1990-yil 18-dekabr kuni BMT bosh assambleyasi Mehnat muhojirlari va ularning oila azolarining huquqlari himoyasi haqidagi xalqaro konvensiyani qabul qildi. 2004-yildan boshlab BMT ushbu sanani Xalqaro muhojirlar kuni sifatida nishonlashni tatbiq etdi. Shu sana munosabati bilan “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov migratsiya va migrantlar haqida so‘z yuritadi.

Migratsiya – insoniyat tamaddunidan buyon mavjud bo‘lgan muqarrar hodisa

Yuridik jihatdan migrant termining biror izohi yo‘q. Shunga qaramay, BMTning fikricha, o‘z mamlakati hududidan tashqari bir joyda bir yildan ortiq istiqomat qilgan har qanday odam migrant bo‘la oladi. Vatanni tark etish sababi muhim ahamiyat kasb etmaydi. O‘z xohishi bilanmi, xohishidan tashqarimi, buning ahamiyati yo‘q.

Foto: Google Photos

Ko‘pchiligimiz migrant deganda yashab turgan joyini majburan tark etgan odamni tushunamiz. Aksariyat migrantlar mamlakatini quyidagi sabablar tufayli tark etishga majbur bo‘ladi: qurolli mojaro, etnik ta’qib, tabiiy ofatlar yoki qashshoqlik. Lekin, yuqorida ta’kidlaganimizdek, migrantlar moliyaviy holati sababidan ixtiyoriy ravishda vatanni bir qancha muddatga tark etishi mumkin. Bu Markaziy Osiyo respublikalaridan Rossiyaga borib ishlashga o‘xshaydi. Bu jarayonlar mamlakatlar rivojlanishi uchun muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Xoh jo‘natuvchi mamlakat bo‘lsin, xoh qabul qiluvchi. Shu narsa isbotini topganki, migrantlar iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishga hissasini qo‘shadi. Ayniqsa vatanda qolgan oilalariga jo‘natilgan pul oilaning iqtisodiy ahvolini o‘nglashga va ta’lim, sog‘liq kabi ijtimoiy muammolarni hal qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, mamlakat valyuta ehtiyojining ma’lum qismi migrantlar jo‘natgan pul hisobidan qondiriladi.

Migratsiya – doimiy jarayon. Ammo globalizatsiya ushbu fenomen tezlashishiga olib kelmoqda. Odamlar bugun osonlik bilan bir joydan ikkinchi joyga ko‘chmoqda, oxirgi yillardagi o‘sish va xalqaro mehnat bozorining uzviy bog‘liqligi iqtisodiy migratsiya jarayoni o‘sishiga sabab bo‘lmoqda. 2017-yilgi statistik ma’lumotga qaraganda, bugungi kunda dunyoda 258 milliondan ortiq muhojir bor. Ularning aksariyati o‘z yurtini qurolli mojaro sabab tark etishga majbur bo‘lgan.

Qochqin va migrant o‘rtasida qanday farq bor?

Migrant qochqin deya e’tirof etilishi uchun xalqaro huquqning bir qator normalariga javob berishi kerak. Qochqinlar mavqei bo‘yicha Xalqaro konvensiyaga (1951-yil, 28-iyul) muvofiq, o‘zi yashab turgan mamlakat hududining irqi, dini, millati, ijtimoiy kelib chiqishi, biror ijtimoiy guruhga a’zoligi, siyosiy qarashlari tufayli ta’qibga uchragani va hayotiga xavf bo‘lgan holatda tark etgan, xalqaro hamjamiyatdan o‘zini himoya qilishni so‘ragan shaxslarga nisbatan qochqin maqomi ishlatilishi mumkin.

Qochqin deb tan olinishi uchun migrant hayotiga haqiqatan xavf borligini isbotlay olishi kerak. Qochqin maqomini so‘rab murojaat qilganlarning hammasi ham bu maqomni ola bilmaydi. Oxirgi yillardagi qochoqlarning aksariyati mamlakatda qurolli mojarolar yuz berayotgan davlatlar fuqarolaridir: Suriya, Iroq, Afg‘oniston, Liviya, Janubiy Sudan va boshqalar. BMTning Qochqinlar masalalari bo‘yicha yuqori komissariyatiga ko‘ra, bu davlatlardan kelayotgan fuqarolar hayotiga tajovuz haqida isbot keltirishiga hojat yo‘q. Bu qochqinlar prima facie maqomidagi qochqinlardir.

Yuqori komissariatning hisob-kitobiga qaraganda, 258 million migrantning 68,5 millioni mamlakatini urush, zo‘ravonlik va ta’qib tufayli tark etishga majbur bo‘lganlardir. Ularning 25 milliondan ortig‘i qochqin maqomidagi migrantlar bo‘lib, bu bugunga qadar ko‘rilgan eng yuqori raqamdir.

Har ikki soniyada bir kishi o‘z yurtidan butunlay chiqib ketmoqda

Bugungi kundagi qochqinlik va ko‘chishlarning asosiy sabablari qurolli mojarolar, zo‘ravonlik, siyosiy qatag‘onlar va inson huquqlarining buzilishidir. Eng ko‘p qochoq Suriya hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Hozirda 6,3 million suriyalik qochoq maqomida istiqomat qilib kelmoqda.

Ikkinchi jahon urushidan buyon insonlarining qurolli mojarolar tufayli yurtini tark etish hajmi ilk bor yuqori nuqtaga yetdi. Suriyani qurolli mojaro tufayli 12 million (aholisining 66 foizi) kishi tark etgan bo‘lsa, Afg‘onistondan 2,6 million, Janubiy Sudandan 2,4 million kishi qo‘shni mamlakat hududiga qochib o‘tishga majbur bo‘ldi.

Mamlakat ichida yuz beradigan migratsion holatlar ham uchrab turadi. 2017-yil holati bo‘yicha 40 million odam ma’lum sabablarga ko‘ra mamlakati hududida qochib yurishga majbur bo‘lgan. Ichki migratsiya borasida Iroq, Suriya va Kolumbiya davlatlari yetakchilik qilmoqda.

Migrantlar va qochqinlar huquqlari himoyasi borasida qanday ishlar amalga oshirildi?

2016-yil 19-sentabr kuni BMT Bosh assambleyasi o‘z yurtini majburan tark etgan millionlab kishilar huquqlarining himoyasi orasida chora tadirlarni ko‘zda tutuvchi Nyu-York deklaratsiyasini qabul qildi.

Deklaratsiyaga muvofiq a’zo mamlakatlar:

  • migrantlar va qochoqlar huquqlarini himoya qilish;
  • ularning hayotini qutqarish;
  • qurolli mojaro tufayli abgor holga kelgan davlatlardan kelgan migrantlarga va tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan migrantlarga yordam berish;
  • qochqin va muhojirlarni qabul qilish va javobgarlikni qo‘llab-quvvatlash;
  • xalqaro konferensiyalar o‘tkazishga erishish uchun muzokaralar olib borishni boshlash;
  • xavfsiz, tartibli va doimiy migratsiya uchun xalqaro kelishuvni qabul qilishni o‘z zimmasiga olishi kerak.

Shuningdek, deklaratsiyada barcha qochqin va migrantlar xalqaro inson huquqlarining fundamental huquq va erkinliklarga ega ekani ta’kidlandi. Muhojirlar huquqlari hurmat qilinishi uchun barcha davlatlar hamkorlik qilishi shartligi belgilab qo‘yildi. 2018-yil 10-dekabr kuni BMTga a’zo 150 mamlakat Marokashning Marrakesh shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Migrantsiya bo‘yicha xalqaro paktni qabul qildi. Hujjat 2018-yil 19-dekabr kuni Nyu-Yorkda, BMT Bosh assambleyasida ratifikatsiya qilindi. Hujjat migrantlar uchun umid vazifasini o‘tab berdi.

Majburan ko‘chganlarning yarmidan ko‘pi 18 yoshga yetmaganlardir

YuNESKOning 2019-yilgi ta’lim hisobotida aytilishicha, migrant va qochoq bolalar bugungi kunda yarim million sinf xonasini to‘ldirishi mumkin. Shuningdek, hisobotda 2000-yildan buyon maktab yoshidagi qochqinlar soni 26 foizga o‘sgani ham qayd etilgan.

Majburiy ko‘chishlarning bolalardan tortib olgan eng katta narsasi bolalikdir.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.