Demokratlar partiyasidan AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘ygan milliarder Maykl Blumberg saylov poygalari uchun milliard dollar sarflashga tayyorligini ma’lum qildi, deb xabar beradi The New York Times.

Foto: AP

Blumbergning ma’lum qilishicha, u Demokratlar partiyasi nomidan nomzodi ko‘rsatilmasa ham o‘zining shaxsiy mablag‘laridan milliard dollar ajratishga tayyor. Bu holda u pullarni o‘zining demokrat raqibini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiradi.

Avvalroq Blumbergning saylovoldi shtabi vakili Kevin Shiki NBC News’ga bergan intervyusida Blumberg “demokratlardan nomzod bo‘lishga yoki demokratlardan ko‘rsatilgan nomzodning asosiy homiysiga” aylanishga tayyorligini ma’lum qilgandi. “U Trampni Oq uydan quvib chiqarmoqchi”, — deydi Shiki.

O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra Demokratlar partiyasidan eng mashhur nomzod — AQSh sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden va senator Berni Sanders. Maykl Blumberg beshinchi pog‘onadan o‘rin olgan.

Blumberg 2002—2013-yillarda Nyu-York meri bo‘lgan. Shuningdek, u xayriya faoliyati bilan ham tanilgan. Biznesmenning boyligi 58 milliard dollarga baholanadi.