O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yulduz Usmonova “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Yulduz Usmonova suhbat davomida so‘nggi “zapret”ga sabab bo‘lgan voqealar haqida gapirib berdi.

Allohni tanigan insondan yomonlik chiqmaydi, otam rahmatli bizga oyatlarni o‘rgatardilar, bilganlarini, yodlaganlarini bizga ham yodlatardilar. Oxirgi ‘zapret’, albatta, qo‘shiqlarimizdan bo‘lgan. ‘O‘rgansinlar Qur’onni’ degan qo‘shiqlarimiz bo‘lgan. Men diniy fanat yo‘lida emas, ‘Allohdan qo‘rqishni o‘rgatish kerak’, degan ma’noda aytgandim. O‘sha paytda ‘shu qo‘shiqni aytmaysan’ deb xat ham yozdirib olishgandi. Men shu o‘jarligim, xarakterim tufayli aytmayman deb sahnaga chiqqanimda aytib yubordim. Men san’atkorman, birovdan qo‘rqishga vaqtim yo‘q, xohlamayman. Chunki men birovga ziyon qilayotganim yo‘q. Nega mening qo‘shiqlarimdan qo‘rqasan?! Aytdim, o‘tdim... Ha, qo‘shiqlarim kuch ekanmi?!  Demak, kerakli mavzu! Mavzudan qo‘rq, bu mavzuni men yopsam, ertaga boshqasi ochadi. Bu faqat bitta misol.

Turkmanistonda yonimda ishlab yuradigan Akmal degan ma’murim o‘lgani yo‘q, o‘sha keyin-keyin aytib berdi, do‘ppi deyishardi. Kelsam uch kunga qolmay jo‘natib yuborgandi. Azizxo‘jayevlar ‘yo‘qotasan buni bu yerdan’, degan ekan.

Men birovga gina ushlayotganim yo‘q.

Andijon bo‘yicha bo‘lsa kerak, aytasan deyishganda aytmaganman. Men unisini ham, bunisini ham boshida bo‘lmadim, men siz tarafda ham, bu tarafda ham bo‘lmayman, men Allohning haqiqati tomonda bo‘laman deganman. O‘shandan so‘ng o‘sha mansabdor odam bilan stadionda yoqalashganman. Hamma ko‘rgan. Uch-to‘rtta shunaqa narsalar bo‘lgan. Xudoni ishini qarang, o‘zining shogirdi galstugini boshiga kiydirib qo‘ydi.

So‘rayapsiz aytyapman-da, hozir demokratiya, gapirsa bo‘ladi. Shu omon-omon zamon kelganiga Xudoga shukr.

Keyin Gulsanam aytdi shu ashulani. Menga shu so‘zlarni aytasan deb berganida ‘meni boshim ikkita emas, men Allohdan qo‘rqaman’ deganman. ‘Tepada jannatmish-da, pastda O‘zbekiston emish’, kechirasiz-u qo‘ng‘iz bolasini oppog‘im der ekan-da endi. Lekin Allohni ishiga aralashib bo‘lmaydi. Nima bo‘lganda ham tepadagi jannatga solishtira olmaysan. Men o‘zim qo‘rqdim, mumkin boshqasi qo‘rqmadi aytdi. Men Allohdan qo‘rqdim, jannat degan yurtim mana bunaqa bo‘ladi deb sanga har xil narsalar bo‘lishidan, yurtimga ko‘z tegib qolishidan, bu shirkka ham kirib qoladi degan ma’noda aytmayman deganman. U odam boshqalar bilan juda qo‘pol, bepisand gaplashar edi. Shundan so‘ng yoqalashganmiz, men shunaqa urushqoqman.

Yulduz Usmonova, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti