1895-yilning 28-dekabr sanasida Vyursburg fizika-tibbiyot jurnalida muallif Vilgelm Konrad Ryontgenning sarlavhasi soddagina – “Nurning yangi turi haqida” – deb nomlangan maqolasi chop etildi. Unda Vyursburg universiteti fizik mutaxassisi Ryontgen tomonidan ko‘zga ko‘rinmas, lekin ko‘plab moddalardan bemalol o‘ta ola oladigan noma’lum nur kashf qilingani haqida xabar berilgan edi. Bugun ushbu tarixiy maqolaga 125 yil to‘ldi. Shu sana munosabati bilan travmatolog vrachlarning yaqin yordamchisi bo‘lmish rentgen nurlarining ochilish tarixi haqida hikoya qilamiz.

Vilgelm Ryontgen (ha, hayron bo‘lmang, uning familiyasi aynan Ryontgen, Rentgen emas) 1845-yilda Dyusseldorfda tug‘ilgan. U maktabda faqat fizikadan a’loga o‘qigan va boshqa fanlarni o‘zlashtirishda biroz qiynalgan. Keyinchalik u Utrext universitetida ustozi Avgust Kundt qo‘li ostida ta’lim olgan va uning assistenti bo‘lib ham ishlagan.

Vilgelm Konrad Ryontgen.
Foto: Google Photos

Oliy ma’lumotni to‘liq egallagach, Ryontgen Strasburg universitetida fizika professori lavozimida ishlay boshladi. Shu bilan birga, qator ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Kimki Ryontgenni yaqindan tanisa, u haqda albatta kuchli shijoat bilan tinimsiz mehnat qilishini, o‘ta tirishqoqligini e’tirof etgan. 1894-yilda Ryontgen ilmiy nufuzi butun Yevropa ilmiy jamoatchiligi doirasida allaqachon tan olingan kuchli professor fizik edi. Uni shu yili Vyursburg universitetiga rektor qilib tayinlashdi.

Qayerda va qanday lavozimda ishlamasin, Ryontgen birinchi navbatga ilmiy izlanishlarni qo‘yadigan olim bo‘lgan. U odatda laboratoriyasida tun yarimdan oqquncha ishlardi. 1895-yilning 8-noyabr sanasida ham u odatdagidek ishni juda kech tugatdi va hamma asbob-uskunalarni, chiroqni o‘chirib, endi chiqmoqchi bo‘lganida laboratoriyaning bir burchagida, qorong‘uda sezilar-sezilmas xira yashil yog‘du chiqib turganini payqab qoldi. Ushbu yog‘du shaffof suyuqlik saqlanayotgan bankadan chiqayotgan edi. Unga qarama-qarshi tarafda esa vakuum trubkasi bo‘lib, shoshilinchda fizik uni o‘chirishni esdan chiqargandi. Trubkani o‘chirib qo‘yishi bilan bankadagi yog‘du ham yo‘qoldi. Demak, vakuum trubkasi va uning qarshisidagi shaffof suyuqlikning yog‘dulanishi orasida aniq bog‘liqlik bor! Ryontgen buning mohiyati nimada ekani bilan qattiq qiziqib, tekshirib ko‘rish uchun qaytadan ishga kirishdi va trubka qandaydir ko‘zga ko‘rinmas nur chiqarayotganini aniqladi.

Vakuum trubkadan chiqayotgan nur ko‘zga ko‘rinmasa-da, bankadagi shaffof suyuqlikka kelib tushayotgani va shu sababli bankada yog‘du paydo bo‘layotgani aniq edi. Olim trubka bilan banka orasidagi nur yo‘liga turli buyumlar – oddiy daftar-qog‘ozi, qalinroq karton, yog‘och g‘o‘la, shisha oyna va hokazolar qo‘yib ko‘rdi. Nur bu materiallar orqali bemalol o‘tib ketaverishini ko‘rgan Ryontgen endi metall buyumlarni qo‘llab ko‘rishga o‘tdi. U avvaliga ichida metall qadoqtoshlar saqlanadigan quti bilan nur yo‘lini to‘sib ko‘rganida trubkaning qarama-qarshi tarafida quti ichidagi qadoqtoshlarning aniq tasviri hosil bo‘layotganini ko‘rdi. Shu tariqa u g‘aroyib nur nimalar orqali o‘tishi va nimalardan o‘ta olmasligini tekshirib chiqa boshladi. Oxiri u nurni o‘z kafti bilan ham to‘sib, panja skeleti tasvirini olgach, qanday muhim kashfiyot qilganini anglab yetdi.

Ryontgenning o‘zi mazkur kashfiyotini “x-nurlar” (x-rays) deb atadi. U shunchaki matematikadagi noma’lumlik belgisi – x harfini qo‘llagan edi. Bu bilan olim fizikada qandaydir avval noma’lum nurga duch kelganiga urg‘u bergan albatta.

Keyingi bir necha kun ichida yana qator tajriba va sinovlarni olib borgan olim rafiqasi Berta Lyudvigning qo‘l panjasi skeletining foto-rentgen tasvirini oldi va kashfiyotni ilmiy jihatdan bayon qilishga kirishdi. O‘sha yilning 22-dekabr sanasida olim Vyursburg universitetida ilmiy kengash chaqirib, amalga oshirgan kashfiyoti haqida yig‘ilganlarga axborot berdi. Uning kashfiyoti butun Germaniya fizika va tibbiyot hamjamiyati a’zolari ko‘z o‘ngida katta furor ko‘tardi. Hamma kashfiyotning tibbiyot uchun nechog‘lik katta ahamiyat kasb etishini e’tirof eta boshladi. Keyingi 1896-yil davomida Ryontgenning o‘zi va shogirdlari olib borgan tadqiqotlar asosida bu nurning yana qator ajoyib xossalari aniqlandi; tibbiyot muassasalari uchun qulay rentgen apparatlari yasalib, bir necha shifoxonaga o‘rnatildi. Rentgen nurlari fizika tarixida deyarli darhol amaliy qo‘llanishga o‘tilgan va katta natijalari bera boshlagan kashfiyotlardan biridir.

Kashfiyot uchun Vilgelm Konrad Ryontgen 1901-yilda fizika bo‘yicha dastlabki Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Tabiatan juda kamtar odam bo‘lgan Vilgelm Ryontgenning o‘zi bu nurni shunchaki “x-nur” deb nomlagan bo‘lsa-da, boshqa olimlar va nufuzli ilmiy jurnallar keyinchalik uni olim sharafiga atay boshladi. Shu tariqa bugungi kunda tibbiyot, bojxona, metallurgiya va zargarlik sohalarida sifat nazorati va boshqa ko‘plab sohalarda benazir yordamchi bo‘lgan rentgen kashf qilingan edi. Ayniqsa travmatologiyada hamda ko‘krak qafasi a’zolari diagnostikasida va umuman tibbiy vizualizatsiya sohasida rentgen nurlarining ahamiyati beqiyos. Bu orqali vaqtida tashxis qo‘yilgan necha-necha odamlar hayoti saqlab qolingan va saqlab qolinmoqda.

Muzaffar Qosimov