Favqulodda vaziyatlar vazirligi 9-yanvar kuni soat 23:17 da Toshkentning Bunyodkor va Furqat ko‘chalari chorrahasi yaqinida BMW va Lacetti avtomobillari ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi haqida rasmiy axborot berdi.

Vazirlik axborotida YTH aynan qanday, kimning aybi bilan yuz bergani haqida malumot berilmagan. Qayd etilishicha, to‘qnashuv oqibatida BMW’ning motor va salon qismida, Lacetti’ning esa salon qismida yong‘in kelib chiqqan.

“Hodisada ikki fuqaro voqea joyida vafot etgan, yana ikki nafari esa turli darajadagi tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan”, — deyiladi FVV axborotida. Qurbonlar aynan qaysi avtomobilda bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.

Foto: Telegram / “Exo Uzbekistana”

FVV axborotida qo‘shimcha qilinishicha, YTH yuzasidan dastlabki tergovoldi tekshiruv ishlari olib borilmoqda.