Motorola kompaniyasi egiluvchan ekranli Razr smartfoniga oldindan buyurtma va sotuvning boshlanishini boshqa muddatga kechiktirdi. Bu haqda The Verge xabar bergan.

Foto: The Verge

Motorola kompaniyasi ushbu qarorga Razr’ga bo‘lgan talabning kutilmagan darajada yuqori bo‘lgani sabab kelganini bildirdi. Kechikish bilan boshlanadigan sotuvlar orqali Motorola barcha istovchilarning mobil qurilmaga ega bo‘lishini ta’minlab bermoqchi.

Avvaliga qurilmani oldinroq buyurtma qilish 26-dekabrdan, savdo esa 2020-yil yanvarida boshlanishi kutilgandi. Kompaniya smartfonning sotuvi qachon boshlanishiga aniqlik kiritmagan, lekin bu uzoqqa bormasligini qayd etgan.

Motorola kompaniyasi Razr nomini 2004-yilda kompaniyaning eng katta muvaffaqiyatga erishgan telefonlari tufayli tanlagan. Yangi Razr’ning tashqi ko‘rinishi klassik modelni eslatib yuboradi.

Dastlab Razr faqat AQShda sotiladi, Motorola boshqa bozorlar bo‘yicha rejalarini oshkor etmagan. Telefonning narxi 1499 AQSh dollarini tashkil etadi.