O‘zbekiston Prezidenti tomonidan imzolangan “2020-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunga asosan yakka tartibdagi tadbirkorlarni soliqqa tortishga doir ikkita muhim yangilik kiritildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, 2020-yildan boshlab tovar aylanmasi 100 million so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga (YaTT) qat’iy belgilangan soliqning o‘rniga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash tartibini tanlash huquqi berildi.

Xususan, YaTT olgan daromadlari bo‘yicha soliq organiga deklaratsiya taqdim etish yo‘li bilan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini (12 % stavkada) yoki daromad solig‘ini qat’iy belgilangan summada to‘lashni tanlashi mumkin.

Shuningdek, 2020-yildan boshlab YaTTlar uchun daromad solig‘ining qat’iy belgilangan summalari miqdori sezilarli darajada kamaymoqda.

Misol uchun, Toshkent shahrida oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlar chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi YaTTlar uchun 2019-yilda qat’iy belgilangan soliqning miqdori har oyda bir million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2020-yilda bu summa 750 ming so‘m etib belgilandi.

Ushbu faoliyat turi uchun belgilangan miqdor Nukus shahri va viloyat markazlaridagi shaharlarda — 750 ming so‘mdan 600 ming so‘mga, boshqa shaharlarda — 400 ming so‘mdan 300 ming so‘mga hamda boshqa aholi punktlarida — 300 ming so‘mdan 200 ming so‘mga pasaytirildi.

Toshkentdagi dehqon bozorlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chakana sotish uchun 2019-yilda oyiga 400 ming so‘m, gazeta, jurnallar va kitob mahsulotlarini chakana sotish uchun 500 ming so‘m, maishiy xizmatlar ko‘rsatish uchun 350 ming so‘m belgilangan miqdor 2020-yilda 250 ming so‘mga, Nukus shahri va viloyat markazlaridagi shaharlarda bu miqdor 200 ming so‘mdan 150 ming so‘mga pasaytirildi.

Boshqa faoliyat turlari bo‘yicha Toshkent shahrida oyiga 300 ming so‘mdan 225 ming so‘mga, Nukus shahri va viloyat markazlaridagi shaharlarda 200 ming so‘mdan 125 ming so‘mga pasaytirildi.

Avtomobil transportida 3 tonnagacha yuklarni tashish faoliyati 200 ming so‘mdan 150 ming so‘mga va 3 tonnadan ortiq yuklarni tashish 300 ming so‘mdan 225 ming so‘mga pasaytirildi.