Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan Yunusobod yo‘nalishi qurilishida avariya sodir bo‘lgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi.

Foto: Facebook

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, yer o‘pirilishi oqibatida bir necha kishi tuproq ostida qolib ketgan.

“Kun.uz” Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, IIV Tergov departamenti boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayevdan hodisa yuzasidan izoh oldi.

“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Yunusobod tumanida, ‘Megaplanet’ oldida tunnel qazilayotgan bo‘lgan. Suv tunnelga tushmasligi uchun beton lotok qilingan. Ana shu lotokning qaysidir qismidan suv ketgan va suv to‘plangan. Yog‘ingarchilik kuchaygan vaqtda yer bo‘shab tunnelni bosib qolgan.

Hozircha hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar borligi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Bu hududda olib boriladigan ishlar natijasida aniqlanadi”, deydi vazir o‘rinbosari.

Ayni vaqtda hududda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda.

Hozircha Favqulodda vaziyatlar vazirligi bu borada rasmiy ma’lumot bermadi.

Foto: Facebook

“Daryo” manbasining xabar berishicha, O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov voqea joyiga borishi kutilmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmati Toshkent metropoliteni Yunusobod liniyasida qurilish ishlari olib borilayotgan ochiq uchastkada avariya holati yuz berganini tasdiqladi. Hozirda Bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov shaxsiy nazorati ostida xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Xizmat tekshiruvi natijalari haqida jamoatchilikka axborot beriladi, deyiladi xabarda.

Foto: “Gazeta.uz”

Foto: Facebook

“Potrebitel.uz”ning yozishicha, hodisa guvohlari portlash ovozi va ishchilarning baqirgani eshitilganini aytgan. Hozirda hududda bir nechta tez yordam mashinasi ishlamoqda. Avariya yuz bergan hududda avtomobillar harakati to‘xtatilgan.

Guvohlar jabrlanganlarning tez yordam mashinasi olib ketayotganini aytgan, shuningdek tuproq o‘pirilgan joyga avtomobillarning tushib ketgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Ma’lumot uchun, “Yunusobod” yo‘nalishi 2001-yil 24-oktabrda dastlabki olti bekat — “Mingo‘rik”, “Yunus Rajabiy”, “Abdulla Qodiriy”, “Minor”, “Bodomzor”, “Habib Abdullayev” nomlari bilan foydalanishga topshirilgan.