Forbes jurnali so‘nggi 10 yillikda eng ko‘p daromad olgan mashhurlar reytingini e’lon qildi, deb xabar bermoqda Meduza.

Teylor Svift
Foto: Shutterstock

Unga ko‘ra, musiqachilar ro‘yxatida birinchi o‘rinni reper Dr Dre egalladi. Uning 10 yillik daromadi 950 million dollarga baholanmoqda. So‘nggi albomi 2015-yilda chiqqan musiqachi Beats naushniklari ishlab chiqaruvchi kompaniyaning 20 foiz aksiyalariga egalik qiladi.

Kuchli uchtalikdan, shuningdek, qo‘shiqchi Teylor Svift (825 million dollar) va Beyonse (685 million) o‘rin olgan. Keyingi o‘rinlarni U2 guruhi, reper Diddi, Elton Jon, Jey Zi, Pol Makkartni, Keti Perri va Ledi Gaga egallagan.

Eng serdaromad sportchilar reytingida esa bokschi Floyd Meyvezer yetakchilik qildi. Forbes uning boyligini 915 million dollarga baholagan. Undan keyingi o‘rinlarni futbolchilar Krishtianu Ronaldu (800 million dollar) va Lionel Messi (750 million dollar) egalladi. Reytingdan, shuningdek, basketbolchi Lebron Jeyms, tennischi Rojer Federer, golfchi Tayger Vuds va Fil Mikelson, bokschi Menni Pakyao, basketbolchi Kevin Dyurant va Formula-1 poygachisi Lyuis Hemilton joy olgan.