Eron 8-yanvar kuni Iroq hududida joylashgan Amerika harbiy bazalariga raketa zarbalari berdi. Bunga eronlik nufuzli davlat arboblaridan biri — general Qosim Sulaymoniyning o‘limi sabab bo‘ldi. U 3-yanvar kuni Amerika harbiylari tomonidan Bag‘dod aeroporti yaqiniga berilgan raketa zarbasi oqibatida o‘ldirilgan edi. Generalning o‘limidan so‘ng AQSh va Eron bir-biriga tahdid qilgandi: Donald Tramp islom respublikasidagi 50 dan ortiq marralarga zarba berishga tayyorligini bildirdi, Eron Xavfsizlik kengashi kotibi Ali Shamxoniy esa uning mamlakati amerikaliklardan qasos olishning 13 ta yo‘lini o‘ylab qo‘yganini ma’lum qildi. Oddiy eronliklarning o‘zi yuzaga kelgan holat haqida qanday fikrda? Meduza ularning fikrlarini bir sahifaga jamladi.

Foto: Meduza

Anvar

tehronlik (ismi o‘zining iltimosiga ko‘ra, xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘zgartirilgan)

Siz ruslar Rossiya va slavyan mamlakatlarida bo‘layotgan voqealarni yaxshi tushunasiz, ammo Yaqin Sharqda aynan nima bo‘layotganini yaxshi anglamaysiz. Men eronlikman va hozir aynan nima sodir bo‘lgani menga tushunarli. Gap shundaki, Yaqin Sharqdagi inqiroz o‘tgan 100 yilda boshlanib qolgani yo‘q va endi hech qachon to‘xtamasa ham kerak.

Eron hukumati ham, AQSh rahbariyati ham bu inqirozning saqlanib qolishidan manfaatdor. Odamlar so‘nggi yillarda bir necha bor Erondagi tuzumga qarshi bosh ko‘tardi va tuzum har safar yanada ayovsiz ko‘rinishda javob qaytardi. AQSh Saudiya Arabistoni, BAA va Yaqin Sharqdagi boshqa ittifoqchilarga qurol sotish uchun ham inqirozning saqlanib qolishidan manfaatdor. Ammo Eron va AQSh o‘rtasida to‘laqonli urush bo‘lmaydi. Buni hech kim xohlamayapti. Boz ustiga, yaqinda AQShda prezident saylovlari bo‘ladi.

Sulaymoniy dindor eronliklar orasida haqiqatan ham mashhur edi. Biroq mamlakatning aksariyat aholisi — siyosiy savodsiz, unga qiziqmasdi. Ular tuzum nima desa shuni qiladi. Sulaymoniyning dafn marosimiga odamlar boshqa shaharlardan avtobus va poyezdlarda keldi — ulardan ayrimlari buning uchun pul ham olgan.

Hozir Eronda — jimjitlik. Odatdagi jimjitlik. Poytaxtda targ‘ibot tadbirlari davom etyapti, ammo mamlakatning ayrim hududlari uchun bo‘layotgan hodisalarning umuman ahamiyati yo‘q, ularga o‘z muammolari ahamiyatliroq. Hammasi joyida.

Rossiyaliklar, mening qadrli do‘stlarim! Hech narsadan qo‘rqmanglar, Yaqin Sharqda hammasi har doimgidek bo‘ladi.

Mariya Ariyanseresht

Sheroz shahrida yashaydi

Eronliklarning 90 foizdan ortig‘i ular suygan general Sulaymoniyga nisbatan sodir etilgan terrordan g‘azabda edi. Ko‘plab shaharlarda — hatto eng kichiklarida ham — odamlar general bilan vidolashish uchun ko‘chaga chiqdi. Sulaymoniyning ona shahri Kirmonda esa (generalning o‘zi uni shu yerda dafn etishlarini vasiyat qilgan) shu qadar ko‘p odam to‘plandiki, tiqilinchda 50 ga yaqin odam o‘ldi. Bularning bari bu odam oddiy eronliklar orasida naqadar hurmatga sazovor bo‘lganini tasdiqlaydi. Odamlar undan IShIDga qarshi kurash olib borgani va uni Eron chegaralariga yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymagani uchun minnatdor.

Eron Sulaymoniyning o‘limi uchun qasos olishga va’da bergandi. Amerikaga qarshi namoyishlarga 2019-yil noyabridagi benzin narxi oshishiga qarshi norozilik namoyishlarida qatnashganlar ham chiqdi. Mana, Sulaymoniy dafn etilishi bilan, Eron Amerika terroriga javob qaytardi. Xalq amerikaliklardan qasos olinganini iliq kutib oldi.

Ayni vaqtda ko‘pchilik urush bo‘lishi mumkin emas deyapti, chunki biz terrorga qonuniy javob berdik. Xalq terrorchilik harakatlarini javobsiz qoldirib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Xalq urush bo‘lishini xohlamaydi.

Hozir Eronning javobi barcha mahalliy OAVlarda yoritilmoqda. Tashqi ishlar vaziri bu Amerikaning terroriga javob ekanini aytib ham bo‘ldi. Oddiy eronliklarning fikricha, agar bunga javob qaytarilmaganida, mamlakatga nisbatan terror davom etavergan bo‘lardi. Endi bo‘lsa, javob zarbasidan so‘ng, mamlakatning kuchini hamma ko‘rdi va endi nizo barham topsa kerak. Eronliklar Tramp urushdan qo‘rqadi, deb hisoblaydi.

Ayni vaqtda Ukraina samolyoti bilan sodir bo‘lgan hodisa javob zarbalari bilan aslo bog‘liq emas. Aviahalokat Tehronda yuz berdi, raketalar esa umuman boshqa joyda edi.

Hozir ko‘chalarda hech narsa bo‘layotgani yo‘q. Odamlar Sulaymoniy dafn etilganicha ko‘chada edi. U yerga qo‘yilgach, hamma tarqalib ketdi.

Behruz

Tabriz shahrida yashaydi

Aksariyat eronliklar — tinchlikparvar insonlar. O‘ylashimcha, 85 foizdan ortig‘i urush bo‘lishini xohlamaydi. Urushni faqat ekstremistlar va dala qo‘mondonlari istaydi. Ayni vaqtda odamlar g‘azabda — mamlakatimiz o‘zining asosiy qo‘mondonlaridan birini yo‘qotdi. Odamlar g‘azabda, biroq urush bo‘lishini xohlamayapti.

Umid qilamanki, urush Amerika bazasiga raketalar uchirilishi bilan tugadi. Eron qasos oldi. Shu bilan bu voqea yakuniga yetdi, deb o‘ylayman. Boz ustiga, hukumatimiz ma’lum vaqtdan beri xalqning yo‘qotilgan ishonchini qayta tiklash tadbirlarini olib bormoqda. Narxlarning oshirilishi va kuzgi namoyishlar sabab, xalqning hukumatga ishonchi juda past va shu bois ham hukumat urushdan manfaatdor emas. Bu hukumat o‘z hukmronligini davom ettirgisi kelyapti.

Hozir Eron ko‘chalarida o‘ziga xos hech narsa bo‘layotgani yo‘q. Biroq Eron va Amerika xalqlarining taqdiri hamon inson hayotini qadrlamaydigan bir qator jangari siyosatchilar qo‘lida qolmoqda.

Muhammad Rizo Muhsinpur

tehronlik

Hozir mamlakatda hech qanday o‘zgarish bo‘layotgani yo‘q, odamlar avval qanday yashagan bo‘lsa, hozir ham shunday, tinch, xavfsiz yashayapti.

So‘nggi 10 kundan beri bizga rossiyalik sayyohlar ko‘p kelyapti, ikki oy avval amerikalik sayyohlar guruhini ham ko‘rgandim hatto. Umuman olganda, bizda amerikaliklarga munosabat yaxshi: biz Amerika hukumatini hurmat qilmaymiz, biroq Amerika xalqini hurmat qilamiz. Amerika harbiy bazalariga berilgan aviazarbalardan so‘ng jiddiy bir oqibat kutmayapmiz. Ular bizning generalimizni o‘ldirishdi, biz esa ularning aviabazalarini bombardimon qildik. Eron va Amerika muntazam bir-biriga tahdid qiladi, bu siyosatning bir qismi, ammo bu odamlar hayotiga ta’sir qilmaydi.

Hech qanday yangi axborot cheklovlari o‘rnatilgani yo‘q — bizda Telegram va Facebook anchadan beri bloklangan. Bir yarim—ikki oy avval benzin narxi oshgani munosabati bilan norozilik namoyishlari bo‘lgandi, o‘shanda internetni o‘chirib qo‘yishgandi, shundan beri yangi cheklovlar bo‘lgani yo‘q.