Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining sobiq hokimi Bahodir Po‘latov sog‘lig‘i yomonlashgani sababli Moskvada davolanib qaytgani haqida xabarlar tarqaldi. “Mayor Qodirov” Telegram kanalining yozishicha, ayni paytda u shifokorlar nazoratida, uyda davolanmoqda. “Qalampir.uz”da esa sobiq hokim hali ham Moskvada ekanligi, uning ahvoli og‘irligi aytilmoqda.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati

“Mayor Qodirov” Telegram kanali hamda “7News” nashrida ma’lum qilinishicha, Bahodir Po‘latov Ixtiyor Abdullayevga oid jinoyat ishi bo‘yicha tergovga chaqirilgan va u ushbu chaqiruvdan so‘ng qattiq betob bo‘lib qolgan. Uning tergovga jalb qilingani, borgani, guvoh yoki ayblanuvchi sifatida ishtirok etgani borasida ham rasmiy ma’lumotlar yo‘q.

Ma’lumot uchun, Bahodir Po‘latov 2018-yilning 13-iyulida Surxondaryo viloyatiga hokim etib tayinlangandi. 2019-yilning 1-aprelida esa “ishida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari sabab” bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda lavozimidan ozod etilgan.

Bahodir Po‘latov “Bolalar” guruhi solisti sifatida tanilgan. Katta siyosatda faoliyatini poytaxtning Yakkasaroy tuman prokuraturasida prokuror yordamchisi sifatida boshlagan. Keyinchalik Shayxontohur tumani prokurorligiga tayinlangan. Undan so‘ng, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida prokuror lavozimida ishlagan.