Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Otabek Nuritdinov” taxallusi bilan voqea-hodisalarga o‘z munosabatini bildirib kelgan fuqaro Abdufatto Nuritdinov 15 sutka ma’muriy qamoq bilan jazolandi. Bu haqda Andijon viloyati IIB ma’lum qildi.

Foto: Facebook

Quyida ushbu holat bo‘yicha Andijon viloyat IIB bergan axborot bilan tanishish mumkin:

Fuqaro E.Yakubov huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilib, Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt egasi tomonidan uni obro‘sizlantiruvchi, asossiz va tuhmatdan iborat bo‘lgan ma’lumotlarni muntazam ravishda joylashtirib kelayotganligini, shu sababli unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Shuningdek, fuqarolar M.Isaqova va F.Buzrukov ham Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt egasiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilgan.

M.Isaqova o‘z shikoyatida 2019-yilning 18-oktabr kuni uning shaxsiyatini sharmanda qiluvchi uydirmalar tarqatib, u va uning jamoasini “korrupsion o‘choq” deb haqorat qilganligini bildirib, tuhmat va haqorat qilinganligi, F.Buzrukov esa o‘zining profili orqali “33 million aholi bittadan tuflasa ham tupurgiga cho‘kib o‘lasan, oynaga bir qaragin, yaxshilab e’tibor berib qaragin” deb ushbu profilga uni tasvirlab, shaxsiyatiga teguvchi “cho‘chqa” rasmini joylab, uni qattiq haqorat qilganligini bildirgan.

Shuningdek, fuqaro Abdufatto Nuritdinov 2019-yilning 30-dekabr kuni soat 10:30 da jamoat joyi hisoblangan Asaka tumani Moliya bo‘limining ma’muriy binosi yonida, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, hokimiyat va davlat idoralarining vakillariga noo‘rin talablar qo‘yib, fuqaro B.Qohhorovni xaqoratli, uyatli so‘zlar bilan so‘kib, fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlarni sodir etgan.

Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida fuqaro Abdufatto Nuritdinov tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40-(tuhmat), 41-(haqorat) va 183-(mayda bezorilik) moddalarida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganligi aniqlanib, to‘plangan hujjatlar o‘rnatilgan tartibda Andijon viloyati ma’muriy sudiga yuborilgan.

30-dekabr kuni Andijon viloyati ma’muriy sudining qaroriga asosan fuqaro Abdufatto Nuritdinovga nisbatan:

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40-moddasi bilan BHMning 30 baravari miqdorida (6,69 million so‘m) jarima, 41-moddasi bilan BHMning 30 baravari miqdorida (6,69 million so‘m) jarima solingan, shuningdek, 183-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy jazo belgilanib, ushbu jazolar Kodeksning 34-moddasi qo‘llanilgan holda uzil-kesil o‘tash uchun 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Andijon viloyati IIB