Farg‘ona viloyatida elektromobillarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish 2022-yilning oktabriga rejalashtirilgan. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “2020—2024-yillarda Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.

Kadr: YouTube

Sentabr oyining o‘rtalarida Prezident Shavkat Mirziyoyev “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasidagi “Shaffof omadli sanoat” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishgan edi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra Qo‘qonda ishlab chiqarilishi kutilayotgan ushbu elektromobillarning taxminiy narxi 3 ming dollar atrofida bo‘ladi. Birinchi yilda 2 ming dona mashina chiqarish rejalashtirilgan.

Sentabr oyining oxirlarida rossiyalik bloger Alan Yenileyev O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi kutilayotgan elektromobilni sinovdan o‘tkazgandi. Videoda bloger Yenileyev Qo‘qon elektromobillari nafaqat oldidagi belgisi, balki ichki va tashqi ko‘rinishi bilan ham Mercedes AMG’ga o‘xshashiga e’tibor qaratgan.

Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 40 million dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, shuning 24 million dollari xorij investitsiyalari hisobiga to‘g‘ri keladi.