Dunyoni yaxshilaymiz deb hisoblaydigan shaxslar doimo uni yomon voqealarga olib kelgan, ammo diktatorlarga hech qachon hayotdan zavqlanish hissi tanish bo‘lmagan.

Erix Mariya Remark, olmon yozuvchisi

Nigeriya shimolidagi Daura shaharchasi Afrika qit’asida azaldan islom tamaddunining o‘chog‘i sifatida baholab kelingan. Afrikalik ko‘plab tarixchilar, etnograflar butun Afrika qit’asiga islom dini yoyilishida Nigeriya shimolidagi islomni qabul qilgan xalqlar alohida tilga olinadi. Ana shunday islomiy shaharchada “Boko haram” ustidan g‘alaba qozonish istagida bo‘lgan, o‘z oldiga ulkan maqsad va niyatlarni qo‘ygan sobiq diktator Muhammadu Buxoriy o‘zini yangi demokrat sifatida tanishtira boshladi va saylovda g‘olib chiqdi. 17-dekabr – uning tug‘ilgan kuni. U haqda “Daryo” kolumnisti Jahongir Ergashev hikoya qiladi.

Muhammadu Buxoriy 1942-yil dekabrida Nigeriyadagi fulbe qabilasiga mansub Odam va Zulayxo oilasida dunyoga keldi.

Muhammadu to‘rt yoshga to‘lganida otasi vafot etdi. Bo‘lg‘usi prezidentning tarbiyasi bilan onasi shug‘ullana boshladi. Uning bolaligi qanday kechgan haqida aniq ma’lumot yo‘q, yoki atayin yo‘q qilingan.

Ma’lumotga ko‘ra, Muhammadu Buxoriy boshlang‘ich ta’limni Katsina shahridagi boshlang‘ich maktabda olgan. Ammo bu haqdagi ma’lumot to‘g‘ri ekanini isbotlovchi dalillar yo‘q. 2015-yildagi prezidentlik saylovida undan boshlang‘ich ta’lim haqidagi ma’lumotni taqdim etishi so‘ralganida bo‘lg‘usi prezident taqdim eta olmagandi.

Ilk harbiy faoliyati

Buxoriy 1961-yilda Nigeriyadagi Harbiy amaliyotlar kollejiga o‘qishga qabul qilindi. 1964-yilning fevral oyida kollej nomi va maqomi o‘zgartirilib, muassasa Nigeriya mudofaa akademiyasi deb nomlandi. 1962–1963-yillarda bo‘lg‘usi general Angliyadagi zobitlar maktabida ta’lim oldi.

Foto: Google Photos

O‘qishni tamomlagach, Muhammadu leytenant zobitlik darajasini oldi va Nigeriyadagi Abeokuta polkini boshqarishga yuborildi.

Buxoriy bir oz vaqt Kongoda BMTning tinchlikparvar kuchlari – “moviy kaskalari” safida xizmat qildi, so‘ng harbiy mahoratini oshirish maqsadida yana Britaniyaga yo‘l oldi.

1966-yilning iyul oyida 24 yoshga to‘lmagan Buxoriy general Agui-Ironsi hokimiyatini qulatishda ishtirok etdi. Shu voqeadan so‘ng uning siyosiy karyerasi asta-sekinlik bilan o‘sa boshladi. 1970-yilda u polkovnik maqomiga sazovor bo‘ldi va diviziyani boshqarish imkoniga ega bo‘ldi.

1973-yilda Hindistonda zobitlar tayyorlash kurslarida o‘qidi va vataniga qaytib kelib, prezident Yaqub Dan-Yumma Govonni hokimiyatdan chetlatishda ishtirok etdi. Muhammadu Buxoriy isyonda asosiy kuch bo‘lmagan esa-da, xizmatlari uchun Borno shtati gubernatori maqomi bilan siylandi.

Isyon natijasida hokimiyatga Oluseguna Obasanjo keldi. Buxoriy uning davrida prezidentning xos davrasi a’zolari qatoriga qo‘shildi. Unga neft va tabiiy zaxiralar federal qo‘mitasi rahbarligi ishonib topshirildi. Qiziq jihat shuki, qo‘mita davrida davlat boyliklar talon-toroj etilgan bo‘lsa-da, bu Muhammadu Buxoriyning kelajagiga soya solmadi.

1979-yilda hokimiyat harbiylardan fuqarolik jamiyati vakillari qo‘liga o‘tdi. Muhammadu Buxoriy o‘z sohasi bo‘lmish harbiylik bilan shug‘ullanishga qaror qildi. 1980-yilda AQShda harbiy amaliyot mashqlarida malaka oshirib qaytgach, unga generallik rutbasi topshirildi.

1983-yilda Nigeriya manfaatlar to‘qnashuvi natijasida Nigeriya – Chad urushiga aralashishga majbur bo‘ldi. Neftga egalik qilish o‘sha kezlarda Nigeriya va Chaddagi qabilalar uchun daromadga, ta’sirga ega bo‘lish istiqbolidek ko‘rinardi. General Muhammadu Buxoriy Nigeriya prezidenti Shagari ko‘rsatmalariga zid ravishda Nigeriya hududiga bostirib kirgan chadliklarning ta’zirini berib qo‘yishni istadi.

Mazkur voqea Shagari isyon natijasida prezidentlik martabasidan ketishining boshlanish nuqtasi bo‘ldi. Amaldagi prezident hokimiyatdan chetlatilishida Muhammadu Buxoriy asosiy rolni bajargan bo‘lsa-da, u kamtarlik bilan xizmatlari unchalik ko‘p emasligini aytishni xush ko‘rardi.

Shagari hukumatdan ketishining qator sabablari bor edi: u yuritayotgan siyosat asosan harbiylar orasida norozilikka sabab bo‘layotgan edi. Harbiylardan chiqmagan kishi mamlakatda birinchi raqamli shaxs sifatida buyruq berayotgani mamlakatga joni va qonini fido qilgan harbiylarga yoqmayotgan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan, harbiylar amaldagi prezidentning Chad borasidagi siyosatini ma’qullamay kelayotgan edi. Ular nazarida, prezident Shagari muloyim supurgi edi. Shagari hokimiyatdan ag‘darildi, Buxoriy esa mamlakatning oliy rahbari bo‘ldi.

Aholiga Shagari xalq manfaatlaridan ko‘ra shaxsiy manfaatlariga intilib, korrupsiyaga yo‘l ochib bergani aytildi. Olomon korrupsiyachi siyosatchi jazolanganidan mushakbozlik qildi.

Xalq o‘ziga munosib rahbarni saylay olsagina hech qanday isyon, harbiy to‘ntarishga o‘rin qolmaydi.

Muhammadu Buxoriy

Diktator o‘ldi, yashasin diktator

Hokimiyat tepasiga kelgan Buxoriy mamlakatda konstitutsiya amal qilishini to‘xtatdi, parlamentni tarqatib yubordi va siyosiy partiyalar faoliyatini taqiqladi. Natijada mamlakat 1960-yillardagi harbiy tartibga qaytdi. U mamlakatda kuch bilan tartib o‘rnata boshladi. Tartibni kuch bilan singdirish maqsadida inson huqulari buzila boshladi. Harbiylar hattoki avtobus bekatlarida xalqni chipta olish uchun navbatga turishga o‘rgata boshladi. Ishga kechga qolgan xodimlar jamoasi oldida qurbaqasimon sakrashni ijro etishi kerak edi.

Hukumat korrupsiyaga qarshi keskin choralar ko‘ra boshladi, lekin bu choralar naf bermadi. Buxoriyning iqtisodiy islohotlari iqtisodiyot qonunlaridan uzoq va buyruqbozlikka asoslangan bo‘lib, Shagarining siyosatini takrorlar edi. Buxoriy Xalqaro valyuta jamg‘armasi tavsiyalariga itoat etmas, itoat etgan taqdirda milliy pul birligini devalvasiya qilishga to‘g‘ri kelar edi.

Mamlakatda siyosiy partiyalar, jurnalistlar, fuqarolik jamiyati asoslari ta’qib qilindi. Kimki amaldagi hukumat haqida salbiy fikr bildiradigan bo‘lsa, qamoqqa tashlandi va surgun qilindi.

Foto: Google Photos

Ammo chuqur o‘ylanmagan iqtisodiy islohotlar natijasida Buxoriy hokimiyati 1985-yilda harbiylar tomonida ag‘darildi. Navbatdagi isyon boshida general Babangidi turar edi. Natijada diktator Muhammadu Buxoriy keyingi uch yilni qamoqda o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

Yangi hokimiyat, yangi imkoniyatlar

Davlat to‘ntarishi amalga oshib, Nigeriya xalqi yangi diktator Sani Abacha zug‘umi ostida qoldi. Abacha sobiq generalning o‘tmishdagi xizmatlarini unutmagan ko‘rinadi, uni 1995-yilda Petroleum Trust Fund tashkiloti prezidenti etib tayinladi. Bu tashkilot hukumat tarafidan Nigeriyada infratuzilmani yaxshilash va moliyalash maqsadida tuzildi. Buxoriy nigeriyaliklarga sidqidildan va vijdonan xizmat qilgan bo‘lsa-da, Sani Abacha vafotidan so‘ng uni lavozimidan olib tashlashdi.

Bu voqeadan so‘ng Muhammadu Boxoriy Nigeriya aholisi orasida mutloq nufuzga ega siyosatdon sifatida mashhur bo‘ldi. Sobiq Nigeriya rahbari sifatida u yangi tashkil etilgan Davlat kengashi a’zosi bo‘ldi. 2003-yildan boshlab konservativ partiya nomzodi sifatida hokimiyat uchun saylovda qatnasha boshladi.

Musulmonlar barcha musulmonlar uchun ovoz berishi kerak.

Muhammadu Buxoriy

Siyosiy nomzod sifatida Buxoriy o‘z oldiga quyidagi maqsadlarni qo‘ygan edi:

- Nigeriyaning barcha shtatlarida shariat qonun qoidalari amal qilishi;

- Dini, millati va jinsidan qat’iy nazar barcha teng huquqli bo‘lishi.

Shunga qaramay, sobiq diktator 2007-yildagi saylov kabi bu saylovda ham mag‘lubiyatga uchradi. Eng xavotirlisi, 2007-yildagi saylov mamlakat tarixidagi eng soxta saylov sifatida e’tirof etildi.

Yangi g‘oya va natija

Muhammadu Buxoriy Petroleum Trust Fund rahbari lavozimida ishlar ekan, xalqning bir nayrasiga (nayra – Nigeriya pul birligi) xiyonat qilmaganini ko‘rsata oldi. Bundan tashqari, prezident Jonatan Gudlak korrupsiya mashmashalariga aralashib qolgani, “Boko haram” guruhi faollashganiga qarshi chora ko‘ra olmayotgani 2015-yilgi saylovda harbiy sohada tajribali Muhammadu Buxoriy sezilarli darajada yuqori ovoz to‘play olishiga sabab bo‘ldi. Mag‘lubiyatlar inson tajriba ortirishiga yordam beradi deyishadi. Buxoriy o‘zidan yangi inson yasay oldi va siyosiy nomzodligiga dog‘ tushiradigan hozirgi va kelajakdagi amallardan tiyilishga o‘rgandi.

Foto: Google Photos

2015-yilgi saylovda Muhammadu Buxoriyning g‘alabasini ta’minlashga Yemi Osinbajo salmoqli hissa qo‘shdi. Uning “Progressiv islohotlar uchun kongress” partiyasi Nigeriya xalqi uchun yangi islohotlar yo‘l xaritasini taqdim qildi. Muhammadu Buxoriy bu dasturdan ilhomlanibmi yoki siyosiy piar uchunmi, u munosib raqibligini tan oldi. Saylovda Muhammadu Buxoriy g‘alaba qozondi va Yemi Osinbajo prezidentning o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Muhammadu Buxoriy davr o‘zgarganini tushunib yetgan edi.

“Boko haram” muammosi

Saylovda g‘alaba qilgan prezident oldida mamlakatda ichki tartibni saqlash muammosi turar, nigeriyaliklar o‘g‘il-qizlari “Boko haram” tomonidan o‘g‘irlab ketilishidan norozi, hukumatdan tinch aholi osuda hayot kechirishini ta’minlashni talab qilar edi. Prezident Buxoriy “Boko haram”ni qonundan tashqari deb e’lon qildi va unga qarshi keskin chora ko‘rishga va’da berdi. Buxoriy “Boko haram”ga qarshi chora ko‘rish uning kelajagiga ham daxldor ekanini yaxshi anglar edi.

2018-yilda “Boko haram” tomonidan Yoba viloyatida 118 o‘quvchi qiz o‘g‘irlanishi Buxoriy ma’muriyatiga katta zarba berdi. Bu Buxoriy ma’muriyati mafkurasining mag‘lubiyatidan darak edi. Bir oydan so‘ng o‘quvchi qizlar ozod etilgan bo‘lsa-da, hamon nigeriyalik tinch aholi “Boko haram” zarbasidan xalos bo‘lmaganligini barcha nigeriyaliklar anglab yetdi.

“Boko haram”ga qarshi Nigeriya hukumati sezilarli yutuqlarga erishib, ularni Kamerunning Sambisa o‘rmonlariga chekinishga majbur qilgan bo‘lsa-da, bu jo‘g‘rofiy hudud “Boko haram”ning asosiy tayanch bazasi bo‘lib qolmoqda. Demak, Buxoriy hukumati “Boko haram” muammosidan to‘la qutulmadi.

Bugungi vaziyat

Muxolifat Buxoriy “Boko haram”ga qarshi natijaga erishmadi deb tanqid qilayotgan bo‘lsa-da, amaldagi hukumat mamlakatdagi asosiy muammolardan biri bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashda sezilarli muvaffaqiyatga erishdi. Prezident huzurida korrupsiyaga qarshi kurash kengashi korrupsion holatlarga duch kelgan nigeriyaliklarga moddiy yordam berishi haqida dastur e’lon qildi. Hukumat sobiq ma’muriyatning budjet xarajati masalasida keng miqyosda tergov ishlarini amalga oshirdi va ulkan miqdorda kamomad aniqladi.

Shuningdek, hukumat budjet xarajatini muvofiqlashtirish amaliyotini boshladi. Bu esa Nigeriya hukumatiga 34 milliard nayra tejab qolish imkonini berdi. Davlat tashkilotlarida “o‘lik jonlar”ga to‘lanadigan maoshlarni yo‘qotishga erishdi.

Foto: Google Photos

Jahon banki Nigeriya iqtisodiyoti kelgusi yillarda 3–4 foiz o‘sishini taxmin qilmoqda.

Bugun Nigeriya hukumati oldida turgan asosiy masala “Boko haram”ga zarba berish, aholi xavfsizligini ta’minlash, ishsizlik darajasini kamaytirish va iqtisodiyotni neftga qaramlikdan qutqarish bo‘lib qolmoqda.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.