Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro bolalarni himoya qilish jamg‘armasi – YuNISEF 1946-yil 11-dekabrda, BMT Bosh Assambleyasi qarori bilan bolalarga, shu jumladan, Ikkinchi jahon urushidan aziyat chekkanlarga yordam berish maqsadida vaqtinchalik tashkilot sifatida tuzilgan edi. 1953-yildan boshlab ushbu jamg‘arma BMTda doimiy faoliyat ko‘rsatishni boshladi va faoliyat doirasini kengaytirdi. “Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov ushbu tashkilot yubileyi munosabati bilan uning faoliyatiga to‘xtaladi.

Tashkiliy tuzilma va moliya manbalari

YuNISEFning asosiy faoliyati 192 mamlakat va hududlarda amalga oshiriladi. Uning 150 dan ortiq filiali, bosh qarorgohi va boshqa vakolatxonalari, shuningdek, 34 ta milliy qo‘mita tarmog‘i bor. YuNISEF missiyasini qabul qiluvchi davlatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan dasturlarni amalga oshiradi. Yetti mintaqaviy ofis esa turli mamlakatlardagi ofislarga kerak bo‘lganda texnik yordam ko‘rsatadi.

Foto: Google Photos

YuNISEF hukumatlar va homiylar hissasi asosida ishlaydi. Hukumatlar tashkilot ehtiyojlarining uchdan ikki qismini ta’minlasa, qolgan qismini milliy qo‘mitalar orqali xususiy guruhlar va shaxslar beradi. YuNISEF daromadining taxminan 92 foizi dasturiy xizmatlarga ajratilgan. YuNISEF dasturlari bolalar salomatligi va farovonligini oshirishga qaratilgan xizmatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan. YuNISEF 1965-yilda tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga, 1989-yilda Indira Gandi mukofotiga, 2006-yilda Asturias shahzodasi mukofotiga sazovor bo‘lgan.

YuNISEF ta’minot ofisi Kopengagenda joylashgan. Vaksinalar, OIVga chalingan bolalar va onalarga antiretrovirus dorilar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, favqulodda holatlar uchun uylar qurish va oilalarni birlashtirish, o‘quv materiallari kabi muhim vositalarni tarqatishda asosiy o‘rinni egallaydi. 36 kishilik ijroiya kengashi tashkilot siyosatini belgilaydi, dasturlarni tasdiqlaydi, ma’muriy va moliyaviy rejalarni nazorat qiladi. Ijroiya kengashi BMTning iqtisodiy va ijtimoiy kengashi tomonidan uch yillik muddatga saylanadigan hukumat vakillaridan iborat bo‘ladi.

Tashkilotning vazifalari

Tashkilotning roli har bir hududda yashash sharoitlarini hisobga olgan holda tegishli mintaqaviy va milliy dasturlar yordamida bolalarning huquqlarini himoya qilish, ularning to‘liq va uyg‘un rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdan iborat.

Vazifalariga quyidagilar kiradi:

- ijtimoiy adolatni ta’minlash, har qanday bolaga, qaysi ijtimoiy guruhga mansubligidan qat’iy nazar sifatli ta’lim berish;

- arzon tibbiy yordam va ovqatlanishni ta’minlash;

- OIV bilan kasallangan bolalarga, o‘smirlarga va ayollarga tibbiy va huquqiy yordam ko‘rsatish;

- JSST, Jahon banki, Vaksinatsiya va immunizatsiya bo‘yicha global alyans (VIGA), davlat idoralari, fondlar, kasalxonalar, tadqiqot institutlari bilan birga YuNISEF missiyalarini amalga oshirish;

- BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga rioya qilish bo‘yicha xabardorlik tadbirlarini o‘tkazish;

- sog‘liqni saqlash idoralariga milliy emlash rejalarini amalga oshirishda yordam berish;

- rivojlanayotgan mamlakatlarga vaksinalar va dori-darmonlarni etkazib berishni tashkil qilish, vaksinalarni mustaqil sotib olish tartibini nazorat qilish;

- tabiiy ofatlar, harbiy harakatlar yoki boshqa holatlar natijasida bolalar to‘liq rivojlanishi uchun zarur sharoitlarga ega bo‘lmagan hududlarga gumanitar yordamlar ajratish.

YuNISEF bolalarning sog‘lom rivojlanishi, huquqlarini hurmat qilinishi va ularning salohiyatini ochib berish bo‘yicha strategik rejalarni amalga oshirish uchun ixtisoslashgan tashkilotlar va hukumatlar bilan hamkorlik qiladi.

YuNISEF nimalarga e’tibor qaratadi?

  1. Salomatlik va ovqatlanish

YuNISEF rivojlanishning dastlabki bosqichlarida bolalarning to‘liq sog‘lig‘iga hissa qo‘shadigan ko‘krak suti bilan boqishni targ‘ib qiladi. Muvozanatli ovqatlanish, yetarli tibbiy yordam haqida g‘amxo‘rlik qiladi, arzon qo‘shimcha oziq-ovqat, boyitilgan qo‘shimchalarni tarqatishda yordam beradi.

  1. Bolalarni himoya qilish

YuNISEF himoya qilishning uchta asosiy prinsipini qo‘llab-quvvatlaydi:

- ota-onalarning yoki bolalarga vasiylik qiluvchi javobgar shaxslarning g‘amxo‘rligi;

- bolaga nisbatan axloqiy me’yorlar va qadriyatlarga rioya qilish, jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish;

- yuridik va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni tartibga soluvchi qonunlar, huquqiy normalarning bajarilishi;

Bolalarni ekspluatatsiya va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan barcha dasturlar ushbu tamoyillarni hisobga oladi.

  1. Iqtisodiyot va ijtimoiy siyosat

- ijtimoiy ta’minotni takomillashtirish, kelajakda bolalarning to‘laqonli rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi qashshoqlikni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqadi;

- jins, ijtimoiy kelib chiqish, irqiy, geografik jihatdan kamsitishga qarshi kurash olib boradi;

- ijtimoiy dasturlarni etarli miqdorda davlat tomonidan moliyalashtirilishini nazorat qiladi.

  1. Ta’lim

Har bir bola bepul o‘rta ta’lim olish huquqiga ega bo‘lishi kerak. Ijtimoiy mavqeidan, jinsidan qat’iy nazar, barcha bolalar uchun ta’lim olish imkoniyatiga alohida e’tibor qaratadi. YuNISEF ta’lim standartlarini oshirishga, ta’lim dasturlariga sarmoyalarni ko‘paytirishga yordam beradi. Muvaffaqiyatli iqtisodiy rivojlanish garovi sifatida bolalarga ta’lim berish uchun rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam beradi.

  1. OIV/OITS

Yoshlarning kengroq auditoriyasini OIV profilaktikasi bo‘yicha o‘quv dasturlariga jalb qilish. Yoshlarga OIV-infektsiyasidan, ayniqsa xavf ostida bo‘lgan o‘spirinlardan himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun ma’lumotlardan bepul foydalanish, anonim maslahat, ixtiyoriy test, tibbiy xizmatlarni taqdim etadi.

  1. Bolalikning erta rivojlanishi

YuNISEF bolalarni maktabgacha va maktab davrlariga tayyorlashda yordam beradi, yordamga muhtoj guruhlarga e’tibor beradi, shuningdek davlat organlari, manfaatdor tashkilotlar ko‘magida bolalarni erta rivojlanish tamoyillarini mavjud ta’lim standartlariga singdiradi.

  1. Dalillarga asoslangan siyosatni ishlab chiqish

Vazifalarini samarali bajarish uchun YuNISEF rejalashtirish, baholash, dalillarga asoslangan siyosatni qabul qilishga yordam beradigan jarayonlarni monitoring qilishni amalga oshiradi.

  1. Favqulodda vaziyatlar

YuNISEF o‘zining mintaqaviy vakolatxonalari orqali bolalar tabiiy ofatlar yoki harbiy mojarolarga duchor bo‘lgan mamlakatlarga gumanitar yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, bu tabiiy ofatlar xavfi yuqori bo‘lgan mamlakatlarning bolalarning farovonligiga ta’sir qiluvchi nostandart, favqulodda vaziyatlarga javob berishga tayyorligini oshiradi.

Dunyo vijdoni

1965-yilda BMT dunyo va xalqlar o‘rtasidagi birodarlikni kuchaytirishdagi faol roli uchun to‘rtinchi marta tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Uni YuNISEF olgan. Ushbu mukofot fondning bolalar huquqlarini himoya qilishdagi muhim rolini e’tirof etish bo‘ldi. Dastlab “ahamiyatsiz muammolar” bilan shug‘ullanadigan YuNISEF vaqtinchalik asosda favqulodda ehtiyojlarni qondirish va urushdan keyingi Yevropadagi ko‘plab yordamga muhtoj bolalar duch kelgan inqirozli vaziyatni engish uchun tuzilgan bu tashkilot, hozirda “dunyoning vijdoni”ga aylandi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.