Tarixda juda yoshligidan butun birdavlatni boshqargan va dunyoni titratgan hukmdorlar ko‘p o‘tgan. Ammo bugungi kunimizda ham yosh bo‘lishiga qaramay, katta davlatlarni boshqarayotgan davlat rahbarlari yo‘q emas. Ana shunday yosh davlat rahbarlaridan biri Fransiya V respublikasining sakkizinchi prezidenti Emmanuel Makrondir. 21-dekabr – Emmanuel Makron tug‘ilgan kun. Shu munosabat bilan “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov bu shaxs haqida so‘z yuritadi.

Fransiya respublikasining eng yosh prezidenti Emmanuel Makron 1977-yilning 21-dekabr kuni Fransiyaning Amyen shahrida shifokorlar oilasida dunyoga keldi. Oilada kattasi farzand bo‘lgan Emmanuelning bir ukasi va bir singlisi bor.

Foto: France24

Bolalaligining asosiy qismini ona tomondan buvisinikida o‘tkazdi. Ilk savodini iyezuitlar maktabida chiqargan Makron maktabni a’lo baholar bilan bitirdi. 16 yoshida fransuz tili tanlovida g‘alaba qozonib, Amyen konservatoriyasining pianino bo‘yicha mukofotini qo‘lga kiritdi.

Maktabni tugatib, Parijdagi Genri IV litseyiga o‘qishga kirdi. Litseyni tugatib, Parij siyosiy fanlar universitetiga o‘qishga kirdi. Universitetni muvaffaqiyatli tamomladi. 1999-yildan boshlab faylasuf Pol Rikyorning yordamchisi sifatida ish boshlab, uning so‘nggi kitoblaridan birining nashrida ishtirok etdi.

Faoliyati

2002-yilda Boshqaruv milliy maktabiga (ENA) o‘qishga kirib, 2004-yil u yerni tamomlab, faoliyatini moliya inspektori yordamchisi vazifasidan boshladi. 2005-yilda inspektor lavozimiga ko‘tarildi. 2008-yilgacha inspeksiyada ishlagan Makron bundan buyon Rotshildlar bankida ishlay boshladi. 2010-yilda bank boshqaruvchisi lavozimigacha ko‘tarildi.

Siyosat olamiga Fransua Olland prezidentligi paytida qadam qo‘ydi. Sotsialistik partiya a’zosi sifatida Fransua Ollandning saylovoldi kampaniyasida ishtirok etdi. 2012-yilgi prezident saylovidan keyin Olland uni Yeliseyga taklif qildi. Prezident ma’muriyatida bosh kotib lavozimida ishlay boshladi.

Foto: AP

2014-yilgacha jamoatchilikka uncha tanish bo‘lmagan Makron 26-avgust kuni Bosh vazir Manuel Vals hukumatida Fransiya iqtisodiyot vaziri etib tayinlandi. Bu lavozimda ikki yil faoliyat olib borgan Makron 2016-yilda o‘z partiyasini tuzib, vazirlikdan iste’fo berdi va prezidentlik saylovida qatnashish uchun nomzodini ilgari surdi.

2017-yil may oyida bo‘lib o‘tgan saylovda mutlaq g‘alaba qozonib, Fransiya respublikasining navbatdagi prezidenti etib saylandi. Bu bilan u Fransiya respublikasi tarixida eng yosh prezident bo‘ldi.

Parlament saylovida ko‘pchilik ovoz olgan prezident partiyasi yangi hukumatni shakllantirdi. Partiya a’zosi Eduard Filipp bosh vazir etib tayinlandi.

Brijit Emmanueldan necha yosh katta?

Makronning shaxsiy hayoti ko‘pchilikka g‘ayritabiiy bo‘lib ko‘rinadi. Sababi, u litseydagi sobiq o‘qituvchisi Brijit Tronyoga uylangan.

Emmanuel bilan turmush qurganidan so‘ng u Brijit Makron sifatida omma oldida ko‘rinish bera boshladi. Ba’zi tahlilchilar Makronning muvaffaqiyatlari aynan shu ayol tufayli ekanini ta’kidlaydi. Sababi, Brijit Emmanuel bilan turmush qurmasidan oldin yuqori davlat lavozimlarida faoliyat yuritgan. Ayrim tahlilchilar esa Makron prezidentlikka saylanishini u bir paytlar faoliyat yuritgan Rotshildlar banki bilan bog‘laydi.

Foto: Best Image

Bizningcha, Makron Fransiyada o‘tgan haqiqiy demokratik saylovlar natijasida Fransiya xalqining istagi bilan prezident etib saylangan. Chunki o‘sha paytda amaldagi prezident Fransua Olland fransuzlarning hafsalasini pir qilgan edi. Davlat yangi qonga muhtoj edi. Aynan shu vaziyatda Makron o‘z partiyasiga asos soldi hamda fransuz xalqini rozi qiladigan va’dalarni bera oldi.

Prezidentlik

Saylovning ikkinchi turida konservativ ruhdagi Milliy front partiyasi lideri Marin Le Pen bilan qarama-qarshi kelgan Makronga saylovchilarning 66 foizdan yuqori qismi ovoz berdi. Ammo prezidentlik muddatining teng yarmi ortda qolar ekan, uning boshqaruvidagi Fransiya bir necha bor bo‘hronli kunlarni boshidan o‘tkazdi. Bu davrdagi Makron boshqaruvi asosan quyidagi voqealar bilan yodda saqlanib ajralib turadigan bo‘ldi: mehnat qonunchiligi islohoti, mamlakat temir yo‘l tizimidagi islohot, bir yildan oshiq davom etgan sariq nimchalilar norozilik namoyishlari va butun  mamlakat bo‘ylab tashkil etilgan katta milliy debatlar. So‘nggi kunlarda nafaqa islohoti natijasida mamlakat yana norozilik namoyishlari girdobiga sho‘ng‘ib ketdi.

Makronning muhokamalarga sabab bo‘lgan iqtiboslari

Siyosiy faoliyati davomida Makron muhokamalarga sabab bo‘luvchi qator fikrlar aytgan. Quyida ularning eng sermuhokamalarini keltirib o‘tamiz.

Foto: Reuters

2014-yil 17-sentabr kuni GAD zavodidagi breton ishchilarni savodsizlar deb haqorat qildi. O‘sha paytda keng muhokamaga sabab bo‘lgan bu gapi uchun keyinchalik uzr so‘radi.

Iqtisodiyot vaziri sifatida faoliyat yuritgan paytda Lunel kommunasidagi ish tashlovchilarga qarata shunday degandi:  “Siz meni futbolkalaringiz bilan qo‘rqita olmaysiz, kostyum sotib olib ishlash kerak”.

2017-yil 4-fevralda “Hech qanday fransuz madaniyati yo‘q, Fransiya madaniyati bor, u xilma-xildir”, degandi. Shunga o‘xshash fikrni Londonda ham takrorlab, haqiqiy fransuz san’atini hech qachon ko‘rmaganini ta’kidlagandi.

2017-yil 11-iyulda G20 sammitida Afrika haqida aytgan gaplari fransuz matbuotida muhokamalarga sabab bo‘ldi. O‘shanda u sammit qatnashchilariga qarata “Afrikada tug‘ilishlar sonini qarang, milliardlab yevro sarflasangiz ham u yerni tartibga sola olmaysiz”, degan edi.

Eslatib o‘tamiz, Fransiyada prezident saylovi har besh yilda o‘tkaziladi, bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas. Navbatdagi saylov 2022-yil may oyida o‘tkaziladi. Bu safar ham Makron g‘alaba qozonadimi, yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi, ammo mamlakatda yuz bergan voqealar bu masalani so‘roq ostida qoldirmoqda.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.