12-dekabr kuni Yevropa yadroviy tadqiqotlar markazi (CERN) boshqaruv kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tgan edi. Unda Katta adron kollayder rahbariyati tomonidan kollayderning 2021-yilga mo‘ljallangan navbatdagi ishga tushirilishi muddatini kechiktirishga qaror qilinganini aytdi. Bu haqda CERN rasmiy saytida xabar paydo bo‘ldi.

Foto: CERN

Unda aytilishicha, kollayderning ta’mirlash va modernizatsiyalashdan keyingi navbatdagi ishga tushirilishi avval reja qilinganidek 2021-yil fevralida emas, may oyiga ko‘chirilgan. Tezlatkichda umumiy hisob bo‘yicha uchinchi marta eksperiment boshlanishi esa avvalgi rejaga ko‘ra 2023-yilda emas, 2024-yilga ko‘chirilgan. 2024-yildan keyingi, 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan tanaffus paytida esa, kollayderga yangi qo‘shimcha uskunalar bilan to‘ldirilishi belgilandi. Xususan, O‘ta yorqin kollayder (High Luminosity LHC) deb nom olishi belgilangan, yangilangan kollayder 2028-yilda ishga tushiriladigan bo‘ldi.

Maqolada qayd etilishicha, o‘tgan yil mobaynida, kollayder tezlatkichlarini yangilash bo‘yicha keng miqyosli ishlar bajarilgan va uni uchinchi ishga tushirilishi uchun katta tayyorgarlik ko‘rilgan. Shu bilan birga, kollayderni O‘ta yorqin kollayder loyihasigacha modernizatsiya qilish ishlari ham parallel olib borilmoqda.

Rejaga ko‘ra, kollayderning modernizatsiyadan keyingi holati (ya’ni HL LHC) hozirgisi butun ish davrida yiqqanidan ko‘ra 10 barobar ko‘proq ma’lumot yig‘a oladigan bo‘ladi. Shu tariqa, u orqali elementar zarralar fizikasida yangi yo‘nalishlar ochilishi, xususan, yangi subatom zarralar kashf etilishi va hozirda jumboq bo‘lib turgan kvant hodisalarining mohiyatini tushunishga yo‘l ochilishi mumkin. O‘lchashlar aniqligi ham keskin ortadi va cheksiz kichik miqdorlarni ham katta aniqlikda o‘lchash mumkin bo‘ladi. Bu olamshumul rejalarni amalga oshira oladigan mukammal kollayder yig‘ish uchun esa CERN muhandislariga qo‘shimcha bir yil kerak bo‘lar ekan.

Muzaffar Qosimov