2012-yil 14-dekabr kuni AQShning Nyutaun shaharchasida istiqomat qiluvchi 20 yoshli Adam Piter Lenza o‘z onasini uyda otib o‘ldirdi, so‘ng maktabga borib, olti va yetti yoshli 20 bolani va olti nafar maktab xodimini o‘ldirdi, ikki kishini og‘ir yaraladi. Shundan so‘ng u o‘z joniga qasd qildi. “Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov o‘sha qonli voqealar haqida hikoya qiladi.

Katta fojiani boshlagan qotillik

Nyutaun aholisi 28 ming kishidan kam bo‘lgan sokin shaharcha sifatida tanilgan. Jinoyat darajasi juda past, bu voqeagacha bo‘lgan o‘n yil ichida shaharda bittagina qotillik qayd etilgan edi xolos.

2012-yil 14-dekabr juma kuni, soat 9:30 dan bir oz oldin Adam Piter Lenza o‘zining onasi – ellik ikki yoshli Nensi Lenzani Nyutaundagi uyida Marlin 0.22 miltig‘i bilan otib o‘ldirdi. Nensini to‘shagida o‘lik holda topishganida uning boshiga to‘rt marta o‘q uzilgan edi. Keyin Adam Lenza onasining mashinasiga o‘tirdi va Sendi Xuk boshlang‘ich maktabiga yo‘l oldi.

Sendi Xuk qurbonlari.

Foto: AP

Ertalab soat 9:35 larda Lenza onasining yarim avtomat Bushmaster vintovkasidan foydalanib, maktabning qulflangan asosiy shisha eshigiga o‘q uzdi. U qora harbiy uslubdagi forma va bronejilet kiygan edi. Keyinchalik guvohlarning ta’kidlashicha, dastlabki o‘q ovozlari maktab radioeshittirish tizimi orqali eshitilgan.

Maktabdagi qirg‘in

Tashqaridan o‘q ovozlari kela boshlaganda maktab direktori Don Xoksprang va psixolog Meri Sherlak maktab xodimlari bilan yig‘ilish o‘tkazayotgan edi. Xoksprang va Sherlak o‘q ovozlarini eshitib xonadan yugurib chiqib, Lenzaga yo‘liqdi. Ikkala ayol ham jinoyatchini to‘xtatishga uringanida halok bo‘ldi. Ehtimol, Xoksprang maktabning radioeshittirish tizimini yoqib yuborgan bo‘lishi mumkin, chunki keyinroq sport zalidagi to‘qqiz yoshli maktab o‘quvchisi karnaydan qotilning “qo‘lingizni ko‘taring!” degan so‘zlarini eshitganini aytib bergan. Direktor bilan yig‘ilishda qatnashgan maktab shifokori Dayan Dey qichqiriqlarni eshitganini, shundan keyin o‘q uzilganini aytdi. Yig‘ilishda ishtirok etgan o‘qituvchi Natali Xammond eshikni o‘z tanasi bilan itarib turganida eshik ortidan o‘qqa tutilib qo‘lidan va oyog‘idan jarohatlandi.

Oktabr oyidan beri tug‘ruq ta’tilida bo‘lgan birinchi sinf o‘qituvchisini almashtirib turgan Loren Russoni qotil yuzidan otib tashladi. Uning sinfidagi barcha o‘quvchilar ham otib tashlangan, ammo bitta olti yoshli qiz tirik qoldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u o‘zini o‘likdek ko‘rsatgan va maktabdagi shovqinlar tinguncha qimirlamagan. Shundan so‘ng u qonga belangan holda ko‘chaga yugurib chiqib, maktab binosini birinchi bo‘lib tark etgan bolalardan biri bo‘ldi. Qizchaning onasi aytishicha, qizi unga: “Oyi, men bilan hammasi yaxshi, lekin barcha do‘stlarim o‘ldi”, deb aytgan. U qotilni “juda yovuz odam” deb ta’riflagan.

Qotil.

Foto: AP

Boshqa sinf xonadagi voqealar aniq emas. Omon qolgan birinchi sinf o‘quvchilari o‘qituvchisi, yigirma etti yoshli Viktoriya Soto o‘quvchilarini shkaflar va javonlar ostiga yashirishga uringani haqida so‘zlab bergan. Lenza xonaga kirib kelganida Soto o‘quvchilar konsert zalida ekanini aytdi. Shunda qo‘rquvdagi ba’zi bolalar yashiringan yerlaridan chiqib, sinfdan qochib ketishga harakat qildi, ammo jinoyatchi ularni o‘ldirdi. Soto o‘quvchilarni himoya qilish uchun yugurdi va u ham otib tashlandi. Omon qolgan olti o‘quvchi javondan chiqib, maktabdan qochib, qo‘shni uyga yashirindi.

Enn Mari Myorfi alohida e’tiborga muhtoj talabalar bilan ishlash bo‘yicha o‘qituvchi yordamchisi edi. U olti yoshli Dilan Xoklini tanasi bilan o‘qlardan himoya qildi, ammo ikkalasi ham halok bo‘ldi. Bir hafta oldin ishga joylashgan Reychel Devino ham o‘quvchilarini himoya qilishga urinib halok bo‘ldi.

Foto: Google Photos

Oltmish yoshli maktab hamshirasi Sara Koks stol ostiga yashiringanida Lenza uning kabinetiga kirib, undan olti metr narida turganini, so‘ng orqasiga o‘girilib, chiqib ketganini aytadi. U va kotiba Barbara Xolsted qutqaruv xizmatini chaqirib, to‘rt soat davomida tibbiyot kabinetidagi shkafda yashirinib o‘tirgan.

Yigirma to‘qqiz yoshli o‘qituvchi Keytlin Royg o‘n to‘rt o‘quvchisini shkafga yashirib, shovqin qilmaslikni so‘radi va eshikni to‘sib qo‘ydi. Kutubxonachilar Ivonn Chek va Merienn Jeykob o‘n sakkiz bolani yashirgan va eshikni shkaf bilan to‘sgan edi.

Musiqa o‘qituvchisi, ellik yoshli Meriroz Kristopik yana bir kichkina xonada to‘rtinchi sinf o‘quvchilarini yashirgan. Ular Lenza “Eshikni oching!” deb baqirib, eshikni urganini eshitgan.

Qotillik natijasi

Lenza ertalab soat 9:46 dan 9:53 gacha o‘q otishni to‘xtatdi. Bu paytga kelib u 50 dan 100 tagacha o‘q otgan edi. U har bir qurboniga bir necha martadan o‘q uzdi. O‘quvchilardan kamida bittasi, olti yoshli Noa Pozner 11 ta o‘q bilan o‘ldirilgan edi. Jinoyatchi o‘qlarning ko‘p qismini asosiy kirish eshigi yaqinidagi ikkita sinfxonada, bitta sinfda o‘n to‘rt bolani va boshqasida olti bolani otib sarflagan. Qurbonlar olti yoshdan etti yoshgacha bo‘lgan sakkiz o‘g‘il bola va o‘n ikki qiz, shuningdek, maktab ishchilari bo‘lgan oltita ayol edi. Lenza yaqinlashayotgan politsiyachilar ovozini eshitib, boshiga o‘q uzib, joniga qasd qildi.

Foto: Google Photos

Maktabda jami 20 nafar bola halok bo‘ldi – ulardan 18 nafari voqea joyida vafot etdi, ikkitasi keyinchalik kasalxonada o‘ldi. O‘ldirilgan olti ayol – maktab direktori, psixolog, ikki amaliyotchi o‘qituvchi va ikki o‘qituvchi yordamchisi edi. Barcha qurbonlarga bir nechta o‘q jarohati yetkazilgan. O‘lganlarning aksariyatiga yaqin masofadan turib, uch kishining esa yuziga o‘q uzilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlarning barchasi yarim avtomatik miltiqdan o‘ldirilgan yoki yaralangan, Lenza esa to‘pponcha bilan boshiga o‘q uzgan.

Tergov

Tergovchilar Lenzaning o‘limoldi maktubini yoki hujum sababini izohlovchi boshqa ma’lumotni topa olmadi.

2013-yil noyabr oyida Konnektikut prokuraturasi keng qamrovli tergov hisobotini e’lon qildi. Lenza harakatlarini oldindan va yolg‘iz rejalashtirgani aniqlandi, ammo u nima uchun jinoyat sodir etgani va nima uchun aynan Sendi Xuk maktabini tanlagani sabablarini tushuntirish uchun yetarli dalillar yo‘q edi.

Qotil yashagan muhit

20 yoshli Adam Piter Lenza onasi Nensi bilan Sendi Xukdagi uyida, boshlang‘ich maktabdan sakkiz kilometr uzoqlikda yashagan. Lenza muqaddam sudlanmagan va qonunbuzarlik qilmagan.

Boshlovchilar Sendi Xuk fojiasi haqida xabar qilmoqda.

Foto: Google Photos

Lenzaning ota-onasi 1981-yilda turmush qurgan, 2009-yil sentabr oyida ajrashgan. Nensi yuqori maoshli erining alimentiga yashagan, bu esa unga ishlamasdan Adamni parvarish qilish imkonini bergan.

Nensining qaynisinglisini aytishicha, u uyida kamida o‘nta o‘qotar qurol saqlagan va ko‘pincha o‘g‘illarini o‘q otish joylariga olib borib turgan.

Adam Lenza kim edi?

Adam Lenza 1992-yil 22-aprelda AQShning Nyu-Xempshir shtatidagi Ekster shahrida tug‘ilgan. U oilada ikkinchi farzand edi. Qisqa vaqt Sendi Xuk boshlang‘ich maktabida o‘qigan. Keyinchalik Nyutaundagi katolik maktabi va o‘rta maktabni a’lo baholar bilan tamomlagan. 2008–2009-yillarda G‘arbiy Konnektikut universitetida o‘qigan.

Sinfdoshlari va o‘qituvchilar Lenzani “aqlli, ammo asabiy va bezovta” deb ta’riflaydi. U boshqalar bilan aloqadan qochgan, o‘zgalar orasida o‘zini noqulay his qilgan. Uning yaqin do‘stlari bo‘lmagan.

Adam yengil autizm va shaxsiyat buzilishining biror-bir shaklidan aziyat chekkan deb gumon qilinadi. Politsiya va Nensining do‘stlariga ko‘ra, Adamga Asperger sindromi tashxisi qo‘yilgan. Ushbu sindromdan aziyat chekadigan odamlar ko‘pincha yuqori intellektga ega, ammo ularning ijtimoiy qobiliyati rivojlanmagan.

Yakun

Ushbu fojiadan keyin AQSh prezidenti Barak Obama bayonot berib, to‘rt kunlik milliy motam e’lon qildi. AQSh ma’muriyati rahbari “18-dekabr kuni Quyosh botguncha” AQSh hukumatining barcha binolari, harbiy bazalari va chet el vakolatxonalarida milliy bayroqlarni tushirishni buyurdi. Spiker Jon Beynerning qarori bilan Kongress binosida ham Amerika bayroqlari tushirildi.

Prezident Obama fojia haqida Oq Uyda aytib berar ekan, bir necha bor to‘xtab ko‘z yoshlarini artdi.

Qish faslining 14-kunida sodir bo‘lgan ushbu fojia haligacha AQShda daxshat bilan eslanadi...

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarida farq qilishi mumkin.