Ma’lumki, 22-dekabr eng qisqa kunduz va eng uzun tun bo‘ladigan sana. Bu sanada sayyoramizning Bosh energetigi – Quyoshdan bizga eng kam yorug‘lik va issiqlik tushadi. Energiya iste’moli eng ko‘p bo‘ladigan ushbu kunda MDH mamlakatlarining aksariyatida energetika sohasi xodimlari kasb bayramini nishonlaydi. Xususan, Ukraina, Belarus, Qirg‘iziston va Rossiya qatori O‘zbekistonda ham bu sanada energetiklar kuni bayram qilinadi.

Zarnews

Albatta, energetiklar kasb bayrami atayin ushbu eng qisqa kun bo‘ladigan sanaga moslangan emas. Avvallari bu sana dekabrning uchinchi yakshanbasiga to‘g‘ri kelar edi. Qo‘shni Qozog‘istonda hozir ham shunday. Biroq 1980-yilda sana ta’sis etilgan qarorda bayram 22-dekabr kuniga belgilangan edi. Shu sababli ko‘p joyda mazkur sana aynan 22-dekabr sifatida o‘rnashib qolgan. Buning tarixi esa 1920-yilning 22-dekabrida GOELRO rejasi qabul qilingani bilan bog‘liqdir.

Energetika sohasi jamiyat hayotida qanday katta ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlashga hojat yo‘q. Uylarimizga issiqlik va yorug‘lik ulashadigan, ishlab chiqarish korxonalarida uskuna va dastgohlarini harakatga keltiradigan va umuman zamonaviy hayotning barcha-barcha sohasida asosiy o‘rin tutadigan jabha, shubhasiz, energetikadir!

Albatta, aynan shu sohada O‘zbekistonda muammolar ko‘p. Qishloqlarda chiroq va issiqlik yo‘qligi, shaharlardagi uzilishlar tufayli eng ko‘p tanqid eshitadiganlar energetiklar bo‘lsa kerak. Ayni paytda, O‘zbekistonning energetika bilan bog‘liq muammolari alohida shaxslarga bog‘liq emasligi, balki tizimli xarakterga egaligini qator tahlilchilar e’tirof etgan. Shuni inobatga olib, bugun energetiklarni tanqid qilishdan o‘zimizni tiyib, ularni kasb bayrami bilan qutlaymiz.

Sana munosabati bilan O‘zbekiston bo‘ylab mehnat qilayotgan barcha energetika sohasi xodimlarini – montyorlar, elektriklar, teplotexnik, muhandislar, dispetcherlar, oliygohlarda ta’lim olayotgan bo‘lg‘usi mutaxassislar va umuman sohaga daxldor barcha-barchani chin dildan tabriklaymiz. Ishingiz bexatar, ta’minotingiz uzluksiz bo‘lsin! Bayram muborak, energetiklar!

Muzaffar Qosimov