10-dekabr kuni internet-nashrlarda Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G‘aniyevga tegishli hamda tahdid mazmunidagi tarqalgan audioyozuvdagi holatlar bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi, deya xabar bermoqda idora matbuot xizmati.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Aniqlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Quva tumani avtoshohbekati yonidagi avtomobil yo‘lida to‘planib turgan taxminan 20—30 nafar fuqarolar tomonidan elektr va gaz ta’minotida uzilishlardan norozilik bildirilayotganligi aks etgan videolavha tarqalgan.

Viloyat hokimligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida Shuhrat G‘aniyev Quva tumanidagi holat bo‘yicha tuman hokimiga yuzlangan holda muomala madaniyatidan chetga chiqib, tahdidiy va qo‘pol so‘zlar ishlatgan. Ushbu holat noma’lum shaxs tomonidan yozib olinib, tarqatilgan.

“Tergovga qadar tekshiruvda 2-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishida Shuhrat G‘aniyev tahdidiy va qo‘pol so‘zlarni ishlatganligi aniqlandi”, — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Shuhrat G‘aniyevning so‘zlarida inson hayotiga va sog‘lig‘iga tajovuz qiladigan real tahdid, ya’ni ularni amalga oshirilishidan xavfsirash uchun asoslar mavjud emasligini inobatga olib, mazkur holat yuzasidan Jinoyat-protsessual kodeksi talablari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

“Biroq Shuhrat G‘aniyev davlat hokimiyati va boshqaruvi organi mansabdor shaxsi bo‘la turib, Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari talablarini buzganligini inobatga olib, uning intizomiy javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga xat yuborildi”, — deya qo‘shimcha qilingan Bosh prokuratura axborotida.