matematika sohasida Nobel mukofoti berilmasligini yaxshi bilamiz. Lekin bu matematiklarga Nobel berilmaydi degani emas. “Daryo” kolumnisti Muzaffar Qosimov shu haqda hikoya qiladi.

Alfred Nobelning sevgan qizi matematikka tegib ketgani uchun olim alam ustida matematiklarni mukofotdan mahrum qilgan degan cho‘pchak keng tarqalgan. Aslida buning zamirida haqiqat yo‘q. Nobel shunchaki vasiyatida matematiklarni tilga olmagan va buning sababi o‘zigagina ayon. Uni yaqindan bilganlarning fikricha, Nobel matematikani abstrakt fan sanagan, mukofot esa amaliy yutuqlar uchun berilishini istagan. Shu sababli Nobel mukofoti tibbiyot va fiziologiya, fizika, kimyo, adabiyot va tinchlik sohalarida beriladi. Shunga qaramay, tarixda bu nufuzli ilmiy mukofotga ega bo‘lgan bir necha professional matematik olim mavjud.

Foto: Wikipedia

Masalan, britaniyalik matematik Bertran Rassel 1950-yila adabiyot sohasidagi Nobelni qo‘lga kiritgan. Uning hamkasbi Alfred Uaytxed bilan hamkorlikda yozgan Principia Mathematica kitobi XX asr boshlarida umumiy matematikani oddiy mantiqiy xulosalar, aksioma va cheklangan sondagi asosiy tushunchalar orqali sodda bayon etishga qaratilgan edi. Asar ayniqsa 20–30-yillarda katta shov-shuv bilan qo‘lma-qo‘l bo‘lgan va Rasselning obro‘sini juda oshirib yuborgan. Keyinchalik Bertran Rassel matematikadan biroz yiroqlashgan va asosan falsafiy mulohazalarga berilgan. Shuningdek, boshidan kechirgan Ikkinchi jahon urushi dahshatlari haqida xotiralar yozib, tinchlikparvarlikni, insoniylikni targ‘ib qiluvchi asarlar bitgan. Asl kasbi matematik bo‘lgan Bertran Rassel gumanizm g‘oyalarini keng targ‘ib qilgani uchun adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga erishgan.

Foto: Wikipedia

Yana bir matematik – Yujin Vigner esa o‘ziga ancha yaqin soha – fizika bo‘yicha 1963-yilgi Nobelga sazovor bo‘lgan. Fizika va matematika chambarchas bog‘liq sohalar sanalsa-da, Vigner kasbiga ko‘ra fizik emas, aynan matematik bo‘lgan. 1902-yilda Budapeshtda tug‘ilgan bu olim asosan guruhlar nazariyasi borasida ilmiy ishlar olib borgan. Bu yo‘nalishdagi ilmiy xulosalarini simmetriya nazariyasi va kvant mexanikasiga tatbiq etgan olim fizika sohasi uchun g‘oyat muhim natijalarni olishga muvaffaq bo‘lgan. 1963-yilgi fizika bo‘yicha Nobel unga simmetriyaning fundamental tamoyillarini elementar zarralar fizikasiga tatbiq etgani uchun berilgan.

Matematika eng ko‘p qo‘llaniladigan yana bir soha iqtisodiyotdir. Shu sababli ayrim matematik olimlar iqtisodiyot sohasida Nobel xotirasi mukofotini qo‘lga kiritgani ajablanarli emas. Shundaylardan biri SSSR vakili Leonid Kantorovich bo‘lib, u 1975-yilda Nobelga sazovor bo‘lgan.

Foto: Wikipedia

Kantorovich 1912-yilda Sankt-Peterburgda tug‘ilgan. U favqulodda iste’dodli bola bo‘lgan va 14 yoshidayoq fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirib, 18 yoshida allaqachon oliy ma’lumotli, yetuk matematik mutaxassis sifatida tan olingan. Kantarovich asosan ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni maqbullashtirish, energiya, yoqilg‘i tejash va logistikani samarali yo‘lga qo‘yish borasida katta ko‘lamli ilmiy ishlar qilgan. Uning fanera ishlab chiqarish zavodi misolida ko‘rsatib bergan iqtisodiy tahlillari tufayli resurslarni optimal taqsimlash nazariyasi yuzaga kelgan. Bu nazariya ko‘plab ishlab chiqarish korxonalarida katta muvaffaqiyat bilan o‘zini oqlagan va aynan ushbu ishi uchun Kantarovichga 1975-yilgi Nobel berilgan.

Foto: Wikipedia

Nobel olgan matematiklar ichida eng taniqlisi Jon Nesh bo‘lsa kerak. Zulfiya Nazar ssenariysi asosida ishlangan, bosh rolni Rassel Krou ijro etgan “Tafakkur o‘yinlari” kinofilmi orqali uni ko‘pchilik yaxshi taniydi. Jon Nesh o‘yinlar nazariyasi bo‘yicha katta ilmiy ishlar olib borgan amerikalik matematikdir. Nesh ham Nobelini iqtisodiyot sohasida olgan. U shizofreniyaga chalingani va yosh o‘tgani sari buni yengib o‘tib, yirik ilmiy ishlar qila olgani tahsinga sazovordir. Unda Nobeldan avval allaqachon Abel mukofoti ham bo‘lgan.