1902-yilning 16-dekabr kuni Andijon shahrida mudhish zilzila ro‘y bergan. Bu zilzila oqibatida minglab odamlar halok bo‘lgan, o‘n minglab binolar buzilgan, shahar vayron bo‘lgan. Aynan shu ofat tufayli Andijon tarixiy qiyofasini yo‘qotgan.

“Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh Andijon zilzilasi haqida hikoya qiladi.

Zilzila deganda xayolimizga avvalo Toshkent zilzilasi keladi. Bu zilzila fan-texnika taraqqiy etgan paytda sodir bo‘lgani uchun zilzilaning asoratlari, undan keyingi qayta qurish kinolentalarga, fotosuratlarga muhrlangan. Ammo yurtimizda Toshkent zilzilasidan avval ham boshqa shaharlarda zilzilalar va beqiyos vayronaliklar bo‘lgan. Ana shunday zilzilalardan biri eski Yulian taqvimiga ko‘ra 1902-yil 2-3 dekabr (bugungi taqvimda 16-dekabr) kunlari sodir bo‘lgan va butun shaharni vayron qilgan Andijon zilzilasidir.

Andijon zilzilasi haqida mashhur rus antropologi, Rossiyada antropologiya fani asoschilaridan biri, akademik Dmitriy Nikolayevich Anuchinning (1843–1923) taklifi bilan S.A. Melik-Sarkisyan “1902-yil 3-dekabrdagi Farg‘ona zilzilasi” (Ferganskoye zemletryaseniye 3-go dekabrya 1902-goda, Moskva, 1903) nomli risola yozgan va nashrdan chiqargan.

Andijon.

Foto: Wikipedia

Risolani tadqiq etgan olimlar – R.T. Shamsutdinov, A.A. Ishoqov hammualliflikda yozgan “Andijon tarixidan lavhalar” kitobining “Andijonning tarixiy, me’moriy obidalari nega bizgacha yetib kelmadi?” deb nomlangan bobida shahardagi qadimiy obidalarning zamonamizgacha yetib kelmasligi sabablari ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, Andijon shahrida bir nechta kuchli zilzila bo‘lgani, ayniqsa 1902-yil dekabr zilzilasi juda qattiq bo‘lgani, shu tufayli shahardagi  barcha binolar qulagani uchun ham Andijonda tarixiy binolar saqlanib qolmagani haqida fikr yuritgan. Shuningdek, S.A. Melik-Sarkisyan risolasida keltirilgan faktlar asosida 1902-yilda Andijonda yuz bergan zilzila ko‘lamini tadqiq etgan.

S.A. Melik-Sarkisyanning risolasida yozilishicha, zilzila tufayli O‘rta Osiyodagi yirik savdo va sanoat markazlaridan biri bo‘lgan Andijon shahri va uning atrofida joylashgan bir qator qishloqlar  to‘la vayron bo‘lgan. 30 mingdan ortiq uy tag-tugi bilan qulab tushgan, 5 mingga yaqin odam zilzila sodir bo‘lgan paytda va keyin vayronalar orasida qolib halok bo‘lgan. Uyi qulab tushgan ko‘plab oilalar boshpanasiz qolgan.

Ofatdan so‘ng Andijonda zilzila oqibatlarini bartaraf etish ishlari boshlanib ketdi. Binolar ostida qolgan o‘liklarni chiqarib olish, ularning janoza marosimlarini o‘tkazish, zarar ko‘rganlarga yordam berish ishlari shular jumlasidandir.

O‘lkada hukmron bo‘lgan ruslar Andijonni qayta tiklash uchun yordam jamg‘armasi tashkil etdi. Melik-Sarkisyanning yozishicha, jamg‘armaga hatto Rossiya imperatori Nikolay II va rafiqasi ham mablag‘ ajratdi. Shuningdek, Rossiya imperiyasining turli burchaklaridan Andijonga yordam jo‘natildi.

Shamsutdinov va Ishoqovlarning kitobida Andijon zilzilasiga tegishli yana bir muhim gap yozilgan. Unga ko‘ra, rus yozuvchisi A.P. Chexov 1903-yil iyunda doktor Kniperga maktubida Moskva shahri teatrlarida maxsus spektakllar qo‘yilib, tomoshadan tushgan mablag‘ Andijonga, zilzila  oqibatlarini bartaraf etish uchun  yuborilganini yozgan.

Zilzilada har bir xonadondan bir nechtalab odam halok bo‘lgani va andijonliklar motam ichida qolganiga qaramay, vayron bo‘lgan shahar va qishloqlarni qayta tiklashda Andijon shahri va unga tutash qishloqlar aholisi jonbozlik ko‘rsatib mehnat qildi.

Andijonlik boylar katta-katta ehson qilib, shahar va qishloqlarni tiklayotgan xalqqa ovqat pishirtirib berdi. Aholiga qurilish ashyolari sotib olib berdi.

Zilzila oqibatlari.

Foto: Wikipedia

Andijonni tiklashda mahalliy xalq bilan birga ruslar, yahudiylar va boshqa millat vakillari, Andijonni boshqarib turgan rus ma’murlari birday harakat qildi. Andijonda faoliyat olib borgan rus, yahudiy boylari ham zilzila oqibatlarini bartaraf etishga ancha mablag‘ ajratdi.

Ana shunday saxovatpesha boylardan biri Mirkomilboy Mirmo‘minboyev edi. U Andijon shahrini tiklash uchun katta mablag‘ ajratdi.

Shamsutdinov va Ishoqov kitobda Mirkomilboy Mirmo‘minboyevning Andijon uyezdi boshlig‘i Yu.A. Brjezitskiyga yozgan xatini keltiradi.

O‘z ona shahrim Andijonning madaniy rivojlanishi va batamom tartibsiz ahvolda bo‘lgan Gultepa maydoniga madaniy ko‘rinish berish, maydon ham shahar ko‘rki bo‘lsin, ham aholi foydalana olsin deb, men Mirkomil Mirmo‘minboyev o‘z hisobimdan Andijon shahriga tortiq sifatida quyidagi inshootlarni qurishni o‘z zimmamga olaman:

  • Turli millat vakillari – erkak va ayollarga mo‘ljallangan qirq o‘rinli namunali shifoxona. Unda quyidagi bo‘limlar mavjud bo‘ladi:

a) jarrohlik;

b) tug‘ruqxona;

v) ich kasalliklar;

g) seksion kameralar va o‘lik saqlash uchun yerto‘la;

d) dezinfektsion kamera hamda shifoxona boshliqlari, xodimlari va turli xizmatchilar uchun maxsus bino;

e) shifoxona binosini markaziy isitish bo‘limi hamda suvni biologik tozalash xizmati.

  • 30 o‘quvchiga mo‘ljallangan internat tiridagi madrasa o‘quvchilarini rus tiliga o‘rgatish bo‘limiga hamda zal va yordamchi binolarga ega rus-tuzem maktabi.
  • Yuz o‘quvchiga mo‘ljallangan madrasa va xonaqohi bo‘lgan namunali maktabxona.
  • Yevropacha nusxadagi yerto‘la va qorovulxona, uchta hojatxonasi bor uchta do‘kon. Mana shu do‘konlardan keladigan foyda yuqorida ko‘rsatilgan muassasalarni ta’minlash va ta’mirlash uchun ishlatiladi.
  • Mahalliy xalq va yevropaliklar uchun alohida bo‘limlarga ega bo‘lgan hammom.
  • Shu binolar atrofida yo‘lkalar ochib, xiyobonlar barpo etish, maydon markazida manzarali bog‘ barpo etish.

Ko‘rsatilgan inshootlarning barini men, Mirkomil Mirmo‘minboyev, mening nazoratimda tuzilgan va tegishli hokimiyat tomonidan tasdiqlangan loyiha va smeta asosida uch yil davomida qurib bitkazishni o‘z zimmamga olaman...

Shu bilan birga, yuqorida ko‘rsatilgan barcha binolar, inshoot va jihozlarni qurish uchun o‘z shaxsiy mablag‘imdan 500 ming so‘m ajrataman.

Biroq mustamlakachi ma’muriyat mahalliy sarmoyadorning sa’y-harakatlarini ongli ravishda qo‘llab-quvvatlamadi. Chunki Mirkomilboyning eski shaharni zamonaviy talab darajasida yangilashdek bu saxovatli, ezguli vatanparvarlik ishlaridan mustamlakachi ma’murlar hadiksirab qo‘rqdi. Ular Mirkomilboyboyning bu ishlari chorizm mulozimlarini obro‘yiga putur yetkazishi, afkor ommada ularga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishi, o‘lkani boshqarish ishiga Mirkomilboydek yurt fidoyisining salohiyati va obro‘yi soya solishi mumkinligini o‘ylab, Mirkomilboyning taklifini rad etdi. Taklifini rad etish uyoqda tursin, chor ma’murlarining siyosiy fitnachiligi bilan Mirkomilboy tazyiq-ta’qibga uchradi va sudlanib, begona yurtga surgun qilindi.

O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida Andijon zilzilasi haqida qo‘yidagi ma’lumot berilgan:

Andijon zilzilasi — O‘rta Osiyoda sodir bo‘lgan kuchli zilzilalardan biri. 1902-yil 2-dekabr (yangi taqvimda 16-dekabr) soat 10:00 da ro‘y bergan. Bu zilziladan Andijon shahri va uning atrofidagi qishloqlar katta talafot ko‘rgan. Yer ketma-ket uch marta silkinib, birinchisi 8—9 ball, 1—1,5 daqiqadan so‘ng ikkinchisi 9 balldan ortiq va yana 30 minut o‘tgach, uchinchisi 8—9 ball bo‘ldi. 50 ming kishi yashaydigan Andijon shahri bilan atrof qishloqlarda ko‘p joylar vayronaga aylandi. Zilzilada 4 652 kishi nobud bo‘ldi. Zilzila natijasida Andijondan 5–6 chaqirim narigacha bo‘lgan temir yo‘l izlari egilib qoldi. Andijon stansiyasidagi parovoz va poyezd vagonlari izlaridan chetga surib tashlandi. 2-dekabrdan (16-dekabr) so‘ng ham bir necha oy davomida Andijonda yer qimirlab turdi. Zilzila oqibatida Andijon va uning atrofida eni 10 santimetrgacha bir necha yoriq paydo bo‘ldi. Ayrim yerlarda yer sathi 70 santimetrgacha cho‘kdi. Andijon zilzilasi Janubiy Farg‘ona fleksurasi — uzilish chizig‘i bo‘ylab sodir bo‘lgan. Zilzila markazi Qorayorda (40,7° shimoliy kenglik 72,2° sharqiy uzunlikda) joylashgan.

Bugungi kunda Andijon shahrida saqlanib qolgan obida va binolarlarning aksariyati o‘sha mash’um zilziladan keyin qurilgan. Jumladan, XIX asrda qurilib, 1902-yil dekabrda kuchli zilzilada buzilib, qulab ketgan va asr boshlarida qayta tiklangan binolardan Devonbegi yoki Devonoboy masjidi (1862–1865-yillarda qurilgan). Uyg‘ur masjidi (1868–1870), Jome madrasasi (1882–1892) saqlanib qolgan. Ular ta’mirlanib, xalqqa qaytarib berildi. Andijonliklar ulardan samarali foydalanmoqda.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.