Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi shaharlardan birida (tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Jizzax shahrida) joylashgan istirohat bog‘ida olingan qiziqarli videoyozuv tarqaldi.

Unda bir kishi oyoqlari bilan pedallarni aylantirayotganini, o‘z navbatida bu bolalar uchun mo‘ljallangan attraksionning ishlashiga sabab bo‘layotganini ko‘rish mumkin. Foydalanuvchilar videoga: “Elektr ta’minotidagi uzilishlar vaqtida ayni muddao ekan”, qabilida munosabatlar bildirgan.

Attraksion qaysidir ma’noda G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasi asosida 1977-yili “O‘zbekfilm” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan filmdagi bozor lavhalarini yodga soladi — unda ham videodagi o‘xshash attraksion odam kuchi bilan harakatga keltiriladi. Faqat bir farqi bor — “Shum bola” filmida 1900-yillar boshidagi ahvol ko‘rsatilgan, Jizzaxda olingani taxmin qilinayotgan yuqoridagi video esa XXI asrning ikkinchi dekadasi boshiga mansub.