Eron va AQSh o‘rtasidagi mojaro hamda AQShning Iroqdagi harbiy bazalariga bergan zarbalari jahon oltin va neft bozorida seizlarli aks etdi. Oltin 2013-yildan buyon qayd etilgan eng yuqori narxga chiqdi, neftning narxi oshmoqda. Bu haqda The Bell xabar berdi.

General Qosim Sulaymoniyning AQSh tomonidan o‘ldirilishiga nisbatan Eronning bergan javobi haqida xabarlar investorlarni qo‘rqitib qo‘ydi.

Mazkur xabar jahon fond bozorida ham o‘zining salbiy ta‘sirini ko‘rsatdi. S&P 500 indeksi 1,7 foizga pasaydi, Yaponiyaning Nikkei birjasi kotirovkasida 2,6 foizli pasayish kuzatildi, Gonkongning Hang Seng birjasida esa pasayish 1,6 foizni tashkil qildi. Ko‘rsatkichlardagi o‘zgarishlar Eron tashqi ishlar vazirining mamlakat urushni xohlamayotgani haqidagi bayonoti va Donald Trampning “hammasi joyida” ekanligi haqida tvitidan keyin boshlangan.

Qayd etilishicha, AQSh g‘aznachiligining 10 yillik obligatsiyalarining daromadliligi 1,7 foizgacha pasaygan. Yaqin Sharqda bo‘lishi mumkin bo‘lgan keyingi nizolar mazkur obligatsiyalarning daromadliligini 1,6 foizgacha pasaytirishi mumkin.

Oltin 2013-yildan buyon o‘zining eng qimmat ko‘rsatkichiga chiqqan. Oltinning bir troy unsiyasi narxi 1600 dollardan oshgan. Keyinroq esa uning narxi 1583 dollarga tushgan.

WTI markali neftning narxi 4,4 foizga qimmatlashgan, Brent markasidagi neftning narxi savdolar chog‘ida 5 foizga qimmatlashib, bir barrel uchun 71,75 dollarga yetgan, biroq keyinchalik uning narxi 68,82 dollargacha pasaygan. Fitch Rating xalqaro reyting agentligining taxmin qilishicha, nizo chigallashadigan bo‘lsa, Brent neftining narxi 70—80 dollargacha qimmatlashishi mumkin.

Eron islom inqilobi muhofizlari korpusining “Al-Quds” maxsus bo‘linmasi generali Qosim Sulaymoniy 3-yanvar kuni AQSh havo kuchlari tomonidan Bag‘dod aeroportiga berilgan aviahujum oqibatida halok bo‘lgan. Eron ushbu jinoyat uchun AQShdan ayovsiz qasos olishini bildirgan. Tehronning bu boradagi birinchi qadami 5-yanvar kuni yadro kelishuvidan butunlay chiqish bo‘ldi. Shuningdek, Eron parlamenti AQSh hamda Pentagonni terrorchilik tashkilotlari deb e’lon qilish haqidagi qonun loyihasini qabul qilgan.