Farg‘ona shahridagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyi respublikadagi oltita markazdan biri hisoblanadi. Muruvvat uyida 4 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 260 bola tarbiyalanadi. Ularning ichida yotoqdagi, emaklab yuruvchilar, o‘ziga o‘zi yordam ko‘rsatuvchilar bor. Bu yerga bolalar asosan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurdagi tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish agentligi buyrug‘i asosida olinadi.

“Daryo” muxbiri Xonzodabegim A’zamova Farg‘ona shahridagi viloyat bolalar Muruvvat uyiga borib, maxsus reportaj tayyorladi.

Muruvvat uyiga kirib borar ekansiz, birinchi bo‘lib nigohingiz chiroyli bezatilgan archalarga tushadi. Sal narida katta sport maydoni. Yo‘lakdan o‘ngga qayrilsangiz, uch qavatli yaxshigina ta’mirlangan bino ko‘rinadi. Borganimda bayram arafasida bir tashkilot vakillari bolalar uchun bayram sovg‘asi olib kelgan ekan. Muruvvat uyi direktori sovg‘alarni qabul qilish bilan band bo‘lgani uchun dastlab bu yerdagi bolalarni ko‘rish, sharoitlarni bilan tanishish uchun binoga kirdim. Menga Muruvvat uyi direktori o‘rinbosari Nigora Mamatusmonova hamrohlik qildi.

Uning aytishicha, birinchi qavatda bir joyda yotadigan bolalar tarbiyalanar ekan. Asli yoshi 14-15 da, lekin gavdasi 3-4 yashar bolanikidan farq qilmaydi. Biroq meni eng ajablantirgani ularning yuzidan kulgi arimasdi.

Foto: “Daryo”

Masalan, 10 yoshli Xasanboy Hayitov bilan suhbatlashganimda boksga juda qiziqishini, bir necha oy oldin bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev kelib, medalini taqib qo‘yganini xursand bo‘lib aytib berdi. Ayniqsa, Olimpiya chempioni Xasanboy Do‘stmatovga havas qilishini, u bilan jang qilish niyati borligini ham qo‘shimcha qildi. Ketayotganimda zo‘rg‘a gapirayotgan bolakay to‘satdan “Ixlos” surasini o‘qidi va meni duo qildi.

Foto: “Daryo”

Bolakay bilan xayrlashib, yuqoriga ko‘tarildim. Ikkinchi qavat qizlar bo‘limi ekan. Barcha qizlar erkin harakatlanib yuribdi.

Foto: “Daryo”

Qiziq jihati, xonalarni ko‘zdan kechirayotganimda ikki qiz yonimga yugurib kelib, u bilan shashka o‘ynashimni so‘radi. Rozi bo‘lib, besh daqiqacha birga shashka o‘ynadim. Suratlarga tushdik, keyin yana xonalarni aylandik.

Qizlar bilan xayrlashib ketyotganimda ortimdan ulardan biri kelib, “Ilohim baxtli bo‘lgin, qizlaring sog‘-salomat  tug‘ilsin”, deb tilak bildirdi. Uning to‘satdan aytgan bu gaplari meni hayron qoldirdi.

Foto: “Daryo”

Ekskursiya davomida Nigora Mamatusmonova bu yerning shart-sharoiti haqida gapirib berdi.

“Ko‘rib turganingizdek, har bir xonamiz bolalarning ruhiyatiga moslangan holda dizaynlashtirilgan. Eng katta yutug‘imiz, menimcha, bolalarning erkinligi. Hammasi bemalol yuradi, siz bilan suhbatlashadi.

Xalq ta’limiga qarashli imkoniyati cheklangan bolalarni o‘qitish tizimi asosida bolalarga ta’lim beramiz. Bu tizim 4 bosqichdan iborat va juda soddalashtirilgan. Masalan, birinchi va ikkinchi bosqichda olma mevasi haqida gapiradigan bo‘lsa, 3—4-bosqichda mevaning ta’mi, yetishtirilishi haqida batafsil gapirib bera oladigan bo‘ladi.

Asosiy maqsadimiz bolalar o‘ziga o‘zi mustaqil xizmat qila olsin. O‘zi yuvinib kiyinsin, ovqatini yesin. Kimgadir muhtojligi bo‘lmasin.

Foto: “Daryo”

Sababi 18 yoshdan keyin ular boshqa joyga o‘tkaziladi yoki uyga qaytadi. Shunda qiynalmasliklarini xohlaymiz.

Bundan tashqari, ularning qobiliyatini rivojlantirish uchun loyihalar qilyapmiz. Misol uchun, “Biz hech kimdan kam emasmiz” loyihasi doirasida sentabr oyidan boshlab sog‘lom bolalarga qo‘shib ta’lim berishni yo‘lga qo‘ydik. Shahardagi 36, 5-maktablar bilan hamkorlikda birinchi va beshinchi sinf o‘quvchilariga qo‘shib dars o‘tdik. Bu yaxshi natija berdi.

Ular mustaqil yurish, ovqatlanish ko‘nikmalarini o‘zlashtirdi. Avvallari bitta bolani uch odam boshqargan bo‘lsa, hozir bir bolani bir tarbiyachi bemalol boshqara oladi”.

Uchinchi qavatda yigitlar bo‘limi joylashgan ekan. Bu yerda har xil qushlar bor ekan. Bolalar ularni o‘zi parvarish qilar ekan.

Ekskursiyam tugagunga qadar Muruvvat uyi direktori ham men bilan suhbatlashishga vaqt topdi.

Abdug‘ani Turdiboyev — Muruvvat uyi direktori. 2016-yildan beri boshqarib kelmoqda.

Muruvvat uyiga rahbar bo‘lib kelganimdan keyin, ochig‘i, bu yerdagi bolalarni ko‘rib bir oygacha moslasholmaganman. Sababi ta’sirlantiradigan voqealar ko‘p bo‘lgan.

Bir kuni yoshiga to‘lib, 18 yoshdan kattalar uchun mo‘ljallangan Qo‘qondagi Muruvvat uyiga o‘tkazilayotgan qiz oyisiga “Aya, meni uyga olib ketasan-a? Suv tashiyman, supuraman, ovqatingni qiberaman. Faqat meni uyimizga olib ket”, deb yalinyapti. Buni ko‘rib, hazm qilolmaganman.

Qo‘l ostimdagilarga sizlar ham shunga munosib bo‘linglar, ota-onasi omonat topshirdi, mehr beringlar, deyman. Biroq ming mehr berganimiz bilan ota-onaning, oilaning mehridek bo‘lmaydi. Bir kuni bolalarning oldiga kirsam, bittasi “dada (meni shunaqa deb chaqirishadi), uyga tel qilib ber, meni olib ketishsin”, deb aytyapti. Bu yerda sharoit yomonligidanmas, kerak bo‘lsa uyidan yaxshi imkoniyatlar bor. Biroq bola baribir uyiga intilaveradi.

Foto: “Daryo”

Bir kuni qaysidir bayram arafasida tadbir qilgandik. Bir bola chiqmadi. Oldiga borsam, “tadbirga ayam kelmadi”, deb xafa bo‘lib o‘tiribdi. Onasi ikki kun oldin kelib, tadbir kuni qarindoshlarining to‘yi borligini aytib, uzrini aytib ketgandi. Bola tushunmay, bugunam kelishi kerak edi, deb xafa bo‘lib o‘tirdi.

Gohida onasi ko‘rgani kelib, xonaga kirsa, bola asli o‘zi joyidan turolmaydi, lekin bor kuchi bilan tebranadi. Qarang, qanchalar onasini yaxshi ko‘radi. Shuning uchun barcha ota-onalarga iloji bo‘lsa bola uyda bo‘lgani, oila bag‘rida o‘sgani yaxshi deyman. Biroq...

Ota-onalarga ham oson tutib bo‘lmaydi

Ko‘pchilik odam bolasini qanday ko‘zi qiyib tashlab ketadi, deb gapiradi. Lekin ana shu ota-onalarga ham oson tutib bo‘lmaydi. Aksariyat er-xotin bola sababli ajrashib ketgan. Yoki ishlagani Rossiyaga ketgan. Bolani o‘zi bilan olib ketolmaydi. Yonida bo‘lgan taqdirda ham bola bir joyda yotadi, doimiy qarovga muhtoj. Bolasiga qaraydigan bo‘lsa, kim ishlaydi? Uyda o‘tirgan taqdirda ham to‘y-to‘ychiq bor, issiq-sovuq ma’rakalar bor. Bormasa bo‘lmaydi. Bolani yolg‘iz tashlab ketolmaydi-ku. Ayrim ota-onalar bolasini qaynona-qaynotasiga tashlab ketadi. Yoshi o‘tgan odam o‘zi qarovga muhtoj bo‘ladi-ku, bolaga qanday qaraydi?

Qisqa qilib aytganda, ota-onalar ilojsizligidan Muruvvat uyiga murojaat etadi. Ba’zilari bir yoki uch oy o‘tganidan keyin qaytib kelib, bolam yonimda bo‘lgani yaxshi ekan, deb olib ketadi. Biroq bolasini Muruvvat uyiga berganlardan keyin doimiy xabar oladiganlar ham, afsuski, bir marta xabar olmaydiganlar ham bor.

Statistikani olib qaraganda, 2018-yilda 250 o‘rin edi. 2019-yilda esa 260 ta bola tarbiyalanyapti. Afsuski, ularning soni ortib boryapti. Hozirgi kunda navbatda turgan yetti bola bor. Qachon joy bo‘shasa, bu yerga olib kelinadi.

Foto: “Daryo”

Nega bolalar nogiron tug‘iladi?

Odamlar bu yerdagilar giyohvandlarning bolalarimi, deb savol beradi. Yo‘q, faqat ularninggina bolalari bunaqa tug‘ilmaydi. Avvalo, hammasi Allohdan. Buning kelib chiqish sabablari ko‘p.

Homiladorlikni, tug‘ruqni asoratli o‘tkazgan bo‘lsa ham shunaqa bo‘lishi mumkin. Yaxshiyamki hozir odamlarimiz o‘zgaryapti. Kattalar qarindoshlar bilan quda bo‘lmaslikni, erkaklarimiz homilador ayoliga yaxshi munosabatda bo‘lish kerakligini tushunib yetyapti.

Xolis niyatda gap katta

Hali to‘yga puli bo‘lmasa ham Xudo xohlasa kuzda to‘y qilaman, qizimni chiqaraman deb niyat qiladiganlar bor. Kimga berishini, to‘yga pulni qayerdan olishini xayoliga keltirmaydi. Lekin o‘sha paytga kelib, kuyov ham topiladi, qizining sepiniyam qiladi. To‘y bo‘ladi. Xullas, inson xolis niyat qilsa, Alloh unga yetishtiraveradi.

Foto: “Daryo”

Men ham 2018-yilda respublika miqyosida “Eng yaxshi Muruvvat uyi” degan nomni olish va chet ellik mehmonlarni olib kelishni niyat qilgandim. Xudoga shukr, 2018-yilda shu nominatsiyada taqdirlandik. Amerika elchisi kelib, bolalarning holidan xabar olib ketdi. Koreyadan ham yuqori lavozimdagi insonlar tashrif buyurib, bolalarimizga ko‘plab sovg‘a-salom berib ketdi. Niyatlarim ortig‘i bilan amalga oshdi.

Hech bir bolaning hayotiga befarq emasmiz

Har yili xodimlar orasida turli tanlovlar tashkillashtiryapmiz. Ularni “Eng yaxshi enaga”, “Eng yaxshi hamshira”, “Eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng pokiza xona” kabi nominatsiyalarda taqdirlaymiz.

Xodimlarimga ming rahmat aytaman. Hammasi o‘zini bolasiday munosabatda bo‘ladi. Bittasining ota-onasi kelmadi, yig‘layaptimi, oldimga kirib aytishadi. Bir kungami, bir soatgami ruxsat bering, uyga olib ketay, bolalarim bilan o‘ynab kelardi, deydi. Rozi bo‘laman, olib ketishadi.

Foto: “Daryo”

Bundan tashqari, maktablar bilan ham aloqani yo‘lga qo‘yganmiz. Bolalarimiz maktabga borganidan beri juda yaxshi tomonga o‘zgaryapti. Jamoaga qo‘shilishni, darsda jim o‘tirishni o‘rganishdi. Keyin birga bozorga ham olib chiqamiz. Aslida xarajati kerak emas. Lekin biron nima olgandan keyin unga pul to‘lash kerakligini, xarid qilishni bilishadi.

Bola o‘ziga o‘zi birinchi yordamni ko‘rsata oladigan bo‘lsa, masalan, tugmasini qadasa, o‘zi kiyinsa, o‘zi ichgan piyolani yuvib qo‘yadigan bo‘lsa, ziyoni tegmaydigan bo‘lsa, ota-onasi uyga olib ketadi. Tarbiyachilarimga shuni o‘rgatinglar, har yili 10-15 ta bolani uyiga jo‘natayotgan bo‘lsak, endi 50 tacha bolani davolab uyiga jo‘nataylik, deb topshiriq beraman.

Kunduzgi bo‘limimiz ham bor. Unda 10 tacha bola tarbiyalanadi. Har kuni ota-onasi 9:00 da olib kelib, 18:00 da olib ketishadi. Ularga kerakli barcha muolajalar qilinadi.

Bolalar nuqsonli tug‘ilsa bo‘ldi, endi ular shunday qoladi. Bu ularni tashlab qo‘yish kerak, degani emas. Tibbiyot tobora rivojlanib boryapti. Qisqa qilib aytganda, barchamiz mehrimiz, e’tiborimiz bilan ularning hayotiga rang berishga harakat qilyapmiz.

Suhbat yakunlanganidan keyin ular bilan xayrlashdim. Yo‘l bo‘yi ko‘rganlarimni mulohaza qilib bordim. Bu yerdagi ikki soatlik muloqot menga sihat-salomatlik, oila davrasida bo‘lish inson uchun eng katta baxt ekanligini yana bir bor eslatib qo‘ydi. Shukronalik hislari bilan Muruvvat uyini tark etdim.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.