Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar uchun takroriy ovoz berish natijalarini e’lon qildi.

Xabar berishlaricha, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 25 ta saylov okrugidagi 1 730 ta saylov uchastkasida takroriy ovoz berish o‘tkazildi.

Ushbu saylov uchastkalarida 3,14 milliondan ortiq saylovchi ro‘yxatga olingan edi — ulardan salkam 2 millioni (62,8 foizi) takroriy ovoz berishda qatnashgan.

Saylovlarning umumiy yakunlariga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida siyosiy partiyalar quyidagicha deputatlik o‘rinlariga ega bo‘ldi:

  • O‘zLiDeP — 53 nafar (35 foiz);
  • “Milliy tiklanish” — 36 nafar (24 foiz);
  • “Adolat” SDP — 24 nafar (16 foiz);
  • O‘zXDP — 22 nafar (15 foiz);
  • Ekopartiya — 15 nafar (10 foiz).

Taqqoslash uchun, 2014-yilgi parlament saylovlarida O‘zLiDeP 52 ta (hozirgidan bitta kam) va “Milliy tiklanish” 36 ta (xuddi hozirgidek) o‘rinni qo‘lga kiritgan edi. Hozirgi Ekopartiyaning “ajdodi” Ekoharakat uchun 15 ta o‘rin kafolatlangan edi. Avvalgi saylovlardan asosiy farq — O‘zXP va “Adolat” o‘rin almashgani.