So‘nggi paytlarda fuqarolarga quyidagi mazmundagi SMS-xabarlar kelmoqda: “Assalomu alaykum. Men onamni janozalariga borayotganimda yo‘lda mashinam buzilib, Qamchiq dovonida qolib ketdim. Menga sizning yordamingiz kerak. Telefonimga ozroq pul tashlab yuboring”.

Foto: IIBB matbuot xizmati

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatiga ko‘ra, odatda 25 ming so‘m, ba’zida esa kattaroq mablag‘ so‘rashadi. Yordam qo‘lini cho‘zgan insonlar keyinchalik bilishlaricha, ulardan yordam so‘ragan odam umuman notanish kimsa bo‘lgan. Oddiyroq qilib izohlaganda, bu fuqarolarni aldash yo‘llaridan biridir.

Achinarlisi shundaki, insonlarning muruvvatidan foydalangan kimsalar sababli bir marta aldanganlar keyinchalik birovga yordam qo‘lini cho‘zishdan o‘zini tiyadi.

“Hurmatli fuqarolar! Bu kabi holatlarda notanish kishiga yordam berish yoki bermaslikni o‘zingiz hal qilasiz. Ammo aldanib qolmaslik uchun baribir ehtiyotkor bo‘lishingiz zarur”, — deyiladi xabarda.