13-dekabr kuni ertalab soat 9:30 larda Qarag‘anda viloyatidagi “Qarag‘anda—Balxash” avtomol yo‘lida qarama-qarshi to‘qnashuv natijasida O‘zbekiston fuqarosi I.Y. halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekistonnning Qozog‘istondagi elchixonasi ma’lumotiga tayanib, Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Shuningdek, A.Y., V.K. va H.A. jarohatlanib, kasalxonaga yotqizilgan. Ularning barchasi Qozog‘iston hududiga Rossiyadan kirishgan.

Ushbu fakt bo‘yicha Qarag‘anda viloyati yo‘l politsiyasi tergov olib bormoqda.

Elchixonaning Konsullik bo‘limi vaziyatni nazoratga olgan va Qarag‘anda viloyatining tergov organlari va tibbiy muassasalari bilan aloqada bo‘lib turibdi.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya izhor etadi va Qozog‘istonning Nur-Sulton shahri, Aqmola, Shimoliy Qozog‘iston, Pavlodar, Qo‘stanay va Qarag‘anda viloyatlarida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda O‘zbekistonning Nur-Sulton shahridagi elchixonasiga: +7-717-295-42-52 raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi.