Facebook kompaniyasi ushbu ijtimoiy tarmoqda Gruziya hukumati va “Gruziya orzusi” hukmron partiyasiga aloqador o‘nlab soxta akkauntlar va yuzlab sahifalar aniqlanganini ma’lum qildi. “Kommersant”ning yozishicha, umumiy hisobda 39 ta akkaunt, 344 ta sahifa va 13 ta guruh, shuningdek Instagram’dan 22 ta akkaunt o‘chirilgan.

Foto: Sputnik

Qayd etilishicha, soxta akkauntlardan mahalliy auditoriyani jalb qilish maqsadida foydalanilgan. Ushbu sahifalar o‘zini yangiliklar manbasi sifatida ko‘rsatgan.

Ular mamlakat ichidagi voqealar va siyosat to‘g‘risida — saylovlar, hukumat ishi, amaldorlar va hokazolar haqida xabarlar joylashtirgan. Muxolifat va mahalliy faollar tashkilotlari faoliyati esa tanqidiy yoritilgan.

“Uning ortida turgan odamlar o‘zlarining kimligini yashirishga harakat qilganiga qaramay, izlanishlarimizda ularning Gruziyadagi ‘Panda’ reklama agentligi va ‘Gruziya orzusi’ boshchiligidagi hukumat bilan aloqadorligini ko‘rsatdi”, — deyiladi Facebook bayonotida.

Facebook, shuningdek, misol tariqasida ijtimoiy tarmoqlardagi siyosiy yetakchilar to‘g‘risidagi postlardan skrinshotlarni ham keltirgan.