Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 13-iyunda Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive korxonasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi. Unda “Jizzax” erkin industrial zona hududida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish obyektlarini qurish ishlarining oxirgi muddati sifatida 2018-yilning 10-dekabri ko‘rsatilgandi. Oradan bir yildan ko‘proq vaqt o‘tsa-da, Prezident topshirig‘i nima sababdan bajarilmayotgani ma’lum bo‘ldi.

Shuhrat Mirmaqsudov.
Foto: AOKA

Ma’lum bo‘lishicha, “O‘zavtosanoat” va Fransiyaning Peugeot Citroen Automobiles S.A kompaniyasi o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan va hozirda muzokaralar davom etyapti. Bu haqda 6-yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zavtosanoat” rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov.

Biz uchun nafaqat ishlab chiqarish, balki kelgusida salohiyat yaratish ham muhimroq. Ya’ni bir modelni ishlab chiqarib, uni kelajakda rivojlantirish, zavodlarni taraqqiy ettirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, o‘sha mahsulot orqali O‘zbekiston bozoridan tashqari xorijiy bozorlarni ham egallash barchamizga muhim. Muzokaralar davomida ushbu jarayon nuqtai nazaridan turli kelishmovchilik yuzaga keldi.

O‘zbekiston tarafdan o‘zimizning shart va manfaatlarimiz muhimroq. Ayni paytda muzokaralar davom etyapti. Agar O‘zbekiston tomondan qo‘yilgan shartlarga investor bilan bir to‘xtamga kelolmasak, boshqa investor qidiramiz yoki o‘z manfaatlarimizni oxirigacha himoya qilamiz. Bu masala bo‘yicha vaziyat 2020-yil oxirigacha ma’lum bo‘ladi. Ikki taraflama kelishuv bo‘lganidan keyingina loyihani amalga oshiramiz.

Shuhrat Mirsamuqov, “O‘zavtosanoat” Savdodan keyin xizmat ko‘rsatish va butlovchi qismlar eksporti boshqarmasi boshlig‘i