2019-yilning 8-yanvar kuni G‘uzor tumanining “Chugurtma” qishlog‘ida 13 yoshli bola qotillikka qo‘l urdi. Voqea haqida “Daryo”ga shikoyat qilgan marhum Hasan Urinovning yaqinlari qotil bolaga otasi va akasi yordam berganini aytmoqda.

Foto: “Daryo”

Voqea tafsilotlarini o‘rgangan “Daryo” muxbiri Otabek Qo‘ldoshevning yozishicha, qotillikka qo‘l urgan 13 yoshli bola tumandagi 31-maktabning 7-sinf o‘quvchisi bo‘lgan.

— 2019-yil 8-yanvar kuni soat chamasi 14:30 larda qaynotamning uyiga keldim va qaynim—marhum Hasan Urinovdan molni kim boqadi, deb so‘radim, — deydi Urinovlar oilasining katta kelini Gavhar Shabarova. – Qaynim “o‘zim boqaman, faqat ketmay turing mollarni ko‘chaga haydab chiqarishasiz”, — dedi. Molni darvozadan chiqarayotganimizni ko‘rgan qo‘shnimiz Ch.T. ikki nafar o‘g‘illari — Q.Y. va S.Y.lar bilan yo‘limizni to‘sib, molni bu yoqda boqmasligimizni, yer ularniki ekanligini aytdi va urush-janjal ko‘tardi. Shunda men qo‘shnimizga o‘g‘illarini uyiga olib ketishini, urush-janjal kerakmasligini aytdim. Ammo ular quloq solishmadi va qaynimni haqoratlay boshlashdi.

Gavhar Shabarova

Foto: “Daryo”

Gavhar Sharabovaning aytishicha, marhum Hasan Urinov qo‘shnilarining haqoratlashiga qaramasdan uning gapi bilan uyga kirmoqchi bo‘lgan. Lekin Ch.T va uning o‘g‘illari unga “Erkakmisan, ayolmisan? Kel buyoqqa”, — deya uni urishga undagan.

— Shuncha gapga qaramasdan qaynim uyga kirish uchun darvoza yoniga qaytdi, — deydi Gavhar Shabarova. – Ammo ular urishga da’vat etishda davom etdi. Va qaynimning yoniga yugurib borgan Ch.T. uning chap qo‘lidan, o‘g‘li Q.Y. esa o‘ng qo‘lidan ushlab, 13 yoshli S.Y.ga qaynimni urushini, o‘ldirishini tayinladi. Shunda 13 yoshli S.Y. qaynimga pichoq sanchdi.

Voqeaga guvoh bo‘lgan Urinovlar oilasining ikkinchi kelini Norsuluv Kenjayeva ham marhum Hasan Urinov o‘ldirilayotgan payt o‘ng qo‘lidan Ch.T, chap qo‘lidan esa uning katta o‘g‘li Q.Y. ushlab turganini aytmoqda.

Qotillik sodir etilgan joy

Foto: “Daryo”

— Qizimni shifokorga ko‘rsatib kelib, ko‘chaga chiqsam baqir-chaqir ovoz eshitildi. Borib qarasam, 3 nafar qo‘shnimiz, ovsinim va qaynim urushayotgan ekan, — deydi Norsuluv Kenjayeva. – Shunda ularning yoniga bordim. Qaynimga pichoq urgan S.Y.ni ushlab qolishga harakat qildim. Ammo u meni itarib yubordi va chopib borib qaynimning ko‘kragiga pichoq urdi. Qaynimni o‘ldirishni unga otasi  Ch.T. buyurdi. O‘g‘liga “ur, o‘ldir”, degach o‘g‘li o‘ldirdi. O‘sha paytda qaynimning o‘ng qo‘lidan qo‘shnimiz Ch.T. chap qo‘lidan esa katta o‘g‘li Q.Y. ushlab turgandi. Qaynimda o‘zini himoya qilish uchun imkon yo‘q edi.

Voqea guvohlarining so‘ziga ko‘ra Hasan Urinov pichoqlangach, 3 nafar qo‘shnisi ham qochib ketgan. Ma’lum muddat o‘tgach esa Ch.T. qaytib kelgan va yordam berishini aytgan.

— Qaynimga pichoq urilgach, qo‘shnimiz ikki o‘g‘li bilan qochib ketdi, qaynim esa bir muddat shok holatda turdi, — deydi Gavhar Shabarova. – So‘ngra uning qo‘lidan ushlab, darvoza tomon yetakladim. Qaynim esa o‘zini boshqarolmay, yiqildi. Qon judayam ko‘p ketdi. Bir pas o‘tgach, qo‘shnimiz Ch.T. qaytib keldi va yordam berishini aytdi.

Gavhar Shabarova hamda Norsuluv Kenjayevalarning ma’lumot berishicha, marhum pichoqlangan payt uyda oila boshliqlaridan hech kim bo‘lmagan. Marhum esa ancha payt pichoqlangan joyida qolib ketgan va ko‘p qon yo‘qotgan.

— Baqir-chaqir qilib, qo‘shnilarni yordamga chaqirdik. Mashina topib shifoxonaga olib borishga harakat qildik, ammo qaynimiz ancha payt o‘sha joyda qolib ketdi, aksiga olib uyda erkaklardan hech kim yo‘q edi, — deydi oila kelinlari. – Qochib ketgan qo‘shnimiz Ch.T. biroz vaqt o‘tib qaytib keldi va qaynimning pichoqlangan joyini uqalab yordam berishga urindi. Ancha paytdan so‘ng mashina topib, shifoxonaga olib ketishdi.

Marhum yaqinlarining aytishicha, uni shifoxonaga Ch.T. tanishining mashinasida olib ketgan. Ming taassufki, Hasan Urinov yarim yo‘lga ham bormay jon bergan.

Shavkat Urinov

Foto: “Daryo”

— Men o‘sha kuni ishda bo‘lganman, otam ham Buxoroga ko‘zini operatsiya qildirish uchun ketgan bo‘lgan, — deydi marhum Hasan Urinovning akasi Shavkat Urinov. – Uyda erkak kishi bo‘lmaganidan foydalangan qo‘shnimiz, ukamni o‘g‘illari bilan birgalashib, o‘ldirgan.

Shavkat Urinovning fikricha, qotillik avvaldan rejalashtirilgan.

— Ukam rahmatliga sanchilgan pichoq, maxsus pichoq ekan, — deydi Shavkat Urinov. – Demakki, qotillik avvaldan rejalashtirilgan. Uyda erkak kishi yo‘q payt sodir bo‘lishi ham juda shubhali.

Navqiron o‘g‘lidan ajralgan oila boshlig‘i Boynazar Urinov voqeadan so‘ng salomatligini yo‘qotgan. Hozirda to‘shakka yotib qolgan.

— O‘sha voqea sodir bo‘lgan kuni tushdan so‘ng uyga keldim. Kelsam, uyimizni IIB xodimlari bosgan, — deydi Boynazar Urinov. – Voqea haqida eshitgach, kelinlarimdan surishtirdim. Bilsam, ularni ham  tergovga olib ketishgan ekan.

Marhumning ota-onasi Boynazar Urinov va Zuhra Po‘latova

Boynazar Urinovning ma’lum qilishicha, oilaning har ikkala kelini guvoh sifatida IIB xodimlari tomonidan voqea sodir bo‘lgan kuni kechki payt soat 16:00 da olib ketilgan va 9-yanvar kuni tong azon soat 4 da qo‘yib yuborilgan.

— O‘sha kuni kech soat 16:00 da IIB xodimlari bizni olib ketishdi va ertasi kuni tong soat 4:00 gacha so‘roq qilishdi, — deydi Norsuluv Kenjayeva. – Bor voqeani boricha aytdik.

Voqeaga guvoh bo‘lgan kelinlarning aytishicha, ular aytgan ba’zi haqiqatlar guvoh ko‘rsatmalari yozilgan qog‘ozda tushirib qoldirilgan.

— Tong azon bizni shoshirib, “tong otyapti tezlashinglar”, deb nimalardir yozilgan qog‘ozga hatto o‘qishga ham qo‘ymay, imzo qo‘ydirishdi, — deydi voqea ortidan so‘roq qilingan kelinlar. — Biz  ham aytgan gaplarimiz yozildi deb imzo qo‘yibmiz. Ammo keyinchalik bilsak, biz aytgan ko‘rsatmalar o‘zgartirilgan. Ya’ni qo‘shnimiz Ch.T. “o‘g‘liga ur, o‘ldir degan gapni aytgan”, degan savolga bizni “yo‘q o‘ldir demadi, ur dedi”, deb javob  berdi deb yozishgan. Ammo o‘sha kungi so‘roqda biz tergovchiga Ch.T. o‘g‘liga marhum Hasan Urinovni “ur, o‘ldir” deganini aytgandik. Yana va yana aytamiz. Gapimizdan qaytish yo‘q.

Pichoqlanish ortidan vafot etgan Hasan Urinov yaqinlarining  shikoyatiga ko‘ra o‘g‘lini pichoqlagan 13 yoshli S.Y.ga qo‘shilib, uning otasi Ch.T. va akasi Q.Y. ham voqea ishtirokchisi sifatida jazolanishi kerak.

— Barcha aybni voyaga yetmagan bola bo‘yniga qo‘yib, o‘zlari suvdan quruq chiqqan, — deydi Shavkat Urinov. – Holbuki, ukamni o‘ldirishni buyurgan va o‘ldirilayotgan payt qo‘lidan ushlab, qotilga ko‘maklashgan uning otasi Ch.T. bo‘ladi. Shuningdek, qo‘shnimizning katta o‘g‘li Q.Y. ham ukamning qo‘lidan ushlab turgan. Ya’ni ular ham qotillikka ko‘maklashgan. Lekin buni qarangki, ular o‘sha kuniyoq qo‘yib yuborilgan. Qani, adolat? Hali chimildiqqa ham kirmagan endigina uylanish niyatida yurgan 26 yoshli ukam o‘lib ketyapti-yu, qotil voyaga yetmagan deb Samarqanddagi 64-maktabga axloq tuzatish uchun yuborilyapti, otasi va akasi esa yallo qilib yuribdi. Shumi adolat?

Foto: “Daryo”

Aytilishicha, qotilikka qo‘l urgan 13 yoshli o‘quvchi maktabda ham pichoq olib yurgan.

— Sinfdosh qizlarni pichoq bilan qo‘rqitar ekan, — deydi Norsuluv Kenjayeva. – Hatto o‘zi o‘qigan 31-maktabdan tashqari 2-maktabga ham borib, o‘quvchilarni pichoq bilan qo‘rqitgan. Doimiy ravishda pichoq olib yurgan. Profilaktika inspektoriga “nega nazorat qilmagansiz?” desam, “men hammasini qanday nazorat qila olaman” deb gapni olib qochadi.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasining “Daryo”ga ma’lumot berishicha, 2019-yil 8-yanvar kuni haqiqatan ham “Chugurtma” qishlog‘ida qotillik sodir etilgan. 1993-yilda tug‘ilgan Hasan O‘rinov qasddan o‘ldirilganligi hodisasi yuzasidan G‘uzor tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni 2005-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan S.Y. sodir etganligi aniqlanib, jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi JPKning 345-moddasi talabiga ko‘ra tegishliligi bo‘yicha tergov harakatlarini tashkillashtirish uchun G‘uzor tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limiga yuborilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha viloyat IIB TB tomonidan tergov harakatlari olib borilib, ish bo‘yicha ayblanuvchi S.Y. voyaga yetmagani bois jinoyat ishi JPKning 84-moddasiga asosan tugatilgan.

Hozirda jinoyat ishini tugatish qarori bekor qilinib, O‘zbekiston Respublikasi IIV Tergov departamenti tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.