Bundan qirq yil oldin – 1979-yil 7-yanvarda qo‘shni Vyetnam harbiy kuchlari Kambodja poytaxti Pnompenga kirib keldi. Ismi tarixda hamisha “qonli rejim” iborasi bilan birgalikda ishlatilgan, XX asrning eng dahshatli rahbarlaridan biri bo‘lgan Pol Pot ag‘darildi. “Daryo”ning tarix ruknida bu safar eng qo‘rqinchli kommunistik rejimlardan birining qo‘shni Vyetnam bilan tushunarsiz adovati haqida hikoya qilamiz.

Ittifoqdoshdan dushmangacha

Aslida Kambodja Vyetnam bilan urushni mamlakatda Pol Pot boshchiligidagi “qizil kxmerlar” hokimiyatga kelganidan keyinoq boshlagan edi. Bir qarashda ikki davlat o‘rtasida bunday jiddiy qarama-qarshilik uchun hech qanday sabab yo‘q edi, chunki “qizil kxmerlar” ham, Vyetnam hukumati ham marksizm-leninizm g‘oyalariga asoslangan va o‘zini kommunist deb e’lon qilgan edi. Bundan tashqari, 70-yillarning boshlarida Shimoliy Vyetnam “qizil kxmerlar”ning eng yaqin ittifoqchilaridan biri sifatida Amerika tarafdori bo‘lgan Kambodja hukumatiga qarshi partizanlik urushini olib borgan. Vyetnam armiyasi “qizil kxmer” jangarilarini qurollantirib, o‘qitgan.

Pol Pot.

Foto: Wikipedia

Shu bilan birga, ilgari Kampuchiya kommunistik partiyasi deb atalgan Kambodja xalq inqilobiy partiyasining ichida ham har xil oqimlar – vyetnamparast, xitoyparast va ultraradikallar o‘rtasida kurash davom etdi. Aynan shu so‘nggi tilga olingan oqimni keyinchalik Pol Pot (fransuzcha politique potentielle – “imkoniyat siyosati” iborasining qisqartmasi) nomi bilan mashhur bo‘lgan Salot Sar boshqargan.

Radikallar 60-yillarning boshlarida o‘zining asosiy raqibi bo‘lgan vyetnamparast fraksiyasini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi. 70-yillarning boshlariga kelib Kampuchiya kommunistik partiyasining bosh kotibi etib saylangan Pol Pot allaqachon Kambodja inqilobiy harakatining eng ta’sirchan namoyandasi bo‘lib ulgurgan edi.

Kommunizm va natsizmdan yaralgan “qizil kxmerlar”

Shu yerda eslatib o‘tish joiz, Pol Pot klassik kommunist emas edi. U kommunistik mafkura postulatlarini kxmer millatchiligi bilan birlashtirgan, mamlakatda yashayotgan kxmer bo‘lmagan millatlarga qarshi keskin qarashlarga ega edi. Vyetnam qiyofasida Pol Pot tezda dushmanning ideal qiyofasini topdi va uni astoydil ishlatishni boshladi. Lon Nol rejimiga qarshi kurashda vyetnamliklar kxmerlarga jiddiy siyosiy va harbiy yordam bergan bo‘lishiga qaramay Pol Pot Vyetnamni Kampuchiyaning asosiy tarixiy dushmani deb e’lon qildi. “Qizil kxmerlar” hokimiyat tepasiga kelganidan keyin darhol amalga oshirilgan etnik tozalash siyosati birinchi navbatda musulmon ozchilik – tyamlarga hamda mamlakatda istiqomat qiluvchi ko‘p sonli vyetnamliklarga qaratildi.

Genotsid qurbonlari.

Foto: Wikipedia

Pol Pot siyosati oqibatida nafaqat milliy ozchiliklar yo‘q qilindi. Kxmerlarning o‘zi ham dahshatli qatag‘onga uchradi. Avvalo, siyosiy qarashi farq qiluvchi odamlar hibsga olindi va yo‘q qilindi. Qiynoqlar eng vahshiy uslublarda amalga oshirilar ediki, tirik qolganlar buni dahshat bilan eslaydi. Odamni chumoli to‘la qopga solish, tirnoq orasiga igna suqib, ignaga qog‘oz yopishtirib, ventilyatorda havo berish, tiriklay teri shilish, qoshiq bilan ko‘zni o‘yib olish – bu Kampuchiyada amalda bo‘lgan qiynoq turlarining bir qismi xolos.

Shahar madaniyati burjua elementi deb e’lon qilinib, yo‘q qilindi. Shahar aholisi deportatsiya qilindi, qirib tashlandi, qishloqlarga ko‘chirildi. Shaharlik ayollar “ma’naviyatsizlik”da ayblanib yoppasiga qirg‘in qilindi. Fohishalikda ayblangan ayollarning ko‘kraklari kesib tashlandi.

Mamlakatda fan, ta’lim, madaniyat ortiqcha deb topildi. Maktablar yo‘q qilindi, o‘quvchilar qurollantirildi, o‘qituvchilar qatag‘on qilindi.

Qurolli o‘quvchilar.

Foto: Wikipedia

Butun aholi qo‘rquv sharoitida yashardi. Mamlakatda o‘lim topish juda oson va odatiy ish edi – har kuni yuzlab, minglab odamlar sababsiz o‘ldirilardi. Hatto G‘arb vakillari ham xavfsizlikda emasdi – diktatorga yoqmagan chet ellik jurnalistlar, diplomatlar, tijoratchilar mehmonxonalarda so‘yib ketilishi odatiy holat edi.

Shu tariqa qisqa hukmronligi davrida Pol Pot 3 million odamni, ya’ni mamlakat aholisining uchdan birini yo‘q qildi.

Vyetnam qiyofasidagi “tarixiy dushman”

Partiya apparati va butun Kambodja jamiyati muntazam ravishda Vyetnam elementlaridan “tozalanadi”. “Vyetnamga ishlagan”likda ayblanganlarning ko‘pchiligi aslida Vyetnamga mutlaqo aloqador emasdi. Ammo bu ularning Vyetnam josuslari sifatida fosh etilishiga to‘sqinlik qilmadi va shunga ko‘ra soxta ayblovlar bo‘yicha qatl etildi.

Vyetnamga qarshi turish uchun Kambodja butun bir mafkuraviy asosni yaratdi. Vyetnamliklar kxmer kollektivizmiga qarshi turuvchi “individualist odamlar” deb e’lon qilindi. Ko‘plab kxmerlar hech qachon vyetnamlarni ko‘rmagan bo‘lsa ham, tashviqot ta’siri ostida ularni chin dildan dushman sifatida qabul qila boshladi. Shunday qilib, Pol Pot asosiy maqsadlaridan biriga erishdi – u atrofiga eng chekka qishloqlardan eng savodsiz va qashshoq qatlamlarni yig‘di.

Genotsid qurbonlari.

Foto: Wikipedia

Bundan tashqari, Kampuchiyaning Vyetnamga qarshi hududiy da’volari ham bor edi. Gap shundaki, Vyetnamda etnik kxmerlar va tog‘lik kxmer qabilalari istiqomat qiladigan juda katta hududlar bo‘lgan. Pol Pot va uning eng yaqin sherigi, mudofaa vaziri Son Sen doimiy ravishda Kampuchiya Vyetnam bosib olgan hududlar ustidan nazoratni tiklashi kerakligini ta’kidlardi. Chunki “qizil kxmerlar” bir vaqtlar mavjud bo‘lgan kuchli Kxmer imperiyasining qayta tiklanishi haqida orzu qilar edi. Bu imperiya nafaqat Kampuchiya, balki Vyetnam, Laos va Tailandni ham o‘z ichiga olgan.

Xitoy ta’sir doirasi

Pol Pot va uning sheriklari Vyetnamga qarshi tashviqotni boshlaganida ularning “xalqni qo‘zg‘atish uchun dushman qidirish” istagidan boshqa rejalari ham bor edi. Gap shundaki, janubi-sharqiy Osiyoda sovet siyosiy va mafkuraviy ta’sirining asosiy o‘tkazuvchisi Vyetnam bo‘lgan. O‘z navbatida, qo‘shni Laos va Laos kommunistlari Vyetnamning ta’siri ostida edi, ammo Birma, Tailand, Malayziya, Filippin va Kambodjada kommunistik partiyalar Xitoy bilan hamkorlikka e’tibor qaratardi. Shu sababli Vyetnamni keskin tanqid qilish asnosida Pol Pot Xitoy ko‘rsatayotgan yordam ko‘payishiga umid qilardi. Shuningdek, Vyetnamga qarshi jazavadan Xitoy manfaatdor edi, chunki Xitoy uchun janubi-sharqiy Osiyodagi Sovet Ittifoqi ta’sirini zaiflashtirish juda muhim edi.

Deportatsiya.

Foto: Wikipedia

“Qizil kxmerlar” Vyetnam ustidan g‘alabaga erishish yo‘lida bizga Pekin harbiy yordam beradi deb umid qildi. Bu ishonch Kambodjada xitoylik harbiy maslahatchilar mavjud bo‘lgani bilan mustahkamlanadi. Ularning soni bir necha ming kishiga yetgan edi. Shu sababli 1977-yilda “qizil kxmerlar” Vyetnamning chegara postlariga muntazam hujumlar uyushtira boshladi. O‘z navbatida, rasmiy tashviqot, aksincha, Vyetnam Kambodja chegarasiga hujum qilayotganini da’vo qilardi. Vyetnam rahbariyati chegaradagi vaziyat bo‘yicha muzokara qilish taklifi bilan Kampuchiya rahbariyatiga murojaat qilganida “qizil kxmerlar” rahbarlari rasmiy Xanoydan biroz kutishni iltimos qildi.

Aslida Vyetnam bilan yarashish haqida gap bo‘lishi ham mumkin emasdi. Pol Pot va uning atrofidagilarning Vyetnamga va sovetlarga qarshi pozitsiyasi tobora aniq bo‘lib boraverdi. Shu bilan birga, doimo siyosiy donoligi bilan ajralib turadigan Xitoy ham juda puxta o‘ylangan siyosat olib bordi va Kampuchiyaning tajovuzkor harakatlaridan uzoqlashdi.

Kampuchiya – Vyetnam urushi

1977-yil 31-dekabrda Demokratik Kampuchiya Vyetnam qurolli tajovuz amalga oshirayotganini rasman e’lon qildi. 1978-yil 18-aprelda kxmerlarning katta qurolli bo‘linmasi Vyetnamning Anzyang provinsiyasida joylashgan Batuk qishlog‘iga hujum qildi. Kxmerlar qirg‘ini natijasida 3 157 tinch aholi vakillari, shu jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘ldi. Qishloq aholisi ichidan faqat ikki vyetnamlik qochishga muvaffaq bo‘lgan xolos. Tabiiyki, Vyetnam Kambodjaning bunday tajovuziga javob bermasligi mumkin emasdi. Vyetnam xalq armiyasi qo‘mondonligi Kambodjaga qarshi qurolli operatsiya o‘tkazishni rejalashtira boshladi.

Genotsid qurbonlari.

Foto: Wikipedia

Ammo Kambodjaga bostirib kirish tajovuzkorlikka o‘xshamasligi uchun Vyetnamdagi kxmer aholisining hech bo‘lmaganda bir qismining qo‘llab-quvvatlashi kerak edi. Vyetnam rahbariyati Pol Potga qarshi bo‘lgan va uning siyosatini tanqid qilgan bir necha eski Kambodja inqilobchilariga murojaat qildi. 1978-yil may oyida Pol Potga qarshi isyon ko‘targan sharqiy ma’muriy hudud rahbari So Pxim bilan ham aloqalar o‘rnatildi. Ammo Vyetnamning So Pximdan umidi ro‘yobga chiqmadi – “qizil kxmerlar” isyonchilarni shafqatsizlarcha yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi, So Pxim janglarda halok bo‘ldi.

Keyin esa Vyetnam yana bir “qizil kxmer” rahbarlaridan biri – Xeng Samringa ishonch bildirdi. 1978-yil may oyida u ham Pol Potga qarshi isyon ko‘tardi, ammo uning qo‘shinlari ham mag‘lubiyatga uchradi.

Biroq 1978-yil 2-dekabrda “Kambodja birlashgan fronti” tuzildi va unga Xeng Samrin rais etib saylandi. Vyetnam xalq armiyasi esa Kambodjani bosib olishga tayyorgarlik ko‘rishni boshladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, Xitoyning yordami va Pol Potning qat’iyatli safarbarlik siyosatiga qaramay, “qizil kxmerlar”ning qurolli kuchlari qurol-yaroq va harbiy texnika, shuningdek, kadrlar tayyorlash va ta’minot sifati bo‘yicha Vyetnam armiyasidan ancha ortda edi. Pol Pot otryadlarida jangarilarning muhim qismini o‘smirlar va 10–12 yoshli bolalar tashkil qilar edi. Ular Vyetnam harbiylari bilan raqobatlasha olmasdi.

Bundan tashqari, “qizil kxmerlar”ning hamma qo‘mondonlari ham Pol Pot uchun kurashishni xohlamas edi. Xanoydagilar aynan shu tufayli “qizil kxmerlar”ni ag‘darish qandaydir super vazifa emasligini yaxshi tushunishardi. Xitoyning aralashuvi darhol istisno qilindi, chunki Pekindagilar “qizil kxmerlar”ni qo‘llab-quvvatlasa-da, bundan xursand emasdi. Umuman olganda, 70-yillarning oxiriga kelib Xitoy siyosiy yo‘nalishini o‘zgartira boshladi. Pol Pot kabi yoqimsiz shaxslarni qo‘llab-quvvatlash endi Xitoy rahbariyatining rejalariga kirmasdi.

1978-yil 25-dekabrda Vyetnam xalq armiyasining zirhli va motorli bo‘linmalari Kambodja chegarasi sari yo‘lga chiqdi. Operatsiyada VXAning 14 ta diviziyasi qatnashdi. Ular Kambodja hududiga tezda bostirib kirdi va keyingi hujumlarni boshlash uchun muhim pozitsiyalarni egallab oldi. Vyetnam bilan chegarada joylashgan Kambodja armiyasi bo‘linmalari VXAga nisbatan keng miqyosli qarshilik ko‘rsata olmadi. Vyetnam armiyasi bir necha kun ichida mamlakat poytaxti Pnompenga yaqinlashdi.

Bunday vaziyatda “qizil kxmerlar” rahbariyati faqatgina “Vyetnam bosqinchilari” tez kunlarda mag‘lub bo‘lishini da’vo qiluvchi rasmiy tashviqot tarmog‘ini davom ettira oldi xolos. 1979-yil 1-yanvarda “qizil kxmerlar” va Vyetnam xalq armiyasi o‘rtasidagi janglar Pnompen ostonasida kechdi. 5-yanvarda o‘z pozitsiyasining achinarli holatini anglagan Pol Pot Kambodja aholisini “Sovet harbiy tajovuzini” qaytarishga chaqirdi. Tabiiyki, Sovet Ittifoqining Kambodjaga bostirib kirishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas edi, ammo Pol Pot bu so‘zlar bilan kxmerlarga yordam berish uchun Xitoy yoki AQShni jalb qilmoqchi edi. Ammo Pekinda va ayniqsa Vashingtonda hech kim Pol Potning bu so‘zlarini jiddiy qabul qilmadi.

Ma’lum bo‘lishicha, Xitoyni Pol Pot va uning “qizil kxmerlar”i faqatgina janubi-sharqiy Osiyoda sovet va Vyetnam ta’siriga qarshi turish nuqtai nazaridan qiziqtirgan xolos, ular Pol Potga yordam berish uchun armiya yuborish niyatida emasdi. Pol Pot Kambodjada Xitoy ishonishi mumkin bo‘lgan yagona siyosatchi ham emasdi. Bundan tashqari, Xitoy Pol Pot rejimining jirkanch ishlari tufayli uni o‘z ta’sir doirasining mintaqadagi yo‘lboshchisi sifatida ko‘rmay qo‘ygan edi.

Shahar aholisi qishloqqa majburiy ko‘chirilmoqda.

Foto: Wikipedia

Sovet Ittifoqi va Vyetnamda Kambodjadagi janglar “qonli Pol Pot rejimiga qarshi” xalq qo‘zg‘oloni sifatida ko‘rilgan. Shuning uchun Vyetnam qo‘shinlari 1979-yil 7-yanvar kuni ertalab Pnompenga kirib kelganida butun dunyoga Kambodja poytaxti Vyetnam xalq armiyasi ko‘magi bilan Birlashgan Kampuchiya milliy qutqarish fronti tomonidan ozod qilingani ma’lum qilindi. Vyetnam qo‘mondonligi rasmiy ravishda hokimiyatni ushbu front raisi Xeng Samringa topshirdi.

Yakun

Pol Potga keladigan bo‘lsak, u Vyetnam qo‘shinlari Pnompenga bostirib kirishidan bir necha soat oldin shaxsiy qo‘riqchilari va bir necha sherigi bilan poytaxtni tark etdi. “Qizil kxmerlar” o‘z rahbarini vertolyot yordamida mamlakat g‘arbiy tomoniga – unga sodiq qolgan qismlar boshqaradigan joylarga evakuatsiya qildi. Shu bilan birga, Pol Pot qochib ketganidan uch kun o‘tgach, 10-yanvarda Pnompenda Kambodja Xalq Respublikasi (KXR) e’lon qilindi. Yangi hukumatning barcha tuzilmalari va KXR qurolli kuchlari mamlakatda hukmron tartibsizliklar muhitida noldan yaratilishi kerak edi.

Shu sababli Kambodja hududida Vyetnam xalq armiyasining bo‘linmalari saqlanib qolindi. Parallel siyosiy tuzilma sifatida esa vyetnamparast Kambodja kommunistik partiyasi shakllantirildi, uni Xanoy rasman tan oldi va qo‘llab-quvvatladi. Vyetnam nafaqat yangi hukumatni kuch bilan ta’minladi, balki Kambodjaga ko‘plab muhandislik, ma’muriy va tibbiyot xodimlarini yuborib, har tomonlama yordam ko‘rsatdi.

Pol Pot va uning sheriklari yangi hukumatga qarshi fuqarolar urushini davom ettirdi, ammo bu muvaffaqiyat qozonmadi. Mamlakatning ayrim hududlari “qizil kxmerlar” nazorati ostida bo‘lishiga qaramay, 1990-yillarda ularning ta’siri pasayib, oxir-oqibat zaiflashdi, chunki ular Xitoyga ham, G‘arbga ham kerak bo‘lmay qoldi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra Pol Pot 1998-yil 15-aprelda yurak yetishmovchiligidan vafot etdi. Ammo keyinchalik o‘tkazilgan tibbiy ekspertiza u zaharlanish natijasida o‘lim topganini ko‘rsatdi. O‘z hukmronligi davrida 3 million insonning yostig‘ini quritgan, diktatorlarga boy bo‘lgan XX asrning eng zolim hukmdorlaridan biri Pol Pot shunday o‘lim topdi.

Nurbek Alimov

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.