“Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida televideniye, kino, san’at va madaniyat sohasi vakillari uchun “Yoshlar” va “Mening yurtim” telekanallari tomonidan tashkil etilgan “Oltin kabutar—2019” taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda “Markaziy studiya” ko‘rsatuvining boshlovchisi Sarvar Bahodirov tomonidan “Aslida eng yaxshi ko‘rsatuv nominatsiyasida g‘oliblikni “Yo‘lovchi” ko‘rsatuvi olsa ham biz xafa bo‘lmas edik. Chunki din targ‘iboti yo‘lida xizmat qilayotganlarni har qancha olqishlasak arziydi. Lekin shuni ham aytmoqchimizki, bugun “Markaziy studiya” xalq oldiga chiqib, ommani oldida qo‘rqmasdan haqiqatni gapirib kelyapti. “Xalqlar do‘stligi” saroyi sahnasidan turib, “Markaziy studiya” uchun achinmaymiz, faqat xursand bo‘lamiz. Lekin do‘stim Amirxon Umarovga achinmadim, boshqa nominantlarga ensam qotdi, to‘g‘risi, balki bu joyi ketmas efirga, balki bu sahnaga bizni boshqa taklif etishmas, lekin tashkilotchilikdagi juda katta kamchiliklarni sezib o‘tiribmiz”, mazmunidagi so‘zlari katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

Foto: Google

“Markaziy studiya” ko‘rsatuvi boshlovchilari “Daryo” muxbiri Feruz Muhammadga bergan intervyusida ushbu gap-so‘zlarga sabab bo‘lgan kamchiliklar haqida gapirib berishdi.

O‘sha kungi ‘Oltin kabutar’ dagi kelishmovlar ‘repititsiya’ jarayonida boshlandi. Biz bir necha kun oldin yig‘ildik. Ko‘pchilik intervyulari bilan taniydigan odam o‘zini rejissorligini ma’lum qildilar. O‘sha joyni o‘zida muloqat juda qo‘pol tarzda boshlandi. ‘Men rejissorman, sizlarga yordam bermoqchiman, mening aytganimni qilinglar’ mazmunida gapirdilar. ‘Nima uchun bu yerga kelganlaringizni bilasizlarmi?’, deganlarida men ‘Biz sizni hozir biroz tushunmayapmiz’ dedim. Chunki biz u odamni intervyulari bilan ko‘proq taniymiz. Shundan keyin menga qarshi bir-ikkita gaplar bo‘ldi. Keyin ba’zi hamkasblarimiz bilan kelishmovchiliklar bo‘ldi. So‘ngra Amirxonga ‘Oltin kabutar’ni tomoshabinlar qatorida tomosha qilaylik dedim. Baribir nomzodlar orasida bizning nomzod ham bor ekan. Boshlovchilik qilmay qo‘ya qolaylik, bizdan kattalar boshlovchilik qila qolsin dedik. Fiklarimiz ma’qullandi, tadbirni yoshi kattalar olib borishadigan bo‘lishdi.

Birinchi ‘repitetsiya’dagi vaziyatdan kelib chiqib, sahnadagi rejissorlik ishlariga qarshi chiqmoqchi emasdim. Jarayonni tomoshabinlar qatorida kuzatib o‘tirdik, sahnadagi rejissorlik ishlaridan yonimdagi san’at vakillari ham bir-birlariga qarab qo‘yishdi. Yilning eng yaxshilarini taqdirlayotganlarida ‘biz bularning me’zoni qanday bo‘lganini, nima uchun bular eng yaxshilari bo‘lganini’ o‘yladik. Nima asosida ular eng yaxshi deb tanlab olindi?! Boshlovchilarning monitor bilan ishlashida rejissor tomonidan kamchiliklar bo‘ldi. Sahnada tashkilotchilik deb gapirib yubordim, lekin aslida rejissor tomonidan kamchiliklarni nazarda tutgan edim.

Ko‘rganlar, kuzatganlar biladi, boshlovchilar orasida tanaffuslar, bir-birini to‘ldirib ketolmaslik hollari kuzatildi. 4000 kishilik zalga jon kirgiza olish bu boshlovchining vazifasidir. Boshlovchiga rejissor topshiriq beradi, ammo boshlovchini o‘zi ham bu vazifani bajara olish kerak. Keyin ayrim nominatsiya g‘oliblarini biz tanimadik. Bizning hamkasbimiz bo‘lsa ham tanimaslik, kuzatmaslik balki bizning aybimizdir. Lekin rostan ham ‘Eng yaxshi telejurnalist’ hamda ‘Eng yaxshi teleboshlovchi’ni men taniganim yo‘q.

To‘g‘ri, SMS orqali ularga ovoz berildi. Bu tomoni shaffof bo‘lgandir deb o‘ylayapman-u, lekin ichini bilmayman. Menda shunaqa tushuncha borki, shaxsiyatdagi kamchilikni o‘zini chetga tortib aytish kerak. Lekin uning ishiga nisbatan kamchilikni baralla aytsa bo‘ladi. Ertaga u holni takrorlamasligi uchun. Shu bilan qo‘limga mikrofon tegib qoldi va o‘sh gaplarni gapirdim. Abdulla Qahhorning bir gapi bor: ‘Qo‘rqsang gapirma, gapirsang qo‘rqma!’. Biz gapirish bosqichidan o‘tib bo‘lgan edik. Qo‘rqish-qo‘rqmaslik bosqichida turgan edik. Ikkinchisiga amal qildik. ‘Gapirsang qo‘rqma’. Nima bo‘lsa bo‘ldi, Allohga tavakkal. Keyin parda ortida muloqotlar bo‘ldi. Mana shu media sohasi ichida yurganlar bizga tosh otishdi. Eng ko‘p tosh otganlari ular bo‘ldi. Lekin tomoshabin sifatida u yerda bizni ko‘pchilik qo‘llaganini olqishlardan ham sezish mumkin.

Blogerlarning fikriga umuman qiziqqanim yo‘q. Ayrim telekanallarda ishlaydigan media sohasini ichida aylanib yurganlarning fikriga ham qiziqqanim yo‘q. Birinchi eng yaqin do‘stimdan ‘U yerda qo‘pol gapirganmidim?’ deb so‘radim. Uning fikri shunday bo‘ldi: ‘Hammasi yaxshi, ko‘nglingni xotirjam qilsang bo‘ladi. Menimcha, ochiqcha aytganing har tomonlama ma’qul’. Keyin ota-onam bilan maslahatlashaman. Boshqa mayda-chuyda gap-so‘zlar umuman qiziqtirmaydi . Gapga aralashib yursangiz, rivojlana olmaysiz. ‘Ensam qotdi’ joyini biroz qo‘pol gapirib qo‘yibsan, o‘sha joyda sal o‘zingni bilmay qolganing bilindi. Keyingi safar bu xatoni qilmagin’, deyishdi. Keyin bu xatoyimni tan oldim. Lekin ijtimoiy tarmoqdagilarga rasmiy munosabat ham bildirganim yo‘q. Bizda eng kuchli qurol efir. Efir davomida bir-ikkita ilmoqli gaplarni gapirdim.

Sarvar Bahodirov, “Markaziy studiya” ko‘rsatuvi bosh muharriri va boshlovchisi

“Markaziy studiya”ning yana bir boshlovchisi Amirxon Umarov ushbu vaziyatni quyidagicha izohladi:

Ochig'ini aytsam, ‘Eng yaxshi telejurnalist’ nominatsiyasida men g‘olib bo‘lmasligimni ko‘nglim sezayotgan edi. Lekin men xursand bo‘lgan taraf shundaki, konsertni ko‘rgan bo‘lsangiz, g‘olibni e’lon qilishga chiqqan shifokor Amirxon Umarov deganida zalning qiyqirig‘ini eshitgan bo‘lsangiz kerak. To‘gri, adashib ketdi, lekin o‘sha shovqin va qarsaklardan juda xursand bo‘ldim. Lekin ikkita boshlovchi bu yerda anglashilmovchilik bo‘ldi deb yanglishganini aytishdi. Men uchinchi o‘rinda ekanman.  O‘sha paytda nahotki dedim... Chunki birinchi va ikkinchi turlarda ovozlar bo‘yicha birinchilikda kelayotgan edim. Uchinchi va to‘rtinchi turda telefon orqali SMS yozishda pastki o‘ringa tushib ketibman. Undan keyin o‘sha gapni aytishga majbur bo‘ldim.

O‘sha ikkita hamkasbimni to‘g‘risi tanimayman. Qaysi ko‘rsatuvni olib borishlarini o‘sha kuni bildim. ‘Davr’ ko‘rsatuvida boshlovchi ekan. Lekin tanimas edim. Shuning uchun ham to‘g‘risini aytdim, o‘sha hamkasblarimga qaraganda men kamroq ishlabman. Ko‘proq ijod qilishga, ko‘proq o‘z ustimda ishlashga harakat qilaman degan ma’noda gapirdim. Lekin oxirida hamkasbim Sarvarning fikrlaridan keyin men ham ruhlanib ketdim. Juda to‘g‘ri fikrlar bo‘ldi. Emotsiyaga berildik, lekin u yerda yolg‘on, to‘qima gaplar bo‘lgani yo‘q.

Amirxon Umarov, “Mening yurtim” telekanali bosh prodyuseri, “Markaziy studiya” ko‘rsatuvi boshlovchisi

Ma’lumot uchun, “Oltin kabutar—2019”da “Eng yaxshi telejurnalist”  nominatsiyasida 1-o‘rin Miraziz Mirzaahmedov “Yoshlar” telekanali, 2-o‘rin Dilfuza Ismoilova “Yoshlar” telekanali, 3-o‘rin esa Amirxon Umarov “Mening yurtim” telekanali boshlovchisiga nasib etgan edi.