Bundan 40 yil muqaddam shu sanada – 24-dekabrda Afg‘oniston va SSSR o‘rtasida urush boshlangan. Milliondan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan, hanuzgacha Markaziy Osiyo mintaqasid va butun dunyo xavfsizligiga jiddiy tahdid bo‘lib turgan bu urush haqida “Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov hikoya qiladi.

Yevrosiyoning qoq markazida joylashgan geosiyosiy o‘rni – Janubiy va Markaziy Osiyoning birlashish nuqtasida joylashgani sababli Afg‘oniston butun Markaziy Osiyoda harbiy-siyosiy vaziyat barqarorligini ta’minlashda muhim hisoblanadi.

Foto: Wikipedia

XIX asrdan boshlab “Katta o‘yin” nomi ostida Rossiya va Britaniya imperiyalari o‘rtasida Janubiy va Markaziy Osiyoda ustunlik uchun kurash bordi. Ammo bu kurashda biror tomon yaqqol ustunlikka erishmadi va Afg‘onistonni mustamlakasiga aylantira olmadi.

Monarxiya ag‘darilishi va Dovudning hokimiyatga ko‘tarilishi

1973-yilda Afg‘oniston qiroli Zohirshohning Italiyaga tashrifi paytida mamlakatda davlat to‘ntarishi sodir bo‘ldi. Afg‘onistonda birinchi respublikani e’lon qilgan Zohirshohning qarindoshi Muhammad Dovud hokimiyatni qo‘lga kiritdi.

Dovud avtoritar diktatura o‘rnatdi va islohot o‘tkazishga harakat qildi, lekin bu muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Bundan tashqari, mamlakatda umumiy savodsizlik yuzaga keldi: ayollarning 96,3 foizi, qishloq joylardagi erkaklarning 90,5 foizi savodsiz edi.

Aslida Afg‘onistonda qabilalar jamoati va feodalizm davriga xos tartib hukmronlik qilgan. Afg‘oniston tarixidagi birinchi respublika davri kuchli siyosiy beqarorlik, kommunistik va islomiy guruhlar o‘rtasidagi raqobat bilan ajralib turadi.

Dovud hukmronligi 1978-yil aprelda Savr inqilobi natijasida o‘zi va oilasi qatl etilishi bilan yakunlandi.

Savr inqilobi

1978-yil 27-aprelda Afg‘onistonda Aprel (Savr) inqilobi boshlandi. Oqibatda Afg‘oniston xalq demokratik partiyasi (AXDP) hokimiyat tepasiga keldi va mamlakatni Afg‘oniston Demokratik Respublikasi (ADR) deb e’lon qildi.

Mamlakat rahbariyatining Afg‘onistonni qoloqlikdan chiqarishi kerak bo‘lgan yangi islohotlarni amalga oshirishga urinishi islomiy muxolifat qarshiligiga duch keldi. 1978-yilda Afg‘onistonda fuqarolar urushi boshlandi.

1978-yil 8-mayda Afg‘oniston hukumati SSSRning Kobuldagi elchisi orqali sovet hukumatiga zudlik bilan Afg‘onistonga sovet maslahatchilarini – partiyaviy, harbiy, iqtisodiy mutaxassislarni, KGB xodimlarini ADR xavfsizlik xizmatlarini tashkil etishda yordam berish uchun yuborishni iltimos qilib murojaat qildi. May oyining ikkinchi yarmida KGB zobitlari Afg‘onistonga jo‘nadi.

Foto: Wikipedia

30-iyunda SSSR Ministrlar Sovetining qarori bilan ADR xavfsizlik idoralarida KGB vakolatxonasi tashkil etildi. 5-avgustda KGB va ADR xavfsizlik idoralari o‘rtasida Afg‘oniston xavfsizlik kuchlariga razvedka, kontrrazvedka, harbiy kontrrazvedka, milliy kadrlarni tayyorlash, texnik va aloqa vositalari bilan jihozlash sohasida maslahat yordami ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Sovet qo‘shini kiritilishi bilan bog‘liq voqealar

1979-yil 18-martda KPSS Markaziy Qo‘mitasi tezkor qarorlar qabul qilish va Qo‘mita Siyosiy byurosiga takliflar kiritish uchun Afg‘oniston bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish komissiyasini tuzish haqida qaror qabul qildi; uning tarkibiga M.A. Suslov, A.A. Gromiko, D.F. Ustinov, Yu.V. Andropov, B.N. Ponomaryov, I.V. Arxipovlar kirdi.

1979-yil mart oyidagi Hirot qo‘zg‘oloni paytida sovetlarning qo‘zg‘olonga to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy aralashuvi haqidagi Afg‘oniston rahbariyatining birinchi so‘rovi amalga oshirildi. Ammo KPSS Markaziy Qo‘mitasining Afg‘oniston bo‘yicha komissiyasi Sovet Ittifoqi aralashuvining aniq salbiy oqibatlari to‘g‘risida Siyosiy byuroga xabar berdi va so‘rov rad etildi.

Hirotdagi qo‘zg‘olon sovet – afg‘on chegarasi yaqinida sovet qo‘shinlarini kuchaytirishga majbur qildi. Mudofaa vaziri D.F. Ustinovning buyrug‘iga binoan 103-gvardiya havo desant diviziyasini Afg‘onistonga tushirishga tayyorgarlik ko‘rildi. Afg‘onistonda sovet maslahatchilari (shu jumladan harbiy maslahatchilar) soni keskin oshdi. 10-dekabrdan D.F. Ustinovning shaxsiy buyrug‘iga binoan Turkiston va O‘rta Osiyo harbiy okruglarining bo‘linmalari va tarkibiy qismlarini joylashtirish va safarbar qilish amalga oshirildi. Yaqinlashib kelayotgan voqealarda asosiy zarba beruvchi kuch sifatida tayinlangan 103-sonli Vitebsk gvardiya aviatsiya desanti kuta boshladi.

Foto: Wikipedia

1979-yil 12-dekabrda Siyosiy byuro yig‘ilishida Afg‘onistonga harbiy qo‘shin yuborish haqida qaror qabul qilindi. 24-dekabrda Kobuldan 50 kilometr shimolda joylashgan Bagram aerodromiga birinchi kontingent qo‘ndi va shu bilan urush harakatlari boshlandi.

AQSh – tomoshabin emas

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq direktori Robert Geytsning xotiralariga ko‘ra, 1979-yil 3-iyulda AQSh prezidenti Jimmi Karter Afg‘onistonda hukumatga qarshi kuchlarni moliyalashtirishga ruxsat beruvchi prezidentning maxfiy farmoniga imzo chekkan. Robert Geyts o‘z xotiralarida AQSh razvedka idoralari sovet aralashuvidan olti oy oldin afg‘on mujohidlariga yordam bera boshlaganini ta’kidlagan.

Markaziy razvedka boshqarmasi nazorati ostida hukumatga qarshi qurolli guruhlarga qurol yetkazib berildi. Pokistonda afg‘on qochqinlarining lagerlarida qurolli guruhlar uchun maxsus o‘quv markazlari joylashtirildi. Dastur asosan Pokiston razvedkasini moliyalashtirish, qurol-aslaha yetkazib berish va afg‘on qarshilik kuchlarini o‘qitish uchun ishlatishga asoslangan edi.

Amin saroyiga hujum

27-dekabr kuni kechqurun sovet maxsus kuchlari AXDP yetakchisi Hafizullo Aminning saroyiga bostirib kirdi. 40 daqiqa davom etgan operatsiya oqibatida Amin o‘ldirildi. “Pravda” gazetasi e’lon qilgan rasmiy talqinga ko‘ra, “ommaviy g‘azab to‘lqini natijasida Amin va uning sheriklari adolatli xalq sudi oldida paydo bo‘ldi va qatl etildi”.

Foto: Wikipedia

27–28-dekabrga o‘tar kechasi kommunist Babrak Karmal Bagramdan Kobulga etib keldi va radio orqali afg‘on xalqiga murojaatida inqilobning ikkinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi.

Urush

1980-yil yanvar oyida sovet qo‘shinining cheklangan harbiy kontingenti (SQChHK) bo‘linmalari sovet mutaxassislari ishlayotgan afg‘on yo‘llari, aerodromlari va inshootlarini himoya qila boshladi. ADR qurolli kuchlari, kichik zobitlar va mutaxassislar uchun o‘quv kurslari tashkil etildi.

Harbiy harakatlarga kirish taqiqlanganiga qaramay, yanvar oyi boshida Nahrin okrugidagi ADR armiyasining 4-artilleriya polki hukumatga qarshi ko‘targan qo‘zg‘olonini bostirishda SQChHKning bir necha bo‘linmalari ishtirok etdi.

1980-yil fevral oyida mujohidlarning mexanizatsiyalashgan kolonnalari va sovet qo‘shini garnizonlariga hujumlari tobora kuchayib bordi, oy oxirida Kobulda hukumatga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi va sovet elchixonasi o‘qqa tutildi. Shundan so‘ng SSSR rahbariyati qurolli muxolifatni yo‘q qilish uchun ADR armiyasi bilan faol jangovar operatsiyalarni boshlashga qaror qildi.

SSSR Mudofaa vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, turli yillarda Afg‘onistonda sovet va afg‘on hukumat kuchlariga qarshi chiqqan jangarilar soni 47 mingdan 173 minggacha bo‘lgan.

1980-yil mart oyidan boshlab sovet qo‘shini SSSR Mudofaa vazirligi tomonidan tasdiqlangan yagona reja asosida mamlakatda harbiy operatsiyalarni o‘tkaza boshladi. Shu bilan birga, sovet harbiy mutaxassislari yordamida afg‘on qurolli kuchlarini qayta tashkil etish va mustahkamlash ishlari olib borildi. Keyinchalik 1985-yil aprel oyida, SQChHK faol keng ko‘lamli harbiy operatsiyalardan ko‘ra afg‘on hukumat kuchlarinining operatsiyalarini aviatsiya, artilleriya va kerak bo‘lganda jangovar muhandislik tuzilmalari yordamida qo‘llab-quvvatlashga o‘tdi. Muxolifat karvonlariga qarshi hujumlar sovet maxsus kuchlari tomonidan davom ettirildi.

Foto: Wikipedia

Umuman 1979–1989-yillarda o‘ta xavfli mujohid guruhlari va ularning katta bazalarini yo‘q qilish uchun 416 ta keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazilgan. Ular orasida Panjsher darasida dala qo‘mondoni Ahmadshoh Mas’ud jangarilariga qarshi Panjsher operatsiyasi (1980–1985), Pokiston bilan chegaradosh hududlarda Kunar operatsiyasi (1985), Javar bazasini yo‘q qilish operatsiyasi (1986), Xost shahrining ozod qilish bo‘yicha “Magistral” operatsiyasi (1987–1988) va boshqalar.

Sovet qo‘shini, shuningdek, islomiy jangarilar bo‘linmalariga qarshi rejadan tashqari harbiy operatsiyalarda ham ishtirok etdi. 1984–1987-yillarda “Parda” harakat rejasi Pokiston – Afg‘oniston va Eron – Afg‘oniston chegaralarida amal qilar edi. Ushbu reja doirasida SQChHK qo‘shini har kuni mujohidlar karvonlariga qarshi 30–40 pistirma tashkil etardi.

Oxir-oqibat biribir hukumat kuchlari hatto SSSR ko‘magida ham AQSh va arab mamlakatlari qo‘llab-quvvatlagan mujohid guruhlarini butunlay yo‘q qila olmadi. Umuman olganda, bu urush sovet qo‘shini partizan taktikasiga tayanib urushadigan dushmanga qarshi samarali kurasha olmasligini ko‘rsatdi.

Xulosa

Urush davomida SSSR doimiy maqsadlarni ko‘zlagan – qurolli muxolifat qarshiliklarini bostirish va afg‘on hukumatini kuchaytirish. Barcha sa’y-harakatlarga qaramay, oppozitsion tuzilmalar soni yildan-yilga o‘sib bordi. 1986-yilga kelib mujohidlar Afg‘oniston hududining 70 foizdan ortiq qismini nazorat qilardi.

Urushda halok bo‘lgan afg‘onlarning aniq soni ma’lum emas. Eng keng tarqalgan raqam – 1 million. Afg‘onistonni o‘rgangan amerikalik tadqiqotchi, professor M. Kramerning so‘zlariga ko‘ra, “to‘qqiz yil davomida 2,7 milliondan ortiq afg‘on (asosan tinch aholi) o‘ldirilgan yoki mayiblangan, yana bir necha million kishi qochqinga aylangan va mamlakatni tark etgan”.

SSSR yo‘qotishlari esa 1999-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra quyidagicha:

Sovet armiyasi – 14 427;

KGB – 576 (shu jumladan 514 chegara qo‘shini xodimi);

IIV – 28;

Hammasi – 15 031 kishi.

Sog‘ligi sabab harbiy xizmatdan bo‘shatilgan 11 294 kishi nogiron bo‘lib qolgan.

Bu urush hech narsani hal qilmadi. 1989-yilga kelib sovet qo‘shini mamlakatdan chiqarildi. Geopolitik nuqtai nazardan allaqachon chokidan so‘kilishni boshlagan SSSR uchun urushning ahamiyati qolmagan edi. Lekin bu o‘lkaga urushdan so‘ng tinchlik kelmadi. Sovet askarlari mamlakatdan chiqib ketgach, Afg‘oniston yanayam qonli va dahshatli fuqarolar urushiga sho‘ng‘ib ketdi. Lekin bu endi boshqa mavzu...

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.