19-dekabr Birinchi chechen urushi boshlangan kun hisoblanadi. Rossiyaning yangi tarixidagi eng qonli epizodlar bo‘lmish Chechen urushlari haligacha dunyoni dahshatga solib keladi. “Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov bu urush sabablari va boshlanishi xususida so‘z yuritadi.

Urush shabbodasi

SSSRda “Qayta qurish” siyosati boshlanishi bilan, Sovet Ittifoqining turli respublikalarida, shu jumladan, Chechen-Ingushetiyada millatchilik harakatlari faollashdi. Shunday tashkilotlardan biri 1990-yilda asos solingan Chechen xalqining umumjahon kongressi (ChXUK) bo‘lib, u o‘z oldiga Chechenistonni SSSR tarkibidan chiqarib, mustaqil chechen davlati yaratishni maqsad qilgan edi. ChXUKni Sovet harbiy-havo kuchlarining sobiq generali Johar Dudayev boshqargan.

Foto: Wikipedia

1991-yil 8-iyun kuni ChXUKning II sessiyasida Dudayev Checheniston Respublikasini (Noxchi-cho) e’lon qildi. Shu bilan respublikada Chechen-Ingush ASSR rahbari Doku Zavgayev va Johar Dudayevlar boshchiligidagi ikki tomonlama hokimiyat hukmronlik qila boshladi.

1991-yil iyul oyida ChXUKning II kongressi Checheniston Respublikasi (Noxchi-Cho) RSFSR va SSSR tarkibidan chiqqanini e’lon qildi.

1991-yil 19–21-avgustda Moskvada bo‘lgan voqealar paytida (Avgust to‘ntarishi) Chechen-Ingush ASSR rahbariyati, ba’zi manbalarga ko‘ra, GKChPni qo‘llab-quvvatlagan; boshqa manbalarga ko‘ra, Zavgayev Moskvadagi voqealarga aralashmagan. Bu vaziyatni baholab, 1991-yil 6-sentabrda Dudayev Rossiyani mustamlakachilik siyosatida ayblab, respublika davlat tuzilmalari tarqatib yuborilganini e’lon qildi. Xuddi shu kuni Dudayev tarafdorlari Oliy Kengash binosi, televizion markaz va Radio uyiga bostirib kirdi. 40 dan ortiq deputat kaltaklandi, Grozniy shahar kengashi raisi Vitaliy Kutsenko derazadan uloqtirilib o‘ldirildi.

1991-yil 27-oktabrda respublikada ayirmachilar nazorati ostida prezident va parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Dudayev respublika prezidenti etib saylandi. Dudayevning muxoliflari saylov natijalari soxtalashtirilganini e’lon qildi. 2-noyabrda RSFSR Xalq deputatlari V qurultoyida saylov noqonuniy deb e’lon qilindi. Keyinchalik xuddi shu fikrni Konstitutsiyaviy sud raisi V. D. Zorkin ham aytdi.

Favqulodda holat

1991-yil 7-noyabrda Rossiya prezidenti Boris Yelsin “Chechen-Ingush Respublikasida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risida” qaror imzoladi.

Prezident favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmoni e’lon qilingandan so‘ng Dudayev tarafdorlari Ichki ishlar vazirligi, KGB binolari, harbiy qismlar, temir yo‘l va havo yo‘llarini to‘sib qo‘ydi. Oxir-oqibat favqulodda holat bekor qilindi. 11-noyabr kuni “Chechen-Ingush Respublikasida favqulodda holat joriy etish to‘g‘risida”gi qaror majlisda qizg‘in muhokamadan so‘ng Rossiya parlamenti tomonidan ma’qullanmadi.

Johar Dudayev.

Foto: Wikipedia

Checheniston oppozitsiyasining yetakchilari Dudayevni mamlakat suverenitetining himoyachisi sifatida qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

SSSR parchalanib ketganidan keyin Dudayev Checheniston Rossiyadan butunlay chiqib ketishini e’lon qiladi. Rossiya Ichki ishlar vazirligining harbiy qism va bo‘linmalari respublikadan chiqarilishi 1992-yil iyuniga qadar yakunlandi.

Iyun oyida Rossiya mudofaa vaziri Pavel Grachyov dudayevchilarga respublikada mavjud qurol va o‘q-dorining yarmini topshirishni buyurdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu zarur qadam edi, chunki “topshirilgan” qurolning katta qismini allaqachon dudayevchilar egallab olgan, askarlar va poyezdlar yetishmasligi tufayli qolgan qismini olishning ham imkoni bo‘lmagan.

Mustaqil Checheniston

Dudayevchilarning Grozniydagi g‘alabasi Chechen-Ingush ASSRning qulashiga olib keldi. Malgobek, Nazran va sobiq Chechen-Ingush Respublikasining va Sunjenskiy tumani Ingushetiya Respublikasini tashkil etdi. Qonuniy ravishda Chechen-Ingush Respublikasi 1993-yil 9-yanvarda faoliyatini to‘xtatdi. Checheniston va Ingushetiya o‘rtasidagi aniq chegara 2018-yilgacha demarkatsiya qilinmadi.

1992-yil noyabr oyida ingush-osetin mojarosi paytida rus qo‘shini Shimoliy Osetiyaning Prigorodniy tumaniga yuborildi. Shu sababli Moskva va Checheniston o‘rtasidagi munosabat keskin yomonlashdi. Shu bilan birga, Rossiya oliy qo‘mondonligi “chechen muammosi”ni kuch va zo‘ravonlik bilan hal etishni taklif qildi, ammo keyin Yegor Gaydarning urinishlari bilan Chechenistonga qo‘shin kiritilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Foto: Wikipedia

Natijada Checheniston deyarli mustaqil bo‘lib oldi, ammo qonuniy ravishda biror mamlakat uni mustaqil deb tan olmadi. Respublikaning davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasi, vakolatli organlari – prezidenti, parlamenti, hukumati va dunyoviy sudlari mavjud edi. Qurolli kuchlarni tashkil etish, milliy pul birligi – “naxara” joriy etilishi rejalangandi. 12-martda qabul qilingan konstitutsiyada IChR (Ichkeriya Chechen Respublikasi) “mustaqil dunyoviy davlat” deb ta’riflangan, uning hukumati Rossiya bilan federal shartnoma imzolashdan bosh tortgan edi.

1992–1993-yillarda Chechenistonda 600 dan ortiq qasddan qotillik sodir etildi. 1993-yil davomida Shimoliy Kavkaz temir yo‘lining Grozniy filialida 11,5 milliard rubl qiymatidagi 4 ming vagon va konteynerlarni talon-toroj qilish bilan 559 poyezdga hujum qilindi. 1994-yilning sakkiz oyida 120 qurolli hujum uyushtirildi, natijada 1 156 vagon va 527 konteyner talon-toroj qilindi. Yo‘qotishlar 11 milliard rubldan oshdi. 1992–1994-yillarda qurolli hujumlar natijasida 26 temir yo‘l ishchisi halok bo‘ldi. Mavjud vaziyat Rossiya hukumatini 1994-yil oktabridan Checheniston hududida harakatni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilishga majbur etdi.

Garovga olish va qul savdosi respublikada gullab-yashnadi – 1992-yildan beri Chechenistonda 1 790 kishi o‘g‘irlandi va noqonuniy hibsga olindi. Bundan tashqari shu davr mobaynida chechen harbiy dala komandirlari Shamil Basayev va Salman Raduyevlar bir necha bor terroristik hujumlar uyushtirib, hattoki tug‘ruqxonadagi ayollar va bolalarni ham garovga olgan epizodlar bo‘lib o‘tdi.

Dudayev – yakkahokim

1993-yil bahorida IChRda Dudayev va parlament o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar keskin kuchaydi. 17-aprelda Dudayev parlament, konstitutsiyaviy sud va Ichki ishlar vazirligi tarqatib yuborilishini e’lon qildi. 4-iyunda qurollangan dudayevchilar, xususan, Shamil Basayev boshchiligida Grozniy shahar kengashi binosi tortib olib, unda parlament va konstitutsion sud majlislarini o‘tkazdi; Shunday qilib, IChRda davlat to‘ntarishi sodir bo‘ldi. O‘tgan yili qabul qilingan konstitutsiya o‘zgartirildi, respublikada Dudayevning shaxsiy hokimiyat rejimi o‘rnatildi. Bu 1994-yil avgustgacha – qonunchilik vakolatlari parlamentga qaytarilgunga qadar – davom etdi.

Urush ichidagi fuqarolar urushi

1993-yil 4-iyunda davlat to‘ntarishidan so‘ng Grozniydagi ayirmachi hukumat nazorat qilmaydigan Chechenistonning shimoliy hududlarida Dudayev rejimi bilan qurolli kurashni boshlagan aksildudayevchi muxolifat paydo bo‘ldi. Birinchi muxolifat tashkiloti Milliy najot qo‘mitasi edi. Ular bir necha qurolli harakatni amalga oshirdi, ammo tez orada mag‘lubiyatga uchrab, tarqalib ketdi.

Uning o‘rniga Checheniston hududida yagona qonuniy hokimiyatni e’lon qilgan Umar Avturxonov boshchiligidagi Checheniston Respublikasining muvaqqat kengashi (ChRMK) tayinlandi. ChRMK Rossiya hukumati tomonidan tan olindi. Moskva unga har tomonlama yordam ko‘rsatdi.

Foto: Wikipedia

1994-yil yozidan Chechenistonda Dudayevga sodiq qo‘shinlar va Muvaqqat kengashning Rossiya norasmiy qo‘llab-quvvatlagan muxolif kuchlari o‘rtasida harbiy harakatlar boshlandi. Dudayev otryadlari muxolifat boshqaradigan Nadterechniy va Urus-Martan tumanlarida hujumkor operatsiyalar o‘tkazdi. Ikki tomon katta yo‘qotishlarga uchradi. Janglarda tanklar, artilleriya va minomyotlar ishlatildi.

Tomonlarning kuchlari taxminan teng edi. Ularning hech biri bu kurashda ustun kela olmadi.

26-noyabrь kuni muxolifat uchinchi marotaba Grozniyga bostirib kirdi. Shu bilan birga, Dudayev tarafdorlari federal kontrrazvedka xizmati bilan shartnoma asosida muxolifat tomonida jang qilgan bir qator rus harbiy xizmatchilarini qo‘lga oldi.

Dekabr o‘rtalarida Rossiya federal qo‘shinlari Grozniy atroflarini o‘qqa tuta boshladi. 19-dekabrda shahar markaziga birinchi bomba zarbasi berildi. Shu bilan Birinchi chechen urushi boshlanib ketdi.

Urush

Grozniy janub tomondan himoyasiz qolishiga qaramay, shaharga hujum 1994-yil 31-dekabrda boshlandi. Ko‘cha janglarida o‘ta himoyasiz bo‘lgan 250 ga yaqin Rossiya qurolli kuchlarining zirhli mashinalari shaharga kirdi. Rus harbiy kuchlari safidagi askarlar yaxshi o‘qitilmagan, turli bo‘linmalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va muvofiqlashtirish yo‘lga qo‘yilmagan edi. Askarlar jangovar tajribaga ega emas edi. Rossiya qo‘shinida cheklangan miqdorda shaharning 70-yillardagi eski rejalari va aviasuratlari bor edi xolos. Aloqa vositalari yopiq aloqa uskunalari bilan jihozlanmagani, dushmanga o‘zaro xabarlarni eshitib turishga imkon berdi. Qo‘shinlarga faqat sanoat binolarini egallash, maydonlarni va fuqarolar uylariga bostirib kirish mumkin emasligi buyurildi.

G‘arbiy kuchlar guruhi sharqda to‘xtab, qarshilikka uchrab, orqaga chekindi. 1995-yil 2-yanvargacha hech qanday chora ko‘rilmadi. General Pulikovskiy qo‘mondonligi ostidagi 131-motoo‘qchi brigadaning 1 va 2-batalyonlari (300 dan ortiq odam) shimoliy yo‘nalishda, 81-motoo‘qchi polk batalyoni va tank rotasi temir yo‘l stantsiyasiga va prezident saroyiga yetib keldi. Federal kuchlar chechenlar tomonidan qurshovga olindi – rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 131-brigadaning yo‘qotishlari 85 kishi bo‘lgan, 72 kishi bedarak yo‘qolgan. 20 ta tank yo‘q qilingan, brigada komandiri polkovnik I. A. Savin o‘ldirilgan, 100 dan ortiq askar asir olingan. 81-kuchaytirilgan gvardiya batalyoni ham katta yo‘qotishlarga duch keldi – 1-yanvar holatiga ko‘ra bu batalyonda boshlang‘ich askarlar sonining 30 foizi qolgan edi xolos.

Foto: Wikipedia

General Roxlin qo‘mondonligi ostidagi shimoli-sharqiy guruh separatistik bo‘linmalar bilan janglarda mag‘lubiyatga uchradi. Shunga qaramay, Roxlin chekinish to‘g‘risida buyruq bermadi.

1995-yil 7-yanvarda “Shimoli-sharq” va “Shimol” guruhlari general Roxlin qo‘mondonligi ostida birlashdi, Ivan Babichev esa “G‘arb” guruhning qo‘mondoni bo‘ldi.

Rossiya armiyasi taktikani o‘zgartirdi – endi zirhli transport vositalarini ommaviy ishlatish o‘rniga, ular artilleriya va samolyotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan manyovrli desant guruhlaridan foydalana boshladi. Grozniy ko‘chalarida shafqatsiz janglar bo‘lib o‘tdi.

Ikki guruh prezident saroyi tomon siljib, 9-yanvarga qadar Neft instituti va Grozniy aeroportini egallab oldi. 19-yanvarga kelib bu guruhlar Grozniy markazida yig‘ilib, prezident saroyini ishg‘ol etdi. Chechen ayirmachi bo‘linmalari Sunja daryosining narigi tomoniga qarab chekindi va Minutka maydonida mudofaaga kirishdi. Muvaffaqiyatli hujumga qaramay, rus harbiylari shaharning atigi uchdan bir qismini nazorat qilar edi xolos.

Fevral oyi boshiga kelib rus harbiylari soni 70 ming kishiga yetkazildi. Birlashgan qo‘shinning yangi qo‘mondoni general Anatoliy Kulikov edi.

“Janub” guruhi 1995-yil 3-fevralda tuzildi. U Grozniy shahrini janubdan to‘sib qo‘yish rejasini amalga oshira boshladi. 9-fevralga kelib rus qo‘shinlari Rostov – Boku federal magistralining chegarasigacha yetib bordi.

Sulh va yakun

13-fevral kuni Ingushetiyaning Slepsovskaya qishlog‘ida Rossiya qo‘shinlari komandiri Anatoliy Kulikov va IChR qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Aslan Masxadov o‘rtasida vaqtincha sulh tuzish to‘g‘risida muzokara bo‘lib o‘tdi. Tomonlar harbiy asirlar ro‘yxatini almashadi. Ikkala tomonga ham shahar ko‘chalarida o‘lik va yaradorlarni olib ketish imkoniyati berildi. Biroq sulh ikki tomondan ham buzildi.

20-fevralda shaharda (ayniqsa janubiy qismida) ko‘cha janglari davom etdi. Qo‘llab-quvvatlashdan mahrum bo‘lgan chechen qo‘shinlari asta-sekin shahardan chiqib keta boshladi.

Nihoyat, 1995-yil 6-martda Checheniston harbiy dala qo‘mondoni Shamil Basayevning jangarilar otryadi Grozniyning ayirmachilar nazoratidagi so‘nggi tumani bo‘lmish Chernorechyedan chekindi va shahar Rossiya qurolli kuchlari nazorati ostiga o‘tdi.

Grozniyda Salambek Xajiyev va Umar Avturxonov boshchiligidagi rossiyaparast ma’muriyat tuzildi.

Bu vaqtga kelib shaharning katta qismi xarobaga aylanib ulgurgan edi.

Natija

Urush Xasavyurt bitimi imzolanishi va rus qo‘shini olib chiqilishi bilan yakun topdi. Checheniston yana amalda mustaqil bo‘ldi, ammo de-yure dunyoning biror mamlakati buni tan olmadi.

Buzilgan uylar va qishloqlar tiklanmadi, iqtisodiyot jinoiy yo‘llar bilan ishladi. Sobiq deputat Konstantin Borovoyning so‘zlariga ko‘ra, Birinchi chechen urushi paytida Mudofaa vazirligining qurilish shartnomalari bo‘yicha pora summasi shartnoma miqdorining 80 foizigacha yetdi. Etnik tozalash va janglar tufayli Chechenistonning chechen millatiga mansub bo‘lmagan aholisi mamlakatni tark etdi yoki o‘ldirildi.

Foto: Wikipedia

Rossiya qo‘shini shtab-kvartirasi harbiy harakatlar tugaganidan keyin e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, urush oqibatida Rossiya qurolli kuchlarining yo‘qotishlari quyidagicha: 4 103 kishi o‘lgan, 1 231 kishi bedarak yo‘qolgan va asirga olingan, 19 794 kishi yaralangan. General-polkovnik G. F. Krivosheyev boshchiligidagi bir guruh tadqiqotchilar to‘plagan yangi ma’lumotlarga ko‘ra federal kuchlarning yo‘qotishlari: 5 042 o‘lgan, 690 kishi bedarak yo‘qolgan, 17 892 kishi yaralangan. “Askar onalari” qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, urushda kamida 14 ming kishi halok bo‘lgan. Shuni yodda tutish kerakki, “Askar onalari” ma’lumotlarida shartnoma bo‘yicha xizmatchilar va maxsus bo‘linmalarning harbiy xizmatchilarining yo‘qotishlari hisobga olinmagan, unga faqat armiyaga yangi chaqiriluvchilarning yo‘qotishlari kiritilgan.

Rossiya ma’lumotlariga ko‘ra, jangarilarning yo‘qotishlari 17 391 kishini tashkil qildi. Chechen bo‘linmalari shtab boshlig‘i (keyinchalik IChR prezidenti) Aslan Masxadovning so‘zlariga ko‘ra, chechenlar tomonidan 3 mingga yaqin odam halok bo‘lgan. “Memorial” inson huquqlarini himoya qilish tashkilotiga ko‘ra, jangarilarning yo‘qotishlari 2 700 kishidan oshmaydi, tinch aholi qurbonlari soni esa 50 ming kishiga yetadi.

Bu bilan Chechenistonda urush tugamadi. Keyinchalik respublikada boshlangan inqiroz va vahhobiylik oqimining o‘sishi kelajakda Dog‘iston bosib olinishiga, Ikkinchi chechen urushi boshlanishiga olib keldi. Bu endi boshqa mavzu...

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini aks ettiradi.