Eronning yuqori jangovar tayyorgarlikka ega harbiy-siyosiy tuzilmasi hisoblangan Islomiy inqilob muhofizlari korpusi (IIMK) Tehron yaqinida qulagan Ukraina “Boing”i halokati uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda IIMK harbiy havo kuchlari va harbiy kosmik kuchlari qo‘mondoni, brigada generali Amir-Ali Hojizoda ma’lum qildi.

“Bo‘lgan voqea uchun biz to‘liq javobgarmiz va, hukumat qanday qaror qabul qilishidan qat’i nazar, biz unga bo‘ysunamiz”, — dedi Hojizoda. Hojizodaning ma’lum qilishicha, Eron havo hujumidan mudofaa tizimi yo‘lovchi samolyotini qanotli raketa deb qabul qilgan.

Amir-Ali Hojizodaning qayd etishicha, Eron havo hujumidan mudofaa tizimi operatori qo‘mondonlik bilan bog‘lana olmay, dushman uchog‘i sifatida qabul qilgani uchun Ukraina samolyotiga qarata raketa uchirishga qaror qilgan.

“Yo xalal berish tizimi ishlab ketgan, yoki tarmoq band bo‘lgan, lekin u qo‘mondonlik bilan bog‘lana olmagan. U atigi besh soniya ichida qaror qabul qilishi kerak bo‘lgan. Afsuski, u noto‘g‘ri qaror qabul qilgan va nishonga qarata raketa uchirgan”, — dedi Hojizoda.

Hojizodaning qo‘shimcha qilishicha, Eron harbiylari Iroqdagi Amerika bazalariga raketa zarbalari berilayotgan vaqtda aviaqatnovlarni to‘xtatib turishni so‘ragan, biroq bu talab bajarilmagan.

Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi “Ukraina xalqaro avialiniyalari”ning Tehron yaqinida qulagan samolyoti Eronning havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi bilan urib tushirilganini 11-yanvar kuni tan olgan edi.