“Daryo” kolumnisti Sarvar usta an’anaviy ruknda o‘tgan haftada muhokama qilingan asosiy ijtimoiy masalalarga to‘xtalib o‘tadi.

Bayroq – mamlakat ramzi. O‘zi bir parcha bo‘yalgan mato, ammo u bor ekanki, bir katta mamlakat va xalqi mavjudligini his etamiz. Aniqrog‘i, shu mato shakl bo‘lsa, uning ostidagi katta bir davlat mazmundir.

Foto: O‘zA

Albatta, jahonshumul marosimlarda bayrog‘i ko‘tarilishi fuqaro ko‘nglida iftixor uyg‘otadi. Chunki uning ortida o‘z xalqi, qondoshlari turganini his etadi. Shakldan murod mazmundir. Mazmun zo‘r, ammo shakl soddaroq bo‘lsa ham ko‘rganlar “o‘-o‘” deydi. Amerika bayrog‘ini eslang. Mazmun mundayroq bo‘lsa, shaklni qancha bejamang, “o‘-o‘”, demaydi, “e-e”, deydi.

Dunyodagi eng baland bayroqlar qayerda? Tojikistonda, Turkmanistonda, Ozarbayjonda, Iordaniyada, Meksikada va o‘sha siz istehzo bilan eslaydigan Shimoliy Koreyada. Aslida-ku, mamlakatning iqtisodiyotini ko‘tarish, erkin jamiyat qurish, ilm-fanni rivojlantirish davlatning bosh vazifasi. Ammo buning imkoni topilmagach, g‘ururlanishga boshqa narsa topish kerak-ku axir. Bayroq o‘rnatamiz, eng balandga o‘rnatamiz, dushmanlarimiz alamidan kuyib o‘lsin! Ko‘rib qo‘ying, Ovro‘po-yu Amerika. Birortangizda bunaqa uzun bayroq yo‘q.

Nima bo‘ldi-yu, bu odat bizning viloyatlarga yuqdi. Shu yili mustaqillik arafasida Andijonda 850 million so‘mga 64 metrli bayroq o‘rnatilgandi.  Bu bilan andijonliklar 60 metrli bayrog‘i bor buxoroliklarga ko‘rsatib qo‘yishmoqchi bo‘lgan, chamasi. Ammo buxoroliklar ham, andijonliklar ham Toshkentning 65 metrli bayrog‘i hurmatini saqlab, undan oshirmagandi. Farg‘onaliklar shart kesib qo‘ya qoldi. Konstitutsiya bayrami arafasi Farg‘onada 67 metr balandlikdagi bayroq o‘rnatildi. O‘lchami yigirmaga o‘n! Bayroq bo‘lsa shunday bo‘lsin-da. Xo‘sh, vatandoshlar, qalaysiz endi? Eng uzuni Farg‘onada.

Hozircha farg‘onaliklar bayroqlari uzunligidan iftixor tuyapti. 30 metrli bayrog‘i bor kamtar Namangan, 35 metrli bayrog‘i bor kamsuqum Samarqand bir chetda sigaret tutatib turibdi. Ammo sigaretni bir chertib, yengini shimarib. ketmon bilan ulkan bayroqning poydevorini kavlashga tushib ketishlari mumkinmi? Mumkin. Hash-pash deguncha qurib bitkazishadiyam. 800–900 million, boringki, maydalashib o‘tiramizmi, 1 milliard so‘m nima bo‘pti? Ularning izidan boshqa viloyatlar samolarni ko‘zlab bayroq tikadi. Xo‘sh, kimniki uzunroq? O‘shanda o‘lchashamiz.

Sarvar usta