Ukrainaning turli vazirlik va idoralari vakillari 8-yanvar kuni halokatga uchragan “Ukraina xalqaro avialiniyalari” kompaniyasining samolyotining qulash sabablarini o‘rganish uchun Eronga yo‘l olmoqda. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Facebook’da ma’lum qildi, deb yozmoqda Meduza.

Foto: Meduza

Eronga favqulodda vaziyatlar bo‘yicha Ukraina davlat xizmati, Mudofaa vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Ukraina xavfsizlik xizmati, Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi, shuningdek, Aviatsiya hodisalarini o‘rganish bo‘yicha milliy byuro vakillari uchib ketadi.

Prezidentning ma’lum qilishicha, mazkur idoralar vakillari aviahalokatda qurbon bo‘lgan ukrainaliklarning shaxsini aniqlash va ularni Ukrainaga olib kelish bilan shug‘ullanadi.

“Ukraina xalqaro avialiniyalari” (MAU)ning Boeing 737 samolyoti 8-dekabr kuni Tehrondagi Imom Xumayniy aeroportidan havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay quladi. OAVda paydo bo‘lgan ilk ma’lumotlarda samolyot bortida 180 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bo‘lgani aytilgan. Ularning barchasi halok bo‘lgan. Eron qutqaruv xizmatlari samolyotining qora qutisini topdi

Eronning Yo‘llar va shaharsozlik vazirligi Boeing 737 samolyoti halokatiga dvigatelning yonib ketishi sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Zelenskiy halokatga uchragan samolyot yo‘lovchilari va ekipaj a’zolarining yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev samolyot qulashi oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Ukraina va Eron prezidentlariga hamdardlik maktublari yo‘lladi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi halokatga uchragan Ukraina samolyoti bortida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmaganini ma’lum qildi.