Ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, O‘znet’da 2019-yilning eng yodda qolarli kinoobrazlaridan biri Jokerga bog‘liq diqqatga sazovor voqea yuz berdi. “Troll.uz” nashri Toshkent metropolitenida militsionerlar yonida turgan Joker’ning fotosuratini Telegram’dagi kanaliga yuklab, surat ostiga “Gotemkent” deya izoh qoldirgan.

Telegram’dagi boshqa kanallar ham ushbu suratga befarq qarab turmagan holda turli yumoristik izohlar bilan bo‘lishgan. Xususan, “Kapgir” kanali “Joker “Oltin globus”ni ola solib, Toshkentga kelibdi. Rasmdan ko‘rinib turibdiki, militsiya xodimlarimiz Jokerni ko‘rganidan bag‘oyat xursand. U bilan selfi tushish uchun ruxsat so‘rashmoqda”, — deya izoh yozgan.

Foto: “Troll.uz”

2019-yilda katta shov-shuv ko‘targan “Joker” filmi aslida “Betmen” komikslari turkumiga kiradi. Avvallari Betmen qahramoniga qarama-qarshi qo‘yilib kelingan ushbu salbiy qahramon, rejissor Kristofar Nolanning “Qora ritsar” trilogiyasida Hit Leyjer ijrosidan keyin inqilob va o‘zgacha uslub ramziga aylandi.

2019-yilda Hoakin Feniks ijro etgan “Joker” filmidagi bosh qahramon obrazi esa hayotdagi adolatsizliklar, qiyinchiliklar, beshafqat munosabatlarga qarshi isyon ko‘taradi.

Toshkent metropolitenida Joker qiyofasidagi yigitning aslida kim ekanligi va nima sababdan ushbu obrazga taqlid qilgani hozircha noma’lum. Katta ehtimol bilan u ushbu harakati orqali filmning “Oltin globus” mukofotini qo‘lga kiritganidan xursandligini ifodalashga uringan bo‘lishi mumkin.

“Gazeta.uz” nashri militsiya xodimlarining yigitni nima uchun o‘rab olgani va Jokerning metrodagi boshqa sarguzashtlari haqida ma’lumot bergan. Nashr Toshkent metropoliteni ichki ishlar boshqarmasi Oleg Bichenovdan olgan axborotga ko‘ra, ichki ishlar organlari xodimlari yigitning nima sababdan bunday kiyinib, grim qilib olganini surishtirgan va undan hech qanday hujjat talab qilmagan. “Gazeta.uz”ning Instagram’dagi sahifasida yigit bilan militsionerning birga selfi qilayotgani haqida surat ham joylashtirilgan.

Foto: Instagram/gazetauzb