Xitoyning Alibaba kompaniyasi 2019-yilda Osiyodagi eng qimmat ommaviy kompaniyaga aylandi. Bu 2014-yilda xolding birjaga chiqqanidan buyon birinchi marta sodir bo‘ldi, deb xabar beradi Nikkei.

Foto: Reuters

Alibaba’ning kapitalizatsiyasi bir yil ichida Nyu-York birjalarida 60 foizga o‘sgan. 26-dekabr kungi ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniyaning qiymati 574 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Alibaba o‘tgan yilgi yetakchi — Tencent internet-xoldingini ortda qoldirgan. 2019-yil yakunlariga ko‘ra, uning kapitalizatsiyasi 459 milliard dollarga teng (20 foizga oshgan).

Barcha ommaviy kompaniyalar orasida Alibaba bozor qiymati bo‘yicha yettinchi o‘rinda turadi. Birinchi o‘rin — Saudi Aramco neftni qayta ishlash kompaniyasiga tegishli bo‘lib, uning kapitalizatsiyasi 1,8 trillion dollardan ortiq.