Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyevga mansubligi ta’kidlanib, audioyozuv tarqatilgani haqida xabar berilgan edi. Audioyozuvda hokimning o‘z qo‘l ostidagilarini haqorat qilgani aks etgan.

Nurshod Xudoyberdiyev.

Foto: Mingbuloq tuman hokimligi

Bosh prokuratura tomonidan ma’lum qilinishicha, 2019-yil 27-dekabr kuni Facebook va Telegram’da tarqatilgan audioyozuvdagi holatlar yuzasidan Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, 2019-yil 9-dekabr kuni soat 10:00 da Mingbuloq tumani Mehnatobod MFY hududidagi “Gigant” muqobil mashina traktor parki saroyida Mingbuloq tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Nurshod Xudoyberdiyev rahbarligida texnika va kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilib, unda tumandagi “Gigant”, “Guliston”, “Gulbog‘-1” MMTP hududlari raislari hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi mavjud fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etgan.

Yig‘ilish davomida tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Nurshod Xudoyberdiyev “Guliston dacha” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi M.Xalilov va boshqa fermer xo‘jaliklari rahbarlarini qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlamayotgani, sustkashlikka yo‘l qo‘yib kelayotgani xususida tanbeh berib, so‘ng haqorat qilgani hamda ularning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganligi aniqlangan.

Tekshirish natijasiga ko‘ra, Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan Nurshod Xudoyberdiyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi bilan ma’muriy huqubuzarlikka doir ish qo‘zgatish haqida qaror qabul qilinib, ma’muriy chora qo‘llash uchun to‘plangan hujjatlar Mingbuloq tumani ma’muriy sudiga yuborilgan.

Mingbuloq tumani ma’muriy sudining 2020-yil 10-yanvardagi qaroriga ko‘ra, Nurshod Xudoyberdiyev Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan qayd etilgan modda bilan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida, ya’ni 4 460 000 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.