“Barcha odamlar erkin, qadr-qimmat va huquqlarda teng bo'lib tug‘iladilar”. 1948-yil 10-dekabr kuni qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining ilk moddasi aynan shu so‘zlar bilan boshlanadi. Bu hujjat qabul qilingan kun har yili inson huqulari kuni sifatida nishonlanadi. Bu yil u qabul qilinganiga 71 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov inson huquqlari tarixi haqida so‘z yuritadi.

Inson huquqlari o‘tmishda ham himoya qilingan

Lekin hozirgiday to‘laqonli emas. Asrlar o‘tishi bilan huquqlar kengayib borgan, ularni himoya qilish ham yaxshilanib borgan.

Franklin Delano Ruzveltning rafiqasi Eleanor Ruzvelt Inson huquqlari deklaratsiyasi bilan.

Foto: Conectas

Ko‘pchilik mutaxassislar insoniyat tarixidagi inson huquqlariga aloqador ilk hujjat sifatida fors podshosi Kir II miloddan avvalgi 539-yilda Bobil ustidan g‘alabasidan keyin silindrga yozdirgan hujjatni tilga oladi. Bu noyob hujjat 1879-yilda Bobildagi qazishma ishlari vaqtida topilgan. 1971-yilda BMT uni barcha rasmiy tillariga tarjima qilgan. Hujjat fanda “Kir II silindri” deyiladi. Qadimgi akkad tilida yozilgan topilma bugungi kunda Londondagi Britaniya muzeyida saqlanadi.

Antik davrda ham inson huquqlari borasida bir qator yozma yodgorliklar vujudga keldi. Jumladan, Aristotelning “Etika”si, Mark Avreliyning “O‘ylar”i, Sitseronning “Tuskulan suhbatlari” asarlari, ayrim diniy matnlar, Sofoklning badiiy asarlari inson huquqlarining antik davrdagi mazmun-mohiyatini ochib beradi.

Yevropa tarixidagi inson huquqlarini kafolatlovchi hujjatlar, mutaxassislarning fikricha, “Milan edikti”ga borib taqaladi. 313-yilda imperator Konstantin tomonidan ishlab chiqilgan ushbu hujjat nasroniylarga diniy erkinlik bergan.

Islom olamida ham inson huquqlariga e’tibor eng hassos mavzulardan biri bo‘lgan. Bu boradagi asosiy hujjatlar Qur’oni Karim va hadislardir. Jumladan, qulchilik avj olib ketgan zamonlarda islomda ilk bor qullarni ozod qilishga targ‘ib Qur’on oyatlarida aks etgan. Shuningdek, insonning eng asosiy huquqi bo‘lmish yashash huquqi ham Qur’on orqali ta’minlangan. Moida surasining 32-oyatida aytiladi:

Kimki biron jonni (o‘ldirmagan) va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa, demak, go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi va kimki unga hayot ato etsa (ya’ni o‘ldirishdan bosh tortsa yoki o‘limdan qutqarsa), demak u go‘yo barcha odamlarga hayot beribdi.

Islomda g‘ayridinlarning yashash huquqlari ham himoyalangan. Islom mamlakatlarida yashayotgan g‘ayridinlarning yashash huquqi haqida hadis:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki ahdlashgan kishini o‘ldirsa, jannat hidini hidlamaydi. Vaholanki, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi” (Buxoriy rivoyati).

Islom davlatida yashaydigan, jizya to‘laydigan g‘ayridin muahid (ahdlashgan) hisoblanadi.

Insonning yana bir muhim huquqlaridan biri ilm olishdir. Islomda bu huquq nafaqat ta’minlangan, balki vazifa qilib yuklatilgan. Bu haqda quyidagi hadis guvohlik beradi:

Ilm talab qilish har bir musulmon erkak va ayol uchun farzdir.

Islomda farz qilinishi majbur bo‘lgan amal hisoblanadi.

XIII asrda Afrikada ham inson huquqlari borasida muhim hujjat, YuNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy boyliklari ro‘yxatiga kiritilgan, insonning qonun oldida tenglik prinsiplarini ilk bor namoyon etgan Menden xartiyasi vujudga keldi. XV–XVI asrlarda Mali davlarida yirik musulmon qonunshunoslar ishlab chiqqan va keyinchalik inson huquqlari borasidagi zamonaviy deklaratsiyalarda ham foydalanilgan Tombuktu qo‘lyozmalari paydo bo‘ldi.

1215-yilda Buyuk Britaniyada qabul qilingan “Buyuk erkinlik xartiyasi” XVII asrdangina amalga kirdi va Styuartlar zulmiga qarshi asosiy hujjat sifatida ishlatila boshlandi. 1689-yilda qabul qilingan “Huquqlar deklaratsiyasi” (Bill of Rights) ingliz dunyosidagi hozirgi inson huquqlarining konseptual bazasi bo‘lib xizmat qiladi.

XVI asrda Amerika qit’asi kashf etilishi bilan ko‘plab afrikaliklarning “Yangi dunyo”ga olib kelinishi inson huquqlari himoyasi borasidagi faollikni yuzaga keltirdi. Bunda ispaniyalik mashhur yozuvchi, tarixchi va missioner Bartolomey de Las Kasas, ayrim katolik cherkovi rohiblari va papalik muhim rol o‘ynadi.

Birinchi inson huquqlari deklaratsiyasi

Tarixdagi ilk inson huquqlari deklaratsiyasi 1776-yil 12-iyunda AQShning Virjiniya shtatida qabul qilingan. Uning muallifi Jorj Masondir. Hujjatning inglizcha nomi – Bill of Rights.

Ushbu hujjatdan 1776-yilgi AQSh Mustaqillik deklaratsiyasining inson huquqlari qismida juda keng foydalanilgan. Hujjat, shuningdek, boshqa koloniyalarning inson huquqlari deklaratsiyalari, Fransiya Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining qabul qilinishida asosiy ba’za vazifasini o’tab bergan.