Eron AQShning Iroqdagi ikkita harbiy bazasiga raketa zarbalari berdi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, jami 15 ta raketa uchirilgan. Ulardan 10 tasi Ayn al-Asad aviabazasiga, bittasi esa Iroq shimolida joylashgan Arbildagi bazaga kelib tushgan, to‘rtta raketa nishongacha yetib bormagan. Iroq rasmiy Eron tomondan 22 ta raketa uchirilganini ma’lum qildi.

Eron raketa hujumi nishonlaridan biriga aylangan Iroqdagi Ayn al-Asad aviabazasi, 2019-yil 29-dekabr.

Foto: Meduza

AQShning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida amerikaliklar jabr ko‘rmagan. Raketa zarbalari oqibatida iroqliklar qurbon bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi, ammo Iroq hukumati bu ma’lumotlarni rad etdi. Ayni vaqtda Eron davlat televideniyasi o‘z manbalariga asoslanib, zarba oqibatida 80 amerikalik halok bo‘lgani, AQSh harbiy texnikalari jiddiy zarar ko‘rgani haqida xabar tarqatdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning hujumiga “Hammasi joyida” degan so‘zlar bilan munosabat bildirdi. “Eron Iroqdagi ikkita harbiy baza tomon raketalar uchirdi. Hozirda qurbonlar va zarar miqdori baholanmoqda. Hozircha hammasi yaxshi! Bugungi kunda bizda dunyodagi eng qudratli va eng yaxshi ta’minlangan armiya bor”, — deb yozgan Tramp, 8-yanvar kuni rasmiy bayonot berishni va’da qildi.

Ushbu raketa zarbalari eronlik general Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun javobdir, deya ma’lum qildi ushbu hujumlarni uyushtirgan Islomiy inqilob muhofizlari korpusi (IIMK). Raketa zarbalari Sulaymoniyning dafn marosimi arafasida bo‘ldi — marosim 7-yanvar kuni o‘tkazilishi kerak edi, biroq motam yurishi vaqtidagi tiqilinchda 56 kishi halok bo‘lgani uchun qoldirilgan edi. IIMK qo‘mondonligi hujumni muvaffaqiyatli deb atab, AQShni javob harakatlaridan tiyilishga chaqirdi, aks holda “yanada kuchli va qaqshatqich javob” berilishini ma’lum qildi. Shuningdek, IIMK “kelgusi yo‘qotishlarning oldini olish uchun” Yaqin Sharqdan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketilishini talab qildi. Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy hujumni AQShga tortilgan “tarsaki” deb atadi.

Raketa zarbalari berilgan oqshomda Eronda “Ukraina xalqaro avialiniyalari” (MAU)ning samolyoti quladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra samolyot bortida 176 kishi bo‘lgan: ularning 82 nafari eronlik, 63 nafari kanadalik va 11 nafari ukrainalik. Yo‘lovchi va ekipaj a’zolaridan hech kim omon qolmagan. Iordaniyaning Al-Hadath nashri samolyot tasodifan Eron raketasi bilan urib tushirilgan bo‘lishi mumkin, deb yozgandi. Eron hukumati esa dvigateldagi alangalanish halokatga sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Ukrainaning Tehrondagi elchixonasi terakt va raketa hujumi taxminlari ko‘rib chiqilmayotganini bildirdi.

Foto: Twnews

Aviahalokatdan so‘ng MAU Tehronga parvozlarni noma’lum muddatga to‘xtatishini e’lon qildi. AQSh aviatsiya ma’murlari esa Amerika aviakompaniyalariga Eron, Iroq va Fors ko‘rfazi ustidan uchishni taqiqladi. “Malayziya havo yo‘llari”, “Singapur havo yo‘llari” va yana bir qator Osiyo aviakompaniyalari ularning samolyotlari Eron havo kengliklarini aylanib o‘tishini ma’lum qildi.