“Yandeks. Xaritalar”da O‘zbekiston shaharlarining suratlari taqdim etildi.

Foto: Yandeks matbuot xizmati

O‘zbekistonga kuz faslida panoram mobil — tomida maxsus foto uskunasi bo‘lgan mashina kelgan edi.  U Toshkent, Buxoro, Nukus, Samarqand, Xiva va Shahrisabz ko‘chalarini suratga oldi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston bo‘ylab sayohat qildi: Ustyurt platosi, Orol dengizi o‘rnidagi sahro va Amudaryo sohilidagi qadimiy aholi yashash manzillarini tasvirga oldi.

Endilikda manzaralarni “Yandeks.Xaritalar”da ko‘rish mumkin — foydalanuvchilar ushbu hududlarga virtual sayohat qilishi mumkin.

Foto: Yandeks matbuot xizmati

Panoramalar mahalliy aholiga notanish hududga sayohatni rejalashtirishda, sayyohlarga esa sayohatga yanada yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi. Suratlar yordamida transportning qiyin o‘tish joylaridagi harakatlanishni tushunish, joylarni belgilash va diqqatga sazovor joylarning qanday ko‘rinishini oldindan bilib olish mumkin. Masalan, Samarqanddagi Go‘ri-Amir maqbarasi, Buxorodagi Ark qal’asi yoki qadimiy Xivadagi karvonsaroylarni.

Foto: Yandeks matbuot xizmati

“Biz panoramalarni oktabr oyining o‘rtalaridan noyabr oyining boshlariga qadar suratga oldik: ushbu vaqtda jazirama issiq ham bo‘lmaydi, yorug‘lik ham kuzga xos, ya’ni unchalik o‘tkir emasdi. Suratga olish jarayoniga oldindan jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgan. O‘zbekiston qadimiy obidalar va betakror tabiiy landshaftlarga boydir va biz panoramalarda iloji boricha ko‘proq diqqatga sazovor joylarni qamrab olinishini xohlardik. Marshrutni tuzish va sayohatni tashkillashtirishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi yordam berishdi. Suratga olishda ko‘rsatgan yordamlari uchun ulardan minnatdormiz”, —  deydi Yandeksning O‘zbekiston bo‘yicha mintaqaviy direktori Yevgeniy Lukyanchikov.

Foto: Yandeks matbuot xizmati

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Abdulaziz Oqqulov Yandeks’ning ushbu loyihasi haqida quyidagicha fikr bildiradi:

“Yandeks.Xaritalar” — O‘zbekiston shaharlarining ko‘cha panoramalarini qo‘shgan eng yirik geografik axborot xizmatlaridan biri. Suratlarda mamlakatning diqqatga sazovor joylarini, jumladan, UNESCOning Jahon merosi ro‘yxatidagi obyektlarni ko‘rishingiz mumkin: Ichanqal’a, Shahrisabzning tarixiy markazi va boshqalar. Dunyoning istalgan burchagidan ko‘rinadigan panoramalar, O‘zbekistonga sayohat qilishni rejalashtirganlar uchun katta yordam beradi”.

Yandeks suratga olish guruhi O‘zbekistonga safari davomida deyarli 295 ming fotosurat oldi, ulardan 73 mingdan ortiq yumaloq panoramalar hosil bo‘ldi. Suratga olishning umumiy masofasi ikki ming kilometrdan oshadi. Avtomobilda harakatlanishning iloji bo‘lmagan joylarda operatorlar kamerani shtativga o‘rnatib, piyoda yurdi.

Foto: Yandeks matbuot xizmati

Shu tarzda Nukus shahridagi I.V.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi va Toshkent shahridagi yangi Tashkent City bog‘i suratga olindi.

“Yandeks.Xaritalar”da hammasi bo‘lib Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ukraina va Turkiyaning to‘rt milliondan ortiq panoramalari nashr qilingan. Bu ham shaharlar, ham tabiatning diqqatga sazovor joylari: Baykal ko‘li, Kareliya sharsharalari, Kavkaz tog‘lari, Arktika orollari va hatto sayyoraning eng baland cho‘qqisi — Everest kabi.

Panoramalarni yandex.ru/maps va “Yandeks.Xaritalar” ilovasida ko‘rish mumkin. Sayt egalari Maps APIdan foydalanib, har qanday panoramani o‘z manbalariga joylashtirishlari mumkin.