2019-yilning yanvar—noyabr oylarida O‘zbekistonning import hajmi 22 014,8 million AQSh dollariga teng bo‘ldi. Import tarkibida eng katta ulush mashina va asbob-uskunalar hamda ularning qismlari (44,1 foiz), kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan buyumlar (13,0 foiz) hamda oziq-ovqat mahsulotlari (7,6 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Foto: “Autostrada.uz”

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston 370,6 million dollarlik yengil avtomobillar import qildi.

Ta’kidlanishicha, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 52,6 foizga ko‘pdir.

Yil boshida chet el avtomobillarini import qilish hajmi o‘tgan yilga nisbatan qariyb 4 baravar ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, bahor boshida — 2,2 baravar, yoz boshida u 67 foizgacha tushgan, avgustda 72 foizga qadar ko‘tarildi, sentabrda 74 foizni tashkil etdi.

Chet el avtomobillari importi ortishiga yanvar oyida ularni keltirish osonlashtirilgani bilan bog‘liqdir. Agar avtomobil 40 ming dollar tursa va ishlab chiqarilganidan ikki yildan ortiq vaqt o‘tmagan bo‘lsa, unga nisbatan nol qiymatdagi boj to‘lovi va aksiz solig‘ining 20 foizi joriy etiladi. Biroq 2020-yil 1-yanvardan import qilinadigan qimmat yengil avtomobillarga qo‘llanilgan bojxona qiymatining 20 foizi miqdoridagi imtiyozli stavka bekor bo‘ladi.