Avstraliyada o‘rmon yong‘inlari oqibatida suv yetishmovchiligi tufayli bir necha ming tuyani o‘ldirishga qaror qilindi. Bu haqda The Hill xabar bermoqda.

Foto: YouTube

Rasmiylar tuyalar Avstraliya hududining katta qismini qamrab olgan yong‘inlarni o‘chirish uchun zarur suvni juda ko‘p iste’mol qilayotganligi haqidagi xulosaga kelgan. Jonivorlarni yo‘q qilish bo‘yicha kampaniya asosan tub aholi—aborigenlar yashaydigan mamlakat shimolida o‘tkaziladi.

5 kun davom etadigan operatsiya davomida 10 mingta tuyani o‘ldirish rejalashtirilgan.

Mintaqada hukm surayotgan qurg‘oqchilik tufayli jonivorlar odatdagidan ko‘proq suvga ehtiyoj sezayotgani, bu esa joylarda tartibsizliklarga sabab bo‘layotgani bildirilgan. Jumladan, tuyalar mahalliy aholining uylariga suv qidirib kirib borgani, infrastruktura obyektlarini buzgani, sovutgichlarni sindirgani holatlari qayd etilgan.