AQShning Florida shtati sohillari yaqinida baliqchi Jeyson Boyll odam bo‘yi keladigan 159 kilogrammli baliq tutdi. Bu haqda UPI portali xabar berdi.

Foto: UPI

O‘tgan yil 31-dekabr kuni Boyll Instagram’dagi akkauntida Hyporthodus nigritus turiga mansub ulkan gruper balig‘i fotolarini joyladi va ularga “2019-yilning ajoyib yakuni”, deya izoh qoldirdi.

Florida yovvoyi tabiat va baliq xo‘jaligi tadqiqot instituti ekspertlarining bildirishicha, gruper o‘tgan yil 29-dekabrda 180 metr chuqurlikda qarmoqqa ilingan. U kamida 50 yoshni qarshilagani aytilmoqda.

Ma’lumot uchun, gruper balig‘ining uzunligi 2,8 metr, og‘irligi esa 360 kilogrammga yetishi mumkin. Qirilib ketish xavfi ostida bo‘lgani uchun gruperlarni tutish taqiqlangan.