6-yanvar – Fransiya tarixidagi eng mashhur shaxslardan biri Janna d’Ark tavallud topgan sana hisoblanadi. Shu munosabat bilan “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov ushbu sirli shaxs haqida hikoya qiladi.

Fransiya hamda Angliya o‘rtasida XIV–XV asrlar davomida bo‘lib o‘tgan “Yuz yillik urush”ning markaziy shaxslaridan biri sifatida talqin qilinadigan Janna d’Ark 1412-yilning 6-yanvar kuni Fransiyaning o‘sha paytdagi Bar grafligida joylashgan Domrémy la Pucelle qishlog‘ida tavallud topgan. Ayni urush qizigan paytda tug‘ilgan Janna urushda qatnashib, Orlean shahrining inglizlardan ozod qilinishida katta hissa qo‘shgani sababli “Orlean qizi” laqabini olgan. Ammo inglizlarga ushlab berilgan Janna d’Ark cherkovning inkvizitsiya sudi hukmi bilan 1431-yil 30-may kuni o‘tda yoqilgan.

“Janna d’Ark” filmdan kadr

Uzoq vaqt davomida hech kimning esiga kelmagan qahramon qiz tarixchi Jul Misheletning sa’y-harakatlari evaziga fanga kiritildi va mashhur bo‘lib ketdi. Xo‘sh, Janna d’Ark haqiqatda kim? U Fransiya tarixchiligida qachondan o‘rganila boshlangan? U haqda tarqalgan afsonalar qanchalik to‘g‘ri? Quyidagi maqolada “Orlean qizi” haqida tarqalgan sakkiz yolg‘on haqida so‘z yuritamiz.

Kambag‘al cho‘pon qiz

Jannaning otasi yer egasi bo‘lgan, o‘zining uy hayvonlari, to‘rt xonadan iborat toshdan qurilgan shaxsiy uyi bo‘lgan. Janna yotog‘iga ega bo‘lgan. O‘sha paytda bu katta narsa hisoblangan. Bundan tashqari, Jannaning otasi qishloq raisi ham bo‘lgan. Ko‘rganimizdek, u kambag‘al cho‘pon qiz emas, o‘sha paytdagi qishloq oqsuyaklaridan bo‘lgan.

Soxta bokira

Janna d’Ark bokira yoki bokira emasligi borasida bahslar bo‘lgan. Ba’zi ma’lumotlarda uning yoshligida ingliz askarlari tomonidan zo‘rlangani va shundan keyin inglizlarga nisbatan nafrati kuchayib ketgani haqida so‘z boradi. Ba’zi filmlarda ham bu afsonadan foydalanilgan. Ammo Janna d’Ark haqiqatda bokira bo‘lgan. Uning bokiraligi ikki marta tekshirilgan. Birinchisi, 1429-yilda Fransiya qiroli Sharl VII huzuriga tashrif buyurgan paytda bo‘lsa, ikkinchisi Ruanda tergov jarayonida edi. 13 yoshidan boshlab inglizlarni Fransiya tuproqlaridan haydab chiqarmaguncha bokiraligini yo‘qotmaslikka qaror qilgan. Shu sababdan ota-onasi tarafidan taklif qilingan yigitga turmushga chiqishdan bosh tortgan.

Qirolning o‘gay singlisi

Bunday yolg‘on tarqalishiga sabab XIX asr boshlarida ijod qilgan fransuz yozuvchisi Pyer Kaze tomonidan to‘qib chiqarilgan quyidagi ma’lumotdir. Emishki, qirol Sharl VII Jannaga armiyani ishonib topshirishiga sabab ularning o‘gay aka-singil ekani. Janna qirolicha Izabelle de Baviyerning Orlean gersogi, qirol Sharl V ning ukasidan orttirgan g‘ayrimashru qizi. Mahalliy xalqni urushga jalb qilish uchun Janna qirol tomnidan qo‘llab-quvvatlangan, degan qarashni ilgari surgan va mazkur ma’lumot shu paytgacha mavjud faktlarga qarama-qarshi qo‘yib kelinadi. Aslida esa bu shunchaki xayolot mahsulidir.

Inglizlar tomonidan asir olingan

Yosh qahramon inglizlar qo‘liga to‘satdan tushib qolmagan. Uni fransuzlarning o‘zi, inglizlar bilan hamkorlik qilayotganlar ushlab bergan. 1430-yilda Kompyen shahrida burgundiyalik otboqar ushlab oladi va xo‘jayiniga olib boradi. Ligni grafi bo‘lgan xo‘jayini esa Angliya qiroliga 10 ming funt sterling evaziga sotib yuborgan. Shuningdek, uning jazolanishini ham fransuzlarning o‘zi uyushtirgan. Uning ishida qatnashgan yuzlab ekspert va yuristlar ichidan faqatgina yetti nafari inglizlardan bo‘lgan. Aksariyati normandiyalik va parijlik fransuzlar bo‘lgan. Sud ishi esa normandlar va inglizlarga xayrixoh yepiskop Pyer Koshon tomonidan olib borilgan.

Gulxanda kuydirilishidan oldin almashtirilgan

Bu qarashga muvofiq 1431-yilda gulxanda Janna emas, boshqa birov kuydirib yuborilgan. Ammo uni bir zum ham ko‘zdan qochirmagan qo‘riqchilar oldida bu imkonsiz edi. Qizig‘i u qayta tirilgani haqidagi afsonalardir. Ularga ko‘ra Janna doim qaytadan paydo bo‘laveradi. Hatto XV asrning birinchi yarmida Janna dez Armuaz ismli ayol o‘zini Janna d’Ark qilib ko‘rsatib yurgan. Unga o‘xshab kiyinib, qurol-aslaha bilan otda yurgan. Hatto 1439-yilda Orlean xalqi uni olqishlar bilan kutib olgan. Qirol ham uni qabul qilgan. Biroq oxirida xalq oldida sazoyi qilingan. Undan boshqa “Janna”larning taqdiri ham deyarli bir xil yakun topgan.

Muqaddas buyumlari

Odatda unga tegishli ekani aytiladigan buyumlar – qurol-yarog‘, dubulg‘a va qilichni tashkil etadi. Bu buyumlar Janna shaxsi mashhurlashgan XIX asrda xayolot mahsuli sifatida qaytadan yasalgan. Oxirgi paytlarda uning xoki saqlangan deya hisoblangan idish topilgani aytiladi. Ammo idishda miloddan avvalgi VII–III asrlarga tegishli misrlik ayolning mo‘miyolangan jasadi qoldiqlari ekani isbotlangan. Hozircha Janna d’Arkning xoki topilgani fanga ma’lum emas. Chunki Janna tiriklayin yoqib yuborilgan, kuli Sena daryosiga oqizilgan. Gulxan yoqilgan joyni inglizlar tozalab tashlagan.

Jannaning uzugi

2016-yildan buyon Puy du Fou qasrida Jannaga tegishli uzuk saqlanayotgani aytib kelinadi. Bu uzukni unga otasi hadya qilgan. Uzukda “Jesus-Maria” yozuvi tushirilgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida asrovchi tumor vazifasini ham o‘tagani sud ishi hujjatlarida saqlanib qolgan. Ammo uzuk haqiqiymi degan savolga hali-hanuz aniq javob olinmagan. Chunki uzuk XV asrdan XX asrgacha qo‘ldan qo‘lga o‘tib yurgani, shubhasiz. Savolga javob topish uchun esa juda ko‘p ter to‘kishga to‘g‘ri keladi.

Fransiyaning keksa avliyosi

Ko‘pchilik Janna muqaddas avliyo darajasiga ko‘tarilishi tarixini juda uzoqqa taqaydi. Ammo uning muqaddaslashtirilishi XX asrgagina borib taqaladi. 1920-yilda, o‘limidan 500 yil keyin Janna d’Ark Fransiyaning muqaddas avliyolari qatoriga qo‘shilib, muqaddaslashtirilgan. Papa Piy X marosim davomida Fransiya bayrog‘ini quchoqlagancha o‘tirgan. O‘shanda ayni dunyoviylik haqida tinmay gapirilayotgan paytda cherkov Fransiya taqdiri cherkov taqdiri bilan chambarchas bog‘liq ekanini yana bir bor eslatdi.