Twitter manipulyatsiyaga qarshi kurash masalasida mikrobloglar xizmati siyosatini buzganligi uchun 5 929 ta akkaunt o‘chirilishini e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Kommersant”.

Foto: Shutterstock

Xabarda aytilishicha, Twitter jamoasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda ushbu akkauntlarning “Saudiya Arabistoni tomonidan Twitter’da olib borgan hokimiyat manfaatlariga xizmat qiluvchi keng ko‘lamli axborot operetsiyalari”ga aloqadorligi aniqlangan.

O‘chirilgan akkauntlar 88 ming akkauntdan iborat yirikroq tarmoqning markaziy bo‘g‘ini bo‘lgan. Ular Saudiya Arabistoni bilan bog‘liq maqolalar, ushbu mamlakat rahbariyatini ijobiy tomondan ko‘rsatuvchi xabarlarni ommaviy tarqatish (shu jumladan avtomatlashtirilgan dasturlardan foydalangan holda), ulashish va izohlar qoldirish va hokazolarga ixtisoslashtirilgan bo‘lgan.

Twitter’ning aniqlashicha, ushbu muvofiqlashtirilgan faoliyatning manbai, Saudiyaning Smaat marketing kompaniyasi bo‘lib, u o‘z mijozlari nomidan akkauntlarni ochgan, sotib olgan va katta ehtimol bilan ularning roziligisiz boshqargan. Shu sababli Twitter Smaatga mikrobloglar servisi xizmatidan foydalanish imkoniyatini butunlay cheklagan.