O‘zbekiston futboli tarixidagi eng taniqli futbolchilardan biri, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov 20-Tolariq saylov okrugidan xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatligiga saylangani haqida avval xabar berilgan edi.

Mirjalol Qosimov.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Toshkent shahar kengashi yangi tarkibining 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan birinchi sessiyasidan so‘ng “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimovga bergan qisqa intervyusida, Mirjalol Qosimov yoshlarning internetga bog‘lanib qolishi ularning salomatligiga salbiy ta’siri qilishi mumkinligini ta’kidladi.

Avvalo futbol va boshqa sport turlarini rivojlantirishga e’tibor qaratamiz. Chunki aholining sportga qiziqishi juda past. Shuning uchun, sportni targ‘ibotini kuchaytirish va sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratishga, eng asosiysi, yoshlarni sportga jalb qilishga e’tibor qaratamiz.

Yoshlarni sportga jalb qilishda, qaysidir ma’noda, 10 yilni yo‘qotdik. Ko‘pchilik internetga bog‘lanib qoldi. To‘g‘ri, internetning foydali tomonlari ko‘p. Lekin mobil qurilmalarga mukkasidan ketishning sog‘liqqa, ayniqsa ko‘rish qobiliyatiga ziyoni ham bor. Masalan, aksariyat bolalar 16—17 yoshga to‘lmasidan ko‘zoynak taqishni boshlayapti.

Shuning uchun, deputatlik faoliyatimizda asosiy e’tiborni sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratmoqchimiz.

Mirjalol Qosimov, futbol murabbiyi, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati